Ashxobodda kumushrangdan boshqacha rangdagi disklarga ega mashinalar taqiqlandi

Jamiyat 00:00 / 23.03.2019 25484

Turkmaniston poytaxti Ashxobodda avtomobil haydovchilariga taalluqli ovoza qilinmagan taqiqlov kiritildi. Endilikda haydovchilarga mashinalariga kumushrang disklardan boshqa rangdagi disklarni qo‘yishga ruxsat berilmaydi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” nashri yozgan.

Ta'kidlanishicha, taqiqlov ostiga oq va to‘q kulrang avtomobil disklari ham tushgan. 

Ruxsat berilgan rangdagi disklardan boshqa disklarga ega avtomobillar davlat avtomobil nazorati xodimlari tomonidan to‘xtatilib, transport vositasiga hujjatlar musodara qilinmoqda va mashina majburiy tarzda texnik ko‘rikka jo‘natilmoqda. Haydovchilar o‘z hujjatlarini disklarini almashtirib yoki boshqa rangga bo‘yagandan keyingina olishlari mumkin bo‘ladi. 

Shu sababli avtoservislarda katta navbatlar yuzaga kelgan. Shuningdek, zavodda “nomaqbul” disklar o‘rnatilgan yangi mashinalarni sotuvchi avtosalonlarda ham muammo paydo bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Turkmaniston OAVda fevral o‘rtalaridan Ashxobodda qora rangdagi avtomobillarga taqiqlov yana amal qila boshlagani haqida ma'lumot paydo bo‘lgan. Bunday mashinalar egalari jarima maydonchasiga jo‘natilib, o‘z hisoblaridan mashinani qayta bo‘yab chiqishga majbur qilinmoqda. Shuningdek, shu vaqtda Ashxobodda yana bir taqiqlov kiritilib, unga ko‘ra ayol haydovchilar to‘xtatilib, turli bahonalar bilan haydovchilik guvohnomalari olib qo‘yila boshlangan. Ba'zida bu ayol haydovchilarning politsiyachilar bilan janjallashishlariga olib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: