Moskvada amerikalik investor Maykl Kalvi hibsga olindi

Jahon 21:42 / 16.02.2019 13557

Moskvaning Basmanniy sudi AQSh fuqarosi, Baring Vostok investitsion kompaniyasi asoschisi Maykl Kalvini hibsga olishga sanksiya berdi. Bu haqda Moskva shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, u shu yilning 13 apreliga qadar ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlanadi.

Tergov talqiniga ko‘ra, Kalviga tegishli bo‘lgan «Pervoye kollektorskoye byuro» kompaniyasi «Vostochniy» bankidan 2,5 mlrd rubl kredit olgan va kreditni 2017 yil fevralda boshqa kompaniyaning 3 mlrd rubl deb baholangan aksiyalari bilan qaytargan. Ammo tergov aksiya narxi o‘ta yuqori ko‘rsatilgan deb hisoblamoqda: tergov xulosasiga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar topshirilayotgan paytda ularning qiymati 600 ming rublga teng bo‘lgan.

Avvalroq, 14 fevral kuni Kalvi ishi bilan aloqadorlikda gumon qilingan «PKB» bosh direktori Maksim Vladimirov, Fransiya fuqarosi Filipp Delpal, «Norvik Bank» OAJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Aleksey Kordichev, Baring Vostok fondi hamkori Vagan Abgaryan va investitsiya direktori Ivan Zyuzin hibsga olingandi.

Ularning barchasiga o‘ta yirik miqdorda tovlamachilik qilish aybi qo‘yilgan.

Baring Vostok — Rossiya va MDH davlatlariga mablag‘ kiritish bilan shug‘ullanuvchi investitsion kompaniya. Kompaniya 1994 yildan buyon FGI Wireless («VimpelKom»), «STS Media», «Avito», Tinkoff Bank, «VkusVill», «Papa Djons», «A5» aptekalar tarmog‘i, Yevropa tibbiyot markazi, «Yandeks» kabi kompaniyalarga investitsiya kiritgan. 

Ko‘proq yangiliklar: