O‘shga qanday borganim yoxud sabrsizlik va navbatga turish madaniyati haqida

O‘zbekiston 12:50 / 18.09.2018 60621

“Sahar borgan yetar murodga”

Yumush bilan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga borishga to‘g‘ri kelib qoldi. U tarafga yo‘li tushgan tanishlardan borib-kelish tartibi haqida so‘radim. Ularning aytishlaricha, Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali o‘tish unchalik ham ko‘p vaqtni olmaydi – “o‘n besh daqiqaga qolmay O‘shga o‘tib olasiz”, deyishdi ular. Ammo Qorasuv shahrida ulgurji bozor bo‘ladigan seshanba va shanba kunlari chegaradan o‘tish anchayin mashaqqatli bo‘lishini, tong sahar to‘rtda bojxona postida bo‘lishim ma'qulligini, shunda bir zumda o‘tishim mumkinligini maslahat berishdi.

Tanishlarning maslahatlariga amal qilib sahar uchda Andijonning Yangibozor hududi yaqinida joylashgan mashinalar turargohiga yetib keldim. U yerda to‘rt-beshta yengil mashina turardi. Meni ko‘rishlari bilan haydovchilar “Do‘stlik”kami?” deya yugurib kelishdi. Ulardan yo‘l kira necha pulligini so‘rayman. “O‘n besh ming so‘m”, deyishadi bir ovozdan. Haydovchilardan biri bilan o‘n mingga kelishamiz va u meni mashinasiga boshlab boradi. U “Hozir yana odam yig‘ib kelaman, siz o‘tirib turing”, deya mashina eshigini ochadi-da, o‘zi yugurib ortiga qaytib ketadi.

Tongni “Do‘stlik”da qarshi oldim

Taxminan yarim soatlarda mashinamiz to‘ldi va yo‘lga otlandik. Soat 4.15da “Do‘stlik”ka yetib keldik. Aytishganidek, post gavjum emasdi – chamasi o‘ttiz nafar erkak-ayol o‘tish yo‘lagi oldida erkaklar bir tarafda, ayollar yana bir tarafda alohida saflarda navbatga tizilib turardi. Bolali ayollar, keksalar va nogironlar navbatsiz o‘tishlari tahsinga loyiq. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara bojxona postlaridan o‘tishga ko‘pi bilan yarim soat vaqt ketdi.

Har yerda hozir haydovchilar va valyuta almashtirish punktlari

Chegaradan o‘tishingiz bilan hamma yerda bo‘lgani kabi bu yerda ham sizni kirakash haydovchilar kutib olishadi. “Qayerga borasiz?”, “Qorasuvmi?”, “Chiqishingiz bilan ketamiz, bir odam kam” deya atrofingizni o‘rab olishadi.

Bu yerda e'tiborimni jalb qilgan narsa – valyuta almashtirish punktlarining ko‘pligi bo‘ldi. Keng maydonning ikki tarafida qator tizilgan valyuta almashtirish do‘konlari. Peshlavhalarga dollar, yevro, o‘zbek so‘mi va qirg‘iz somining ayni paytdagi sotib olish va sotish narxlari yozib qo‘yilgan. Do‘konlardan biridagi sotuvchiga ikki yuz qirg‘iz somi kerakligini aytgandim, u bu 24 ming so‘m bo‘lishini bildirdi. So‘ralgan pulni uzatdim va 200 somni oldim.

O‘tmishni yodga soluvchi O‘sh

Yigirma qadamcha yurgach, mahalliy aholi “bus” deb ataydigan mikroavtobuslar turargohiga yetib keldim. Bu yerda “Mersedes”, “Folksvagen” va yana boshqa mashhur kompaniyalarda ishlab chiqarilgan mikroavtobuslar yo‘lovchi kutib navbatda turardi. O‘sh shahari ichida qatnaydigan mikroavtobuslardan biriga chiqdim. Haydovchi ortidagi to‘siqqa monitor qadalgan, lekin o‘chiq edi. Balki uzoqroq yo‘lga chiqqanida biror konsert yoki film ko‘rsatilar, bu mening taxminim. “Jol aky” – yo‘l kira 10 som (1200 so‘m), maktab o‘quvchilari uchun esa 1 som ekan. To‘rt-besh yo‘lovchi o‘tirgach, “bus” o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Oyna yonidagi o‘rindiqqa joylashgancha atrofni tomosha qilib ketyapman. Go‘yoki o‘tmishga tushib qolgandekman, bundan 30-35 yil ilgari o‘zimizda uchratish mumkin bo‘lgan binolar ko‘zga tashlanadi, transport qatnovi gavjum bo‘lishiga qaramasdan, svetofor va piyodalar o‘tish chiziqlari (zebra) kam, mashina bor-yo‘qligiga qarab yo‘lning istalgan joyidan kesib o‘tib ketayotganlarga ko‘zingiz tushadi. Shahar ichida o‘rtasi panjara yoki beton bilan ajratilgan atigi bitta ko‘chani ko‘rdim (balki ana shunday boshqa ko‘chalarga yo‘lim tushmagandir).

Hashamatli yoki yevropacha uslubdagi binolarni deyarli uchratmadim, o‘tgan asrda qurilgan binolar o‘sha qurilgan paytdagi ko‘rinishida qolgan. Yo‘llarda, asosan, Yaponiya, Germaniyada ishlab chiqarilgan, lekin ko‘rinishidan ancha urinib ketgan mashinalar yuribdi, ba'zi-ba'zida o‘zimizning “Ravon”lar o‘tib qoladi.

Ko‘zni quvontiradigan jihati shundaki, yo‘lning har ikki tomonida baland bo‘yli daraxtlar qator tizilgan. Kun issiq bo‘lishiga qaramasdan, qalin daraxtlarning soyasi ostida piyoda yurging keladi. Yo‘l bo‘yida, asosan, baland va yo‘g‘on chinorlar joylashgan bo‘lib, ahyon-ahyonda ularning ostida odam bo‘yidan balandroq bo‘lib qolgan archalarni uchratish mumkin.

O‘sh avtovokzalida mikroavtobusdan tushib, avtobusga chiqdim. Avtobus ichi keng, o‘rindiqlari yumshoq, yo‘l kira 8 som ekan. Har bir to‘xtalgan va navbatdagi bekat nomi e'lon qilib boriladi. Yo‘l kira haqini avtobusdan tushayotib berasiz.

Chegaralar ochilganidan mamnun haydovchi

Soat birlarda mo‘ljallagan ishlarim bitdi, tushlik qilib olgach, uyga qaytishga taraddudlandim. Xilma-xil rusumdagi taksilar to‘planib turgan joyga kelib, haydovchidan “Do‘stlik”kacha necha pulga olib borib qo‘yishini so‘radim. “Yuz som beraqoling”, dedi u. Tezroq uyga qaytish istagi va charchoq tufayli u bilan tortishib o‘tirmasdan taksiga o‘tirdim.

Mening O‘zbekistondan ekanligimni bilgan taksichi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara ochilganidan mamnunligini aytdi. Qirg‘izistonda savdo jonlangani, qarindosh-urug‘lar bir-birlari bilan diydorlashish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida xursand bo‘lib gapirar ekan, “sizlar biz tomonga qancha ko‘p va tez-tez o‘tib tursangiz, biz o‘zimizni shuncha erkin, suyanchig‘imiz bordek his qilamiz”, deb qo‘shib qo‘ydi.

“O‘zim bo‘lay” tamoyili

“Do‘stlik” chegara bojxona postiga ham yetib keldik. Atrof katta-kichik sumkalar ko‘targan erkak-ayollar bilan to‘lgan. Qirg‘iziston tomondagi o‘tish yo‘lagida erkak-ayol alohida qator bo‘lib tizilib turibdi. Erkaklarga nisbatan ayollar soni taxminan ikki baravarga ko‘proq. Postdan ayollar, bolali ayollar va keksalar tezroq o‘tib ketmoqda. Ammo ayrim ayollarda mana shu ustunlikka qaramasdan yanada ko‘proq ustunlikka ega bo‘lish, “o‘zim bo‘lay” tamoyili kuchli rivojlangan ekan. Sababi, ikki qator navbat o‘rtasidan oldinga yurib, navbatning boshiga turib olishga uringan ayollar ham paydo bo‘lib qoldi. Odamlarni galma-galdan bojxona postiga kiritayotgan qirg‘iz chegarachisi bu ayollarga ortga qaytib navbatga turishlarini aytdi. Ammo ayollar eshitmayotganga olib turaverishdi. Shundan so‘ng u faqat erkaklar o‘tishini e'lon qildi va erkaklarni ichkariga qo‘ya boshladi. Bu esa samarasini berdi va navbatsiz o‘tishga uringan ayollar ortlariga qaytishga majbur bo‘lishdi.

“Anshlag”

Yarim soatlardan so‘ng neytral hududga o‘tib, O‘zbekiston tomonga o‘tiladigan bojxona-nazorat maskaniga kirish darvozasi oldiga yetib keldik. Mana buni “anshlag” desa bo‘ladi. Bu yerda navbatga turishning imkoni yo‘q, chunki navbatning o‘zi yo‘q edi. Bir kishi emin-erkin harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘lakda “ikki yarim” kishi (ikki kishi va ichi to‘la sumkalar) turib olgan. Hech kim bir-biriga yo‘l berishni istamaydi. Hamma “navbat bilan bir tekis tursak tezda o‘tib ketardik”, deydi, lekin hech kim bu ishni boshlab bermaydi. Na harbiylar, na bojxona xodimlariga quloq solinadi, na kattaga, na kichikka yo‘l beriladi.

Ayniqsa, qo‘lida yuki bo‘lmaganlarga qiyin ekan. Bir daqiqa ichida o‘tib ketish mumkin bo‘lgan holatda yuk bilan yo‘lni to‘sib olganlar dastidan uzoq vaqt turishga to‘g‘ri kelarkan. “Hech qanday yuki bo‘lmagan fuqarolar uchun alohida yo‘lak tashkil qilinsa maqsadga muvofiq bo‘larkan”, deb o‘yladim bir chetda turgancha. Ammo hozircha unday yo‘lak bo‘lmagani uchun olomon ortiga turishga majbur bo‘ldim.

Nihoyat, taxminan bir yarim soatlarda pasport nazorati maskaniga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Yaxshi, odamlar ichkarida harholda tartib bilan tizilib turishardi. O‘n besh daqiqalar ichida pasport nazoratidan o‘tdim va yengil nafas olgancha haydovchilar qurshovida avtoturargoh tomon qadam tashladim.

Navbatga turishni qachon o‘rganamiz?

Men yuqorida aytib o‘tgan manzaraga ilk bor duch kelganim yo‘q. Afsuski, aeroportlarda, vokzallarda, tashkilot va idoralarda, xullas, navbatga turish ehtimoli bo‘lgan barcha joyda ana shunday holatni kuzatish mumkin. Boshqalarnikidan avval bizning ishimiz hal bo‘lishini istab shoshamiz, biror joyda navbatda to‘rt kishidan ortiq odam bo‘ldimi, navbatga turish o‘rniga o‘zimizni oldinga uramiz. Navbat bilan bir necha daqiqa ichida hal bo‘ladigan ishni o‘zimiz uzoqqa cho‘zamiz, asablarimiz egovlanadi, zo‘riqamiz, charchaymiz.

Xorijda bo‘lganimda aynan odamlarning navbatga turish madaniyati meni eng hayratga solgan holatlardan biri bo‘lgandi. Bekatda o‘ttiz chog‘li odam bir-birining ortida uzun saf hosil qilib turishganini ko‘rib hayron bo‘lib hamrohimga qaraganimda u “bular avtobus kutishyapti” deya kulib qo‘ygandi. Bunday holatni keyinroq supermarketlarda, muzey va teatrlarda, qisqasi navbat hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha joyda uchratdim.

Hech qanday shovqin-suron, turtkilash, bir-biriga gezarib qarash, so‘kinish degan narsa yo‘q. Navbatda turganlar xoh to‘rt kishi, xoh ellik kishi bo‘lsin, xotirjamlik va sabr bilan navbati kelishini kutadi.

Nega biz ulardek bo‘lolmaymiz? Bizning ulardek bo‘lolmasligimizning sababi nima? Xudbinlikmi, besabrlikmi yoki boshqalardan ustunligimizni ko‘rsatishga urinishmi? Mana shu kamchiligimiz bois navbatni aylanib o‘tishga, ishimizni navbatsiz bitirib beradigan “hojatbaror”ni qidirishga tushamiz, sabr bilan hal bo‘ladigan narsa uchun pul uzatishga tayyor turamiz. Bu esa ayrimlar uchun ayni muddao bo‘ladi.

Balki biz ham sabr qilishni o‘rganarmiz?

Kun.uz jurnalisti Dilshod Asqarov

Ko‘proq yangiliklar: