Bugun Boxing Day: Futbol bayrami tarixiga nazar

Sport 12:00 / 26.12.2018 11425

Bugun Angliya Premer-Ligasida «Boxing Day». Nafaqat Premer-Liga, balki Angliyaning barcha professional ligalaridagi jamoalar navbatdagi tur o‘yinlarini boshlashadi. Bu kunda futbol o‘ynash Angliyada odat tusiga kirgan, har yilning so‘nggi haftasiga APL bir emas, bir nechta tur o‘yinlarini sig‘dirib, muxlislarga o‘ziga xos bayram sovg‘a qiladi.

BOXING EMAS, BOX
Boxing Day tushunchasi futbol olamida ba'zan biroz noto‘g‘ri tushuniladi. Yilning so‘nggi o‘n kunligida Angliyada bir nechta tur o‘tkazilishini e'tiborga olib, ko‘pchilikda, bu termin haqida biroz noto‘g‘ri fikr shakllangan. 

Aslida bu terminning ildizi Boxing, ya'ni «boks» emas, «The Box» ya'ni «quti» ma'nosini anglatadi. Tarixda Christmas (25 dekabr) bayramning ertasida zodagonlar o‘z xizmatkorlariga dam olish imkonini berganlar va ularga qutida sovg‘a berishgan. Bu kunni alohida bayramga aylanishi aynan o‘sha odatga asoslanadi, keyinchalik, bu kunda inglizlar bir-birlariga qutilarda sovg‘a ulashishga odatlanishdi. 

Bir nechta sport turlarida, xususan futbolda ham 26 dekabrda futbol o‘yinlarini o‘tkazish urfga kirdi va har yili bu sanada haftaning qaysi kuni bo‘lishidan qat'i nazar tur o‘yinlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shuning uchun ham, ko‘pincha chempionatning 18-19 turlariga to‘g‘ri keladigan bu kunga alohida e'tibor beriladigan bo‘ldi va alohida hisob kitoblar yuritilishi muxlislar uchun qiziqdir. 

Albatta, birato‘la o‘sha so‘nggi o‘n kunlikni e'tiborga olib, «Boksing Dey»ni umumiy qilib, 3-4 tur deb tushunilishi u qadar zarar emas. Filologiyada ham butunni qism bilan ifodalash qoidalari bor, masalan. Tahlilchilar, jurnalistlar orqama-orqa o‘tkaziladigan mana shu turlarni umumiy ma'noda mana shu atama bilan nomlashlari tushunish uchun ham, bu kunlarning o‘ziga xosligi nuqtai nazaridan ham u qadar noto‘g‘ri tuyulmaydi.   

FUTBOL BILAN TeNGDOSh BOXING DAY
Yana bir qiziq tarafi futboldagi Boxing Day tushunchasi, qaysidir ma'noda futbol o‘yini bilan ham tengdoshdir. 1860 yilning aynan 26 dekabrida futbol tarixida ilk futbol uchrashuvi sifatida qayd etish mumkin bo‘lgan o‘yin bo‘lib o‘tgandi. 

1855 yilda «Sheffild» Kriket jamoasi a'zolari futbol to‘garagini tashkil qilishadi, biroz o‘tib esa, futbol tarixidagi ilk futbol klubi – FK «Sheffild» tashkil topadi. Avvaliga jamoa a'zolari faqat o‘zaro o‘ynab yurishdi. Doim qandaydir asosda futbolchilar ikkiga bo‘linar, goh bo‘ydoqlarga uylanganlar, goh malla sochlilarga qora sochlilar kuch sinashishardi.

1860 yilning sentyabrida Sheffild yaqinida yana bir futbol klubi «Hallam» tashkil etildi. Jamoalar  Christmas ning ertasiga o‘zaro o‘yin o‘tkazishni kelishdilar. Shu tariqa futbol tarixidagi eng ko‘hna derbi – Rules derbisi tashkil topdi. Uchrashuvda tajribaliroq «Sheffild» futbolchilari 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. 

O‘sha o‘yin bo‘lib o‘tgan «Sandigeyt Graund» stadioni hali ham mavjud. Jamoalar esa, Angliyaning sakkizinchi va o‘ninchi divizionlarda ishtirokini davom ettirib kelmoqda. Bundan uch yil oldin kubok o‘yinida bu jamoalar o‘zaro to‘qnash kelishdi va kelajakda yana bunday o‘yinlar bo‘lishidan umidvorlar. Angliyada futbolning tubi naqadar chuqur ekanini his qilib borasan kishi...

UNUTILMAS O‘YINLAR
Avvallari, mana shu bayram kunlari muxlislarning u shahardan bunisiga safar qilib yurmasliklarini e'tiborga olib, tashkilotchilar bu kunga derbi o‘yinlarni belgilashga harakat qilishardi. 

Ayniqsa, 1979 yilda Angliyaning uchinchi divizionida bo‘lib o‘tgan «Sheffild Uensdey» va «Sheffild Yunayted» o‘rtasidagi o‘yin tarixga kirgan. Bu o‘yinga 49 ming muxlis tashrif buyurgandi – uchinchi divizion uchun haligacha rekord ko‘rsatkich bo‘lib kelmoqda. 

1963 yilda bo‘lib o‘tgan Boxing Day esa, boshqa tarafdan yodda qolgan. O‘sha kuni o‘tkazilgan 10 uchrashuvda hammasi bo‘lib 66 gol urilgandi. O‘sha kuni futbol ishqibozlari 3 poker, 3 xet trik, 8 dubl va 4 qizil kartochkaning guvohi bo‘ldilar. «Fulhem» «Ipsvich»ni 10:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi, «Vest Hem» – «Blekbyorn» o‘yini esa, 8:2 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘ldi. «Byornli» «Manchester Yunayted» ustidan 6:1 hisobida g‘alaba qozondi – qizig‘i, bu jamoalar bugun «Old Trafford»da kuch sinashadi.

ROSTDAN HAM HAL QILUVChI BOSQIChMI?
Mavsum boshida qaysi jamoa har qancha ustunligini namoyish qilmasin, autsayderlar har qanday og‘ir ahvolga tushib qolishmasin, jurnalistlar va tahlilchilar «hammasi Boksing dey»larda hal bo‘ladi, deyishni yaxshi ko‘radilar. 

Umuman olganda, bu o‘yinlarning boshqa turlardan alohida farqlanib turadigan jihati yo‘q. Masalan so‘nggi ikki yilda shu davrga kelib turnir jadvalini boshqarib turgan jamoalar o‘n kunlikda yuz foizlik natija qayd etganini ta'kidlash joiz. Top klublar boshqa turlarda ham ochko yo‘qotishadi, faqat aynan shu kunlardagi yo‘qotishlarga alohida tus beriladi xolos.

Aksincha, agar top-klublar bu turlarga strategik yondosha olishsa, boshqa klublarga nisbatan ustunroq holatda bo‘lishlari mumkinligini aytish kerakdir, balki. Chunki yuqorida aytilganidek, 10 kunda 4 tur o‘tkaziladi. Tarkibning boyligi va zaxira o‘yinchilarining saviyasi jihatidan yaxshiroq imkoniyatga ega bo‘lgan top-klublar bu o‘yinlarda rotatsiyani ko‘paytirishlari va shu orqali tarkibdagi charchoqni 11 emas, 20 o‘yinchiga bo‘lib yuborishlari mumknn. O‘rtamiyona va autsayderlar esa, bunday qila olishmaydi. Ularda 2-3 futbolchining zaxirada qoldirilishi yo maydonda tusha olmasligi o‘yin sifatiga keskin ta'sir qilishini ko‘ramiz. 

Boshqa tarafdan, aynan shu jihat ularga qo‘l ham keladi. Chunki, bu faktorni hamma biladi va ko‘pchilik ulardan mana shu turlarni yo‘qotishsiz o‘tkazishni kutmaydi ham. Bosim nuqtai nazaridan katta klublar ehtiyotkor yondashishlari kerakligi ham haq gap.

BIZNI KUTAYoTGAN O‘YINLAR

Demak, bugundan APLda 19-tur o‘yinlari boshlansa, 5 kundan keyin 21-tur o‘yinlariga start beriladi. Bir hafta ichida jamoalar uch martadan maydonga tushishadi. Kuchli beshlikdagi boshqa ligalarda tanaffus boshlanayotgani sizni xafa qilmasin, zero bugundan boshlab, to 3 yanvar kunigacha, har kuni kamida bitta bo‘lsa ham Premer Liga uchrashuvini tomosha qilishingiz mumkin. 

Boxing Day soat 17:30da «Vulverhempton» – «Fulhem» to‘qnashuvi bilan boshlanadi. Keyin esa, soat 20:00da birdaniga 6 juftlik o‘zaro kuch sinashadi. Xususan, «Tottenhem» «Bornmut»ni, «Manchester Yunayted» «Haddersfild»ni, «Liverpul» esa, «Enfild»da – «Nyukasl»ni qabul qiladi. Soat 22:15da «Brayton» – «Arsenal» o‘yini boshlansa, kechasi soat 00:30da «Uotford» – «Chelsi» bilan bugungi futbol bayrami yakuniga yetadi.  

19-20 turlarda muxlislarni qiziqtirgan bir qator savollar ko‘ndalang turibdi: 
26.12.2018. «MYu» – «Haddersfild». Ole Gunnar Sulsherning ajoyib debyuti «Old Trafford»da ham davom ettiriladimi?
26.12.2018. «Lester» – «Manchester Siti». So‘nggi 3 turda ikki marta mag‘lubiyatga uchragan «shaharliklar» o‘zlarini o‘nglay oladilarmi? Raqib noqulay, o‘tgan turda «Chelsi»ni safarda mag‘lub etgan «Lester». 
27.12.2018. Yangi murabbiy qo‘l ostida ketma ket 2 o‘yinda g‘alaba qozongan «Sauthempton» o‘nglanishda davom etadimi? Raqib – «Vest Hem» so‘nggi besh o‘yinning to‘rttasida g‘alaba qozongan. 
29.12.2018. «Liverpul» – «Arsenal». 7 o‘yindan beri «Liverpul»ni yenga olmayotgan «Arsenal» nihoyat bu seriyani yakunlay oladimi? Yoki «Liverpul» yilni mag‘lubiyatsiz yakunlashning uddasidan chiqadimi?

Q.Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: