Propiskani og‘zaki buyruq bilan rad qilishsa, qanday yo‘l tutmoq kerak?

O‘zbekiston 08:40 / 15.04.2019 41920

Maqolani o‘zimning o‘ta shaxsiy fikrim bilan boshlamoqchiman: rahbarlarning og‘zaki buyruqlari yozma qonunlardan ustun bo‘lgan jamiyatda rivojlanish bo‘lmaydi. IMXO.

KIRISh

Aholining huquqiy ongi haqida ko‘p gapiriladi. Nimaga? Chunki amaliyotda barcha ijrochilar ham qonun-qoidalarni yaxshi bilmasligi yoki bila turib amal qilmasligi mumkin. Mana shunday paytlarda huquqiy ongi yuqori bo‘lgan insonlar orqali bu kabi boshboshdoqliklarga chek qo‘yiladi.

Huquqiy ongi yuqori inson deganda, albatta yuristlar yoki huquqiy ma'lumotga ega boshqa fuqarolar tushunilmaydi. Shunchaki o‘z haqqini talab qilishni bilgan, bundan uyalmaydigan, aksincha o‘z huquqi uchun qonuniy usullarni qo‘llashga tayyor bo‘lgan shaxslar tushuniladi.

Masalan, bir davlat idorasiga bordingiz va qonuniy huquqingizni talab qildingiz. Lekin davlat idorasi xodimi «Buni qilib bera olmayman, tepadan og‘zaki topshiriq bo‘lgan», deya javob berdi. Xo‘sh, Siz shunday vaziyatda nima qilasiz? Jimgina qaytib ketsangiz, unda Sizning huquqiy ongingiz yetarli deyishga ikkilanamiz. Chunki aslida qonuniy huquqlari asossiz rad etilgan fuqarolar kamida bunga izoh talab qilishlari shart. Savol berishni o‘rganishimiz kerak: Nimaga qilib bera olmaysiz? Kim topshiriq berdi? Nima asosga ko‘ra topshiriq beradi? Bunaqa topshiriq berishga haqqi bormi? va h.k.

Bu eng sodda usuli. Ushbu maqolada davlat organlari “yuqoridan” beriladigan og‘zaki topshiriqlar tufayli qonunda belgilangan MAJBURIYaTINI bajarishni rad qilsa, qonun doirasida qanday yo‘l tutish kerakligi haqida ma'lumot beramiz.

Garchi quyida keltiradigan misollarimiz propiska haqida bo‘lsa ham, lekin unda berilayotgan taklif va maslahatlarni istalgan shunga o‘xshash vaziyatda bemalol qo‘llash mumkin. Qaysi masala, qaysi soha bo‘lmasin, noqonuniy qarorlarga qarshi ana shunday kurashsak, bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lar edi. Qani, ketdik bo‘lmasa.

MUAMMO NIMADA?

Toshkentda propiskasi bo‘lmagan shaxslar ham istalgan narxdagi yangi uylardan birini sotib olsa (EKIH 2500 baravari degan cheklov bekor bo‘lgan), 1-band bo‘yicha propiskaga kirishi belgilangandan so‘ng, shu mavzuga bag‘ishlab «Propiska bo‘yicha layfxak» degan maqola yozgan edim.

O‘sha maqolada yangi uylarni bir kishi emas, bir necha kishi pul qo‘shib, sotib olsa ham, o‘sha bir necha kishining barchasi 1-band bilan propiskaga kirish huquqiga egaligi to‘g‘risida ma'lumot bergandim.

Shundan so‘ng, haqiqatda ko‘plab yurtdoshlarimiz umumiy mulk sotib olib, barchalari propiskaga kirib olishdi. Ammo xalqqa «g‘amxo‘r» mutasaddilar bunga chiday olishmadi va ikkita yurish qilishdi:

Birinchidan, og‘zaki buyruq bilan umumiy mulk sotib olganlarni propiskaga kiritishni to‘xtatib qo‘yishdi. Xalq tilida “pasport stol” deb aytiladigan idora vakillari propiska ilinjida kelgan fuqarolarga rad javobini berishmoqda va kutib turishlarini ta'kidlashmoqda.

Ikkinchidan, 2 yoki undan ortiq shaxs tomonidan umumiy mulk huquqi asosida uy sotib olingan taqdirda, ularning har biri davlat boji to‘lashi kerakligi haqidagi qaror loyihasi e'lon qilindi. Ammo keskin tanqidlardan so‘ng, bu loyiha portaldan o‘chirib tashlandi.

Ikkinchi muammo vaqtincha bartaraf bo‘lgandek go‘yo. Ammo birinchisi haliyam aktual bo‘lib turibdi.

Bunday vaziyatda bir necha kishi qo‘shilib, yangi uy sotib olgan, lekin propiskaga kira olmayotgan fuqarolarga quyidagi harakatlarni amalga oshirishni tavsiya etamiz.

1-QADAM: RAHBAR NIMA DeSA-ShU

Ba'zan eng pastki bo‘g‘indagi ijrochilar qonunni tushunib-tushunmay rad qilishadi. Asos so‘rasangiz ko‘rsatib bera olmaydi, lekin qaysarlik bilan “yo‘q” deb turaveradi. Bunday holatda o‘sha tashkilot rahbarining qabuliga kirish hamda vaziyatni tushuntirish foyda beradi. Ortiqcha qog‘ozbozlikka hojat qolmaydi. Masalan, men duch kelgan ko‘p muammolar shunday hal bo‘lgan.

Siz ham pasport stol xodimi rad qilgandan so‘ng, albatta tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘iga uchrashing, vaziyatni tushuntiring va undan tushuntirish talab qiling.

Sarflanadigan muddat: 3-4 soat

2-QADAM: XATGA TUShDING, O‘TGA TUShDING

Katta ehtimol bilan aytaman, birinchi qadamdan hech qanday naf chiqmaydi, chunki bu masalani hal qilish quyi bo‘g‘indagi rahbar qo‘lida emas. Bu “yuqoridan” berilgan umumiy ko‘rsatma.

Unutmang, bunday vaziyatlarda og‘zaki suhbatlar Sizga deyarli yordam bera olmaydi. Garchi qonun bo‘yicha og‘zaki murojaatlar ham yozmasiga tenglashtirilgan bo‘lsa-da, lekin inson zoti shunaqa - aytadi ham, qaytadi ham. Uning gapini isbotlash qiyin bo‘ladi. Shu sababli davlat idorasi xodimi bilan og‘zaki suhbatlarga ishonib qolmang. Albatta yozma ariza bering.

Qarshisida turgan fuqaroga og‘ziga kelgan gap bilan yolg‘on gapirish yoki noqonuniy rad qilish juda oson, lekin unga rasmiy xat orqali javob qaytarish birmuncha qiyin. Murojaatlarga javob qaytarishda noqonuniy asoslarni yozishga uncha-munchasining yuragi betlamaydi, chunki ertaga buning javobi bo‘lishini yaxshi bilishadi.

Shunga ko‘ra, agar pasport stollar umumiy mulk asosida sotib olingan yangi uylarga bir necha kishini propiskaga kiritishni og‘zaki rad qilayotgan bo‘lsa, unda Siz rasman murojaat qoldirishingiz zarur.

Murojaatni quyidagi ko‘rinishda topshirishni maslahat beraman (tayyor ariza namunalari pastroqda berilgan):

  1. Tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga – yozma holda, shaxsan topshirish;
  2. Ichki ishlar vaziri nomiga – Prezident portali orqali, elektron yuborish.

UNUTMANG: qaysi tashkilotga ariza topshirsangiz ham, albatta arizangizni 2 nusxada tayyorlash kerak. Originali o‘sha tashkilotning mas'ul xodimiga berilib, Sizda qoladigan ikkinchi nusxasiga arizani qabul qilgan mas'ulning ism-familiyasi, lavozimi, arizani olgan sanasi hamda imzo (mavjud bo‘lsa maxsus shtamp) qo‘yilishini talab qilish kerak. 2-nusxasini yo‘qotmasdan saqlab qo‘ying.

Ichki ishlar vaziri nomiga yozadigan arizangizni esa Prezident portali orqali elektron tarzda yuborishni tavsiya qilaman.

Buning tartibi quyidagicha:

  1. Dastlab https://pm.gov.uz/uz portaliga kirasiz;
  2. 4-bo‘limdagi «V. Virtual qabulxonaga murojaat yuboring» buyrug‘ini tanlang;
  3. So‘ralgan ma'lumotlarni to‘ldiring (FISh, manzil, jins, tug‘ilgan sana va h.k.);
  4. Murojaat matnini kiriting, zarur bo‘lsa fayllarni yuklang;
  5. Foydalanish qoidalari bilan tanishganligingiz to‘g‘risida belgi qo‘ying;
  6. «Jo‘natish» tugmasini bosing;
  7. Ishlab turgan telefon raqamingizni kiriting;
  8. SMS-xabar orqali kelgan 4 ta raqamdan iborat kodni kiriting.

Shundan so‘ng, ekranda Sizning murojaatingiz muvaffaqiyatli yuborilganligi to‘g‘risida ma'lumot chiqadi. Biroz o‘tib telefon raqamingizga murojaatingiz qabul qilingani, murojaat raqami va kodi to‘g‘risida qo‘shimcha SMS keladi. Shu raqam va kod orqali murojaatingizning holatini tekshirib turishingiz, yuborilgan javob xatini yuklab olishingiz mumkin bo‘ladi.

Qanday mazmunda murojaat yuborish kerak?

Har qanday murojaat imkon qadar qisqa va lo‘nda bo‘lishi kerak. Arizada aynan nima xohlayotganingiz aniq ifoda etilishi shart. Ko‘pchilik fuqarolar qancha uzundan-uzun murojaat yozsam, shuncha e'tibor kuchayadi, deb o‘ylashadi. Bu unchalik ham to‘g‘ri emas. Aksincha bu mas'ullarga Sizning asosiy vajingiz qolib, boshqa mayda masalalar bilan qo‘l uchida javob yozilishiga, gapni aylantirishiga olib keladi.

Hozirgi vaziyatda Sizlarga quyidagi mazmundagi murojaat yuborishni tavsiya qilaman:

Faylni yuklab olish

Onlayn ko‘rish

Mazkur faylda ikkala ariza namunasi ham mavjud.

Sarflanadigan muddat: 3-4 soat

3-QADAM: Yo ChIKKA, Yo PUKKA

Tuman “pasport stoli”dan murojaatlaringizga quyidagi 3 xil javobdan birini olishingiz mumkin:

Birinchisi – qonuniy javob. Bunga ko‘ra, Sizlarning murojaatingiz qanoatlantirilib, umumiy mulk asosida uy sotib olgan barcha shaxslar 1-band bilan propiska qilinadi. Agar muammo bitta murojaat bilan osongina hal bo‘lsa, unda Siz uchun xursandman.

Ikkinchisi – mujmal javob. Bunga ko‘ra, Sizning murojaatingiz o‘rganilayotgani, o‘rganishlar yakuniga yetgach, qo‘shimcha xabar qilishlari haqida ogohlantirishadi.

Uchinchisi – noqonuniy javob. Bunga ko‘ra, Sizlarga rad javobi beriladi.

Ammo mendagi ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi 2-variantni – mujmal javob berish yo‘lini tanlamoqda. Qo‘limda Yashnobod tumani IIO FMB MvaFRBning xuddi shunday mazmundagi javobi bor. Ya'ni pasport stol boshlig‘i kapitan Yu.Marksov fuqarolar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar qonun hujjatlaridagi toifalarga to‘g‘ri kelishi tekshirilayotganligi, tekshiruv natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berilishi to‘g‘risida ma'lum qilib javob xati bergan.

Biroq ushbu mazmundagi javob xatini qonunchilikka mos deya olmayman. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi 41-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomning 11-bandi hamda Ichki ishlar vazirining 2012 yil 1 maydagi 71-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaning 25-bandiga binoan, fuqarolarning propiskaga kiritishni so‘rab qilgan murojaati uch ish kuni mobaynida ko‘rib chiqilishi qat'iy belgilangan. Ya'ni “pasport stol” rahbari yoki uning o‘rinbosari uch ish kuni ichida o‘z rezolyutsiyasida ariza beruvchini Ro‘yxatning qaysi bandiga asosan doimiy propiskaga qo‘yish zarurligini yoki rad javobi berish sababini ko‘rsatishi shart. Bu qat'iy qoida haliyam o‘z kuchida turibdi, o‘zgargani yoki bekor bo‘lgani yo‘q.

Boshqacha aytganda, pasport stol 3 kun ichida yo chikka, yo pukkaligini aytishga majbur. Uchinchi variant yo‘q. Lekin shunday bo‘lsada, hozirgi amaliyotda aynan 3-variant tanlanmoqda. Qiziq, juda qiziq.

Bunday mazmundagi javob xatlarini o‘zbek tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiladigan bo‘lsak, “aka, to‘g‘ri tushuning, bu mening qo‘limdamas, tepadan toki ruxsat bo‘lmaguncha, Sizni propiskaga qo‘ya olmayman” degan ma'noni beradi. Jamiyatimiz “tepadan aytishdi” sindromi bilan qattiq kasallangan, qachon tuzaladi, bilmadim.

Sarflanadigan muddat: 5-10 kun

OXIRGI – 4-QADAM: QOZIGA ARZ QILAMAN

Agar murojaatingizga yoki mujmal javob qaytarishsa, yoki rad etishsa, unda Sizda oxirgi variant qoladi – sudga murojaat qilish!

Bunda ma'muriy sudga mansabdor shaxsning harakatsizligini qonunga xilof deb topish va propiska rasmiylashtirish majburiyatini yuklash to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilish lozim.

Arizangiz o‘sha tumandagi ma'muriy sudga beriladi. Sizlarga qulay bo‘lishi va advokatlar uchun qo‘shimcha xarajat qilib yurmasligingiz uchun, shu holatga mos keluvchi namunaviy ariza matnini tayyorlab qo‘ydim. Quyidagi faylni yuklab olib, undagi kerakli ma'lumotlarni o‘zgartirib chiqsangiz bo‘ldi, ariza tappa-tayyor!

Faylni yuklab olish

Onlayn ko‘rish

Ma'lumot uchun: ma'muriy sudga ariza berganlik uchun EKIH 1 barobari (202 ming 730 so‘m) miqdorida davlat boji hamda EKIH 8%i (16 ming 218 so‘m) miqdorida pochta xarajatlari to‘lanadi.

Sarflanadigan muddat: 10-15 kun

XULOSA

Umid qilamanki, ma'muriy sud Sizning oxirgi qadamingiz bo‘ladi. Chunki ko‘rga hassadek ayon bo‘lib turgan qonun-qoidalarni mutasaddilar ko‘rishni xohlamayotgan bo‘lsa-da, lekin ma'muriy sudyalar bunday yo‘ldan borishmasligiga ich-ichimdan ishonaman.

Barcha 4 ta qadamni bosib o‘tishingiz uchun taxminan 1 oy vaqtingiz ketadi. Sizdan talab etiladigan chiqimlar esa faqat sud va transport xarajatlari bo‘ladi xolos.

Bularning evaziga esa, Siz qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklaringiz ro‘yobini ko‘rasiz. Propiskaga kirganingiz mayli, lekin ayrim mas'ullarning asossiz va noqonuniy harakatlari ustidan g‘alaba qozonganingiz uchun ham ko‘proq xursand bo‘lasiz, ketkazgan asabingiz va xarajatlaringizga rozilik hissini tuyasiz.

Va Sizning bosib o‘tgan yo‘lingiz Sizdan keyingilar uchun shamchiroq bo‘lib xizmat qiladi. Zora ko‘pchilik sud orqali yutib chiqishni boshlagach, hukumatdagilar ham o‘zlarining bunday asossiz taqiqlaridan voz kechish haqida ko‘rsatma berib yuborsa ajab emas. Ularning ko‘rsatmasi esa, salkam qonundan ustun, buni yaxshi bilasiz.

Xushnudbek Xudayberdiyev, huquqshunos

Ko‘proq yangiliklar: