Markaziy bank raisi: O‘zbekistonda pul qiymatini o‘zgartirish rejalashtirilmayapti

O‘zbekiston 16:20 / 05.03.2019 40479

O‘zbekistonda milliy valutaning denominatsiyasini (pul qiymatini o‘zgartirish - tah.) o‘tkazish vazifasi qo‘yilmayapti. Bu haqda respublika Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurotov seshanba kuni ma'lum qildi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonga juda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak, sababi «nozik masaladir». Biroq, texnik jihatdan uni amalga oshirish qiyin ish emas.

«Pul qiymatini o‘zgartirish odatda makroiqtisodiy vaziyatni, birinchi navbatda - inflatsiyani barqarorlashtirish mumkin bo‘lganda amalga oshiriladi. Denominatsiya - texnik masala, uni o‘tkazish juda oson. Xuddi Belarusda bo‘lgani kabi og‘riqsiz amalga oshirsa ham bo‘ladi. Biz hozircha oldimizga bunday maqsadni qo‘ymayapmiz. Mavjud kupyuralar qulay va aholining naqd puldan foydalanish bo‘yicha talablariga javob beradi», - dedi Nurmurotov. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilning 25 fevraldan boshlab qiymati 100 000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgisi muomalaga chiqarildi. Qiymati 100 000 so‘m bo‘lgan banknotning mavzusi (tematikasi) buyuk o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bek faoliyati va uning astronomiya fanidagi yutuqlariga bag‘ishlangan.

Bundan oldin, Markaziy bank milliy valuta qiymatining o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma'lumotni rad etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: