«Mehr Orolni qutqaradi». Toshkentda Orol mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 17:31 / 18.01.2019 4179

Mamlakatda Orol dengizi muammosi va Orolbo‘yi aholisi salomatligi, uning atrof-muhitiga salbiy ta'sirini kamaytirish borasida qator islohotlar olib borilmoqda.

Poytaxtdagi “Yoshlar press-klubi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamkorligida “Mehr Orolni qutqaradi” mavzusidagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri – Mansur Yunusov, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – O‘ktam O‘tayev, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi – Yusufjon Shodimetov, BMT Taraqqiyot dasturi Barqaror rivojlanish klasteri rahbari – Xurshid Rustamov va kimyo fanlari doktori Rashid Kulmatovlar spiker sifatida ishtirok etdi.

Sessiyada Orolni qutqarish yuzasidan o‘rtaga tashlangan loyihalar, jumladan, Orolning qurib qolgan maydonida saksovul ko‘chatlarini ekish bo‘yicha “Fidoyi yoshlar otryadlari”ni tuzish masalalari muhokama qilindi.

— Orol dengizining qurishi 1960 yillardayoq boshlangan. Yarim asrdan ortiq vaqt ichida dengizning 5,5 million gektar hududi bugun sahro ko‘rinishiga kelib qolgan. Buning oqibatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini nafas yo‘llari va buyrak xastaliklari qiynab kelmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Yusufjon Shodimetov.

Tadbirda “Orol fojiasi”ga bag‘ishlangan videorolik namoyish etilib, soha mutaxassislarining ma'ruzalari tinglandi. Shuningdek, Orolbo‘yi hududlarida saksovul daraxtlarini sifatli ekishni samarali amalga oshirish uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashida shtab tashkil etilganligi ta'kidlandi. “Mehr Orolni qutqaradi” loyihasi doirasida dengizning qurib qolgan maydonida saksovul ko‘chatlari ekish uchun “Fidoyi yoshlar otryadi” tuzildi. Joriy yilning mart oyida Orolbo‘yida 5 ming nafardan ziyod yoshlarni birlashtirib saksovul ekishga jalb qilish belgilangan.

— Saksovul daraxti o‘z ildizi atrofida qum va tuzni yaxshi tutib turadi. Natijada tuproqdagi chang-tuzlar atrof-muhitga tarqalmaydi. Orol tubidagi zaharli tuzlarning osmonga ko‘tarilishi ham kamayadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari O‘ktam O‘tayev. — Qolaversa, bu daraxt sho‘r va suvsizlikka chidamli. Daraxtning yashovchanligi va changga bardoshi ham yuqori. Shu sabab aynan saksovul daraxti tanlangan.

Bugun O‘zbekistonda Orol muammosiga qarshi kurashda saksovuldan eng muhim vosita sifatida unumli foydalanilmoqda. Orol tubini o‘rmonga aylantirish tajribasi uzoq yillik global muammoning eng ma'qul yechimi deb topildi.

— “Orol fojiasi” deb tilda bot-bot takrorlayverishdan ko‘ra, bu muammoga qarshi amaliy ishga qo‘l ursak, uning yechimi uchun o‘z hissamizni qo‘shsak, vatanparvarlik burchini ado etgan bo‘lamiz. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining bosh maqsadi ko‘ngilli yoshlarni birlashtirib, Orol dengizi muammosini bartaraf etishga amaliy hissa qo‘shish. Orolni fojiadan qutqara olamiz, faqat birlashish kerak, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Xurshida Do‘sbekova. — Barcha vatanparvar yoshlarni mazkur tashabbus atrofida jam bo‘lishga, saksovul ekish jarayonlarida faollikka chorlab qolamiz.

Ko‘proq yangiliklar: