​Huawei kompaniyasi 5G tarmoq stansiyalariga mo‘ljallangan jahondagi birinchi protsessorni taqdim qildi

Fan-texnika 14:15 / 09.02.2019 9839

Huawei kompaniyasi tomonidan tarmoq stansiyalari uchun maxsus tarzda ishlab chiqilgan jahondagi ilk protsessor – Huawei TIANGANG rasman taqdim etildi. Tez orada Barselonada bo‘lib o‘tadigan Xalqaro mobil kongress (MWC) arafasida Xitoyning Pekin shahrida o‘tkazilgan taqdimot va matbuot-brifingida Huawei kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 5G standartidagi tarmoqlarni keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish jarayonini osonlashtiradigan inqilobiy protsessorni namoyish qildi. Hozirgi kungacha Huawei 5G-texnologiyasi bo‘yicha 30 ta tenderda g‘olib chiqib, dunyo bo‘ylab 25 mingtadan ortiq 5G-stansiyalarni sotishga erishdi.

Huawei yangi texnologiyalarni yaratish va joriy qilishda davom etib, bu yo‘nalishga yirik investitsiyalar kiritmoqda. Uning yaxlit to‘plamdagi 5G-protsessorlari barcha diapazonlardagi (S-diapazon (3.5G) va 2.6G) tarmoq standartlarini qo‘llab-quvvatlagan holda mijozlarni simsiz aloqaning eng a'lo xizmatlaridan foydalanishini ta'minlaydi.«Huawei uzoq yillardan beri fundamental fan va texnologiyalar rivojiga sarmoya kiritib kelmoqda. Biz 5G standartini keng miqyosdagi tijorat maqsadida ishlatish bo‘yicha eng muhim texnologiyalarni yaratishda birinchi bo‘lib ulkan ishlarni amalga oshirdik, – deydi Rayan Din (Ryan Ding), Huawei boshqaruvining ijrochi direktori va Carrier BG bo‘limining bosh direktori. – Bizning kompaniyamiz hozirda soddalashtirilgan tarmoqlar, texnik yordam va foydalanish orqali keng ko‘lamli 5G aloqasiga oid xizmatlarni ta'minlashga zamin yaratadigan sohadagi eng yaxshi imkoniyatlarga ega. Biz keng ommaga mo‘ljallangan 5G tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha safning boshida ketmoqdamiz».

Huawei boshqaruvining ijrochi direktori va Carrier BG bo‘limining bosh direktori
​​​​Rayan Din (Ryan Ding) tadbirda nutq so‘zlamoqda

5G tarmoq stansiyalari uchun jahondagi birinchi protsessor

Telekommunikatsiya bozoridagi birinchi 5G protsessor Huawei TIANGANG integratsiya, hisoblash quvvati va spektral o‘tkazish polosasi bo‘yicha ilg‘or natijalarni qayd etmoqda. Yuqori darajada integrallashgan ushbu yechim quvvat kuchaytirgichlar (PA) va juda kichik antennalardagi passiv antenna panjaralarining faol integratsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.Shuningdek, uning hisoblash quvvati oldingi protsessorlarnikiga qaraganda 2,5 marta yuqoriroqdir. Eng so‘nggi algoritmlar va nurni shakllantirish texnologiyalari yordamida bir dona mana shunday protsessor 64 tagacha kanalni boshqarishga qodir bo‘lib, sohadagi eng yuqori standartlarga javob ham beradi. Bundan tashqari, Huawei kompaniyasining yangi ishlanmasi 200 MGs diapazondagi yuqori o‘tkazish polosasini ham qo‘llab-quvvatalaydi, bu esa uning nafaqat joriy tarmoqlarga, balki kelajakdagi tarmoqlarga ham mo‘ljallanganini dalillaydi.

Shu bilan birga, mazkur yechim faol antenna tizimlarini (AAU) modernizatsiya qilishga imkoniyat yaratadi, bu bilan tarmoq stansiyalarini 50%ga kichikroq va 23% yengilroq qilishga, energiya sarfini esa oldingi yechimlarga qaraganda 21%ga kamaytirishga erishiladi. 5G-stansiyalarini 4G-stansiyalariga qaraganda ikki marta tezroq yo‘lga qo‘yish mumkin. Bunday xususiyatlar bir qator texnik murakkabliklarni bartaraf etish va sarf-xarajatni qisqartirishga yordam beradi.

Butun dunyo bo‘ylab 5G tarmoqlarini keng miqyosda tez yo‘lga qo‘yishga mo‘ljallangan soddalashtirilgan 5G-yechimlar

Huawei 2018 yilda 5G tarmog‘ini tijoriy maqsadda ishga tushirishni boshlab, bu yo‘nalishdagi xizmatlar, texnologiyalarni tashqarida sinash va 5G tarmog‘idan keng ko‘lamda foydalanish borasida yetakchiga aylandi. 2018 yilning oxiriga kelib kompaniya Xitoyda mazkur tarmoqdan yalpi foydalanishgacha bo‘lgan barcha sinov va tekshiruvlarni yakuniga yetkazdi, hozir esa u 5G texnologiyalarini tijorat maqsadida qo‘llashga to‘liq tayyor.

2019 yilning 9 yanvar kuni blade seriyasidagi Huawei 5G stansiyasi fan va texnologiyalardagi taraqqiyot (First Class Progress in Science and Technology Prize) uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi. Albatta, bu kompaniya erishgan muhim texnologik yutuqlar va birlashtirilgan modul dizaynining e'tirofidir. Barcha tarmoq stansiyalari «blade» form-faktorida ishlangan bo‘lib, unda turli modullarni kerakli tarzda birlashtirish imkoniyati mavjud. Bunday yechim 5G-stansiyani yig‘ish va o‘rnatish jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi.

«Huawei kompaniyasi tomonidan barcha ssenariylar uchun (full-series, all-scenario) yaratilgan to‘liq seriyali sodda 5G-yechimlar yuqori ish samaradorligi va 5G aloqa sifatini ta'minlay oladi, – deb ta'kidlaydi Yan Chaobin (Yang Chaobin),5G Network yo‘nalishi bo‘yicha Huawei prezidenti. –Bu yechimlar tarmoqlarni ishga tushirish jarayonini ancha tezlashtiradi va texnik xizmat samaradorligini oshiradi. Natijada esa 5G texnologiyasini tatbiq etish 4G texnologiyasiga qaraganda bir muncha osonlashadi».

Avtonom boshqaruv tarmoqlari uchun sun'iy intellekt

Huawei, shuningdek, sun'iy intellektga ega bo‘lgan va ma'lumotni qayta ishlash markazlariga mo‘ljallangan dunyodagi birinchi kommutatorni ham taqdim qildi. Ushbu yechim sohadagi eng yuqori ish samaradorligiga egaligi bilan ajralib turadi hamda Ethernet paketlarning mutlaq faolligi va 10 millisoniyadan kamroq vaqtda amalga oshadigan kompleks harakatni ta'minlaydi. Uning hisoblash quvvati ikkita kanalli jami 25 ta markaziy protsessordan ham yuqori bo‘lishiga qaramay, atigi 8 vatt energiya iste'mol qiladi.

Shu bilan bir qatorda, Huawei avtonom boshqaruv tarmoqlaridagi barcha ish ssenariylariga mo‘ljallangan to‘liq portfolioli sun'iy intellekt texnologiyalarini ham ommaga tanishtirdi, shuningdek, operatorlarga tarmoqning energiya va ish samaradorligini, texnik va mijozlarga xizmat ko‘rsatish  unumdorligini oshirishga yordam beradigan SoftCOM AI nomli yechimni ham ishlab chiqdi.

Tadbir davomida Huawei boshqaruvining ijrochi direktori va Consumer BG bo‘limining bosh direktori Richard Yuy (Richard Yu) multistandart 5G qurilmalari va tijorat gadjetlariga mo‘ljallangan jahondagi eng tezkor protsessorlarni ham e'lon qildi.

Xalqaro mobil kongress 2019 yilning 25-28 fevral sanalarida Barselona (Ispaniya) shahrida o‘tkaziladi. Huawei kompaniyasi o‘z mahsulotlari va yechimlarini Fira Gran Via zalidagi (1-zal) 1H50 stendida, 3 zaldagi 3I30 stendida, «Innovatsiyalar shahri» zonasidagi 4 zalda va 7 zalda joylashgan 7C21 va 7C31 stendlarida namoyish qiladi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: