Chang bosgan kitoblar xitobi: O‘zbekistonda eski kitoblar taqdiri ne kechadi?

Jamiyat 23:04 / 10.04.2019 47454

Mart oyi oxirida O‘zbekistonning barcha chekkalarida #kitobulash heshtegi ostida o‘ziga xos chellenj boshlandi. Kitob beruvchilar qanday manfaatni ko‘zlamasin, muhimi ta'lim dargohlari kutubxonalari fondi yangi kitoblar bilan boyimoqda. Tabiiy savollar tug‘iladi – kutubxonaning unutilgan burchaklarida chang bosgan kitoblarning taqdiri ne kechadi? Talabalar yoki o‘quvchilar kutubxonadan foydalanadimi? Kutubxonada yo‘q kitoblarni qayerdan topsa bo‘ladi?

Universitet kutubxonasining sarguzashtlari

Saytimizga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetning 1-sonli ilmiy kutubxonasi ko‘chirilayotgani va ko‘chirish davomida kutubxona fondidagi ko‘plab nodir adabiyotlar, ko‘p yillik tarixga ega kitoblarning yo‘qolishi yoki o‘zlashtirib olinishi mumkinligi haqida murojaat ham kelib tushgan. Murojaat nechog‘liq haqiqatga yaqinligi, universitet kutubxonasi ko‘chirilishi sababini bilish maqsadida ushbu ta'lim dargohiga yo‘l oldik.

«Yoshlik» talabalar shaharchasi yangicha qiyofa kasb etgan. Endilikda «Vuzgorodok»ni poytaxtdagi kam sonli «eco-orolchalar»dan biri deb ham atash mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetining 1-sonli ilmiy kutubxonasi binosi shu nuqtada joylashgan.

Kutubxonani ko‘chirish ishlari avjida. O‘zini 4-bosqich talabalari deya tanishtirgan yoshlarning so‘zlariga ko‘ra, universitet rahbariyati ularni dars vaqtida hasharga chiqargan. Ilmiy kutubxona xodimalari ham og‘ir kitob taxlamlarini tashib, talabalarga yordam berishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayni binoda millionga yaqin kitoblar saqlangan.

Eski kitoblarning 95 foiz qismi rus tilida. Sobiq Ittifoq davrida chop etilgan kitoblar orasida badiiy asar durdonalaridan tortib ma'lum ixtisosliklar bo‘yicha ensiklopedik adabiyotlar ham talaygina.

Ilmiy kutubxonadan tashilayotgan kitoblarning so‘nggi aravasi universitetning Kimyo fakulteti axborot-resurs markaziga olib ketilmoqda.

O‘zbekiston Milliy universitetining kimyo fakultetiga keltirilgan kitoblar «ummoni».

Kutubxonani ko‘chirish ishlari haqida O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Davlatboy Jumaboyev batafsil ma'lumot berdi va universitetning ta'mirdan chiqqan, hali ishga tushirilmagan asosiy kutubxonasi o‘quv zalini ko‘rsatdi.

Ta'mirlangan o‘quv zali o‘qish, o‘rganish va mutolaa uchun barcha sharoitlar bilan ta'minlangani ko‘rinib turibdi, biroq universitetning asosiy ramziga aylanib ulgurgan rektorat binosi bilan tarixan tengdosh panno ustidan bo‘yoq tortilib, rangtasvir asari butunlay yo‘qotib yuborilgan.

Prorektor Davlatboy Jumaboyev universitet kutubxonasi ko‘chirilishi va panno ustidan bo‘yoq tortib yuborilishini shunday izohlaydi:

1-sonli ilmiy kutubxona binosi talabalar turar joyi sifatida qayta ta'mirlanadi. Shu sababli kitoblardan bo‘shatyapmiz. Fonddagi kitoblar tashilishi uchun maxsus tashuv mashinasi ajratilgan. Kitoblar universitetning kimyo fakultetiga vaqtincha ko‘chirilyapti. Kitob taxlamlari alohida-alohida dastalangan va raqamlab, ro‘yxatga olingan. Ularning yo‘qolishi yoki kimlargadir berib yuborilishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Qo‘shimcha ma'lumot sifatida aytishim mumkinki, O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasi fondida jami 3,5 milliondan ziyod kitob bor. Ularning orasida o‘rta asrlar tarixiy adabiyotlaridan tortib, universitet tashkil etilgan vaqtdagi kutubxonaga keltirilgan kitoblargacha alohida nazorat bilan saqlanadi.

Hasharda qatnashayotgan talabalar esa dars vaqtida emas, dars soatlari yo‘q vaqtda yordamga chaqirilgan.

Pannoda «katta og‘a» deya ta'riflab kelingan komissar va askarlarning ham tasviri bo‘lgan, bundan tashqari, uning bo‘yoqlari ko‘chib bo‘lgan edi. Bu masala yuzasidan alohida izoh beriladi.

Retro-vintaj ko‘cha kutubxonasi

Toshkentning turli nuqtalari – «Kosmonavtlar» metro bekati yaqinidagi rastalar va «flea-market»larida (flea-market - ishlatilgan, egasiga kerak bo‘lmagan buyumlar, turli-tuman antikvarlar sotiladigan joy), «Shuhrat» chorrahasi va «Farhod» dehqon bozori chetidagi do‘konlarda eski kitoblar sotiladi.

Do‘konlardan biri yopiq bo‘lsa-da, makulatura narxini bilib olsa bo‘ladi. O‘ziga xos «fond birja» prays-ro‘yxatiga ko‘ra, bir kilogramm kitob narxi – 1700 so‘m.

Rastalar va do‘konlardagi sotuvchilar (ularni bukinistlar ham deyishadi) eski va noyob kitoblarni o‘zlari axtarishlari, ko‘pincha odamlarning o‘zi tashlab ketishlarini aytadi.

Bir do‘kondor esa shunday deydi: «Bir-biridan yaxshi adabiyot namunalari odamlarning uylarida uvol bo‘lib ketayotgani alam qiladi».

Eski kitoblarni qanday saqlasa bo‘ladi?

Bugun zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan zamonda ko‘pchilik kitobxonlar bukriderlar yoki smartfonlarda kitob mutolaa qilyapti. Biroq an'anaviy kitob shaydolari, qog‘oz shitirlashi, har bir harfda matn va so‘zlar sehriga shinavanda kitobsevarlar ham ko‘p topiladi.

Qog‘oz kitoblarni uzoq muddat javonda saqlashning ham o‘ziga xos qoidalari bor.

Kitoblarni mog‘or bosishi, o‘zidan badbo‘y, zaharli hidlar tarqatishi mumkin. Ulardagi chang odatda allergiya ham chaqiradi.

Bir necha yillardan buyon kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi bukinistlar shunday tavsiyalarni berdi:

-     Harorat va yorug‘likka e'tibor berish zarur. Uyda kitob saqlamoqchi bo‘lsangiz, harorat 18-20 daraja atrofida bo‘lishi kerak. Kitoblarga quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishi kerak emas. Aks holda qog‘ozning rangi o‘zgarib, sifati buzilib ketadi;

-     Namlik kitoblarni po‘panak bosishiga olib keladi. Kichik-kichik qora dog‘lar tushgan kitoblarni boshqalaridan ajratib, quriting va dezinfeksiya qiling. Po‘panaklarni nam latta bilan artish tavsiya etilmaydi. Aksincha, ikki yoki uch foizli formalin eritmasi tomizib, uni vodorod perikisli paxta bilan artish kerak. Shundan so‘ng kitobni ochiq havoda quritish zarur;

-     Kitoblarni bir-biriga taqab joylashtirmang. Havo aylanishi uchun joy qoldiring. Zich joyda mikroorganizmlar ko‘payishi mumkin;

-     10tadan ko‘p kitobni ustma-ust joylashtirmang. Bu quyi qismdagi kitoblar shakli buzilishiga olib keladi;

-     Kitoblarni karton qutilarda saqlamang. Uzoq saqlash uchun polietilen, polipropelen va poliefirdan foydalaning;

-     Eng asosiy qoidalardan biri – kitoblarni o‘qishdan oldin qo‘lingizni yuving. Kaft va barmoqdagi yog‘lar kitob varaqlariga dog‘ tushiradi va bu kitoblar tez eskirishiga olib keladi;

Kitobsevarlik haqida ko‘p gapirish, turli aksiya yoki chellenjlar tashkillashtirish mumkin. Kitoblar to‘la mahobatli kutubxonalar barpo etsa ham bo‘ladi. Aslida kitobga bo‘lgan muhabbat, u xoh qog‘oz, elektron yoki ovozli talqinda bo‘lsin, inson ongining bilimga bo‘lgan ehtiyoji, tafakkurini charxlash, tasavvurlarini boyitishga bo‘lgan kuchli xohishidan shakllanib boradi.

Tarix inson fikr va o‘ylari, bilimlariga qo‘yilgan haykallar parchalanishining bir necha bor guvohi bo‘lgan. 1933 yilning mart oyidan oktabr oyiga qadar Germaniyaning 70 shahrida natsistlar kitob yoqqan. 1933 yilning 10 may kuni Berlindagi Opernplats maydonida «nogerman ruhga qarshi aksiya»ning («Aktion wider den undeutschen Geist») eng katta gulxani alanga oldirilgan.

Kitoblar, kutubxonalar va kitoblarga mehr, bora-bora kitobxonlarning kamayib borishi ham shunday fojiadan deyarli farq qilmaydi.

Kitoblaringizni asrang, eng muhimi, mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqni so‘ndirmang.

Mirzayor Erkinov

Ko‘proq yangiliklar: