AKFAga bog‘liq barcha kompaniyalar rahbarlari o‘zgardi

O‘zbekiston 15:55 / 20.03.2019 49606

Navro‘z-yangilanish bayrami arafasida respublikamizdagi yetakchi kompaniyalar rahbariyatida ham qator o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bu haqda kompaniyalar rasmiy saytlari xabar bermoqda.

Jumladan:

ARTEL korxonasi saytida “ARTEL savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi korxonalar ta'sischilari tarkibi o‘zgarganligi natijasida, kompaniya rahbariyati tarkibida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Bunga asosan, 2019 yil 20 martda Direktorlar kengashi raisi sifatida Abdullayev Bahodir Ravshanovich tayinlandi.

ARTEL savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi korxonalarning asosiy faoliyati O‘zbekiston Respublikasida Artel, Samsung va Shivaki savdo belgilari ostida maishiy texnika va elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish hisoblanadi” – degan xabar e'lon qilingan.

AKFA va IMZOda ham o‘zgarish

“AKFA kompaniyasi ta'sischilari va direktorlar kengashi o‘zgarganligi munosabati bilan direktorlar kengashining yangi raisi sifatida Ganiyev Abror Axralovich tayinlandi. U o‘z faoliyatini 2019 yil 20 martdan boshladi.

AKFA kompaniyalar guruhining asosiy faoliyati AKFA va IMZO savdo belgilari ostida qurilish mahsulotlari, jumladan, alyumin va PVX profillari, isitish radiatorlari va alyumin kompazitli panellar ishlab chiqarishdan iborat” – deyiladi rasmiy ma'lumotida.

Tibbiy yo‘nalishda ham yangilik: AKFA Medline yangi rahbar boshqaruvida

“2019 yilning 20 martidan boshlab AKFA Medline ko‘p tarmoqli tibbiy markazini Mirzaliyeva Kamolat Kukanbayevna boshqaradi.

AKFA Medline – bu Markaziy Osiyodagi yirik xususiy ko‘p tarmoqli tibbiy markaz bo‘lib, unda kardioxirurgik, neyroxirurgik, ortopedik va boshqa turdagi murakkab operatsiyalar amalga oshiriladi. Yuqori malakali shifokorlar zamonaviy uskunalar yordamida aniq va mukammal tashxis qo‘yadilar” – degan xabar joylashtirilgan tibbiy markaz xabarida.

«Crafers» kompaniyasidan rasmiy xabar

“2019 yil 20 martda «Crafers» kompaniyasining Direktorlar kengashi Raisi lavozimiga Amilov Azizxon Alisherovich tayinlandi.

«Crafers» kompaniyasining asosiy faoliyati keng turdagi qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish hisoblanadi. Loyihaning birinchi bosqichida 256 nomdagi qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda yillik ishlab chiqarish quvvatini 46 000 tonnadan oshirish rejalashtirilgan” – degan so‘zlar bilan mavzu davom etadi.

Va nihoyat MEDIAPARK...

“MEDIAPARK muassislari tarkibi o‘zgarishi munosabati bilan 2019 yilning 20 martidan boshlab Ubaydullayev Nodir Rignatovich kompaniya raisi etib tayinlandi.

MEDIAPARK kompaniyasining asosiy yo‘nalishi maishiy texnikalarning chakana savdosi bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab 11 ta savdo markazlari faoliyat yuritmoqda” – degan xabar joylashtirilgan mediapark.uz saytidagi xabarda.

Yirik kompaniyalardagi bunday o‘zgarishlar sababi ma'lum qilinmagan. 

Ko‘proq yangiliklar: