Sanktsiyalar nega kerak va ular qanday ta'sir o‘tkazadi? 

Jahon 22:30 / 02.09.2018 39958

Sanktsiyalar demokratiyadan ancha olisda yashab kelayotgan davlatlarga nisbatan qo‘llanadi. Biroq, taqdir taqozosi bilan aynan shunday davlatlarga nisbatan sanksiyalar ta'sirchan vosita bo‘lmay, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. 

Foto: AP

Shu yilning 8 avgust kuni Donald Tramp ma'muriyati Skripallar ishiga aralashganlikda ayblanayotgan Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etdi. Shuningdek, birdan kurashning keyingi raundi haqida ma'lumot berildi: bu gal kimyoviy qurollardan foydalanmaslik kafolatiga bog‘liq. Avvalroq, AQSh Turkiyaga nisbatan sanksiyalar e'lon qildi, taqiqlar «guldastasi»dan Eron ham bebahra qolmadi. Bularning barchasi siyosatda bir holat barqaror ekanligidan darak beradi, ya'ni, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, xalqaro munosabat ishtirokchilari tashqi siyosatda sanksiyalardan maqsadga erishish vositasi va bosim kuchi sifatida foydalanmoqda. 

Uilyam Kempfer va uning hamkasblari olib borgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, sanksiya paketlarining 3/4 qismi avtoritar boshqaruv rejimida bo‘lgan davlatlarga qaratilgan. Asosiy paradoks shundan iboratki, aynan ularga nisbatan sanksiyalar kam ta'sir kuchiga ega. Demokratik sharoitlarda iqtisodiy-ijtimoiy tashqi bosimlar mamlakat ichki siyosatiga qattiq zarba beradi. Vaziyat yomonlashib borsa, fuqarolar hukumatdan norozi bo‘lishni boshlaydi, buni xalq saylov yo‘li orqali ham namoyon etadi. Ammo, avtoritar davlatlar bilan ayni jarayon biroz sekinlashadi. 

Sanktsiyalar diktatorlarga qanday tahdid paydo qiladi?

Sanktsiyalar - bu, bor-yo‘g‘i, mamlakat ichki siyosatiga ta'sir o‘tkazishga harakat qilishning bir usuli. Yadroviy dastur, harbiy harakatlar yo notinch vaziyatni keltirib chiqarish bo‘ladimi, bir qator sanksiyalar orqali davlat rahbarlarini «tarbiya»ga chaqirish mumkin. Sanktsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad - mavjud siyosiy rejim barqarorligini ta'minlash imkoniyatiga ega, ammo yuzaga kelgan siyosiy inqirozdan manfaatdor bo‘lmagan kuchlarni uyg‘otish va rahbariyatga bosim o‘tkazishga undashdan iborat. Demokratiyada bu saylovchilar bo‘lsa, avtoritar rejimda ular turli «yuz»larda qiyofalanadi: koalitsiya, boshqaruvchi guruhlar, oligarxlar va diktator tayangan kuchlar. 

Xalqaro sanksiyalar nazariyasiga ko‘ra, taqiq va cheklovlar ikki holatda muvaffaqiyatli yakunlanadi. Birinchidan, sanksiyalar avtoritar rejimni qo‘llab-quvvatlab turgan kuchlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berishni nazarda tutishi lozim. Shundagina diktatorni qo‘llab-quvvatlash iqtisodiy putur yetkazishi ochiq masalaga aylanadi va rahbardan uzoqroq yurish foydali ko‘rinadi. Ikkinchidan, sanksiyalar byudjyet xarajatlarini moliyaviy jihatdan qoplash imkoniyatini yo‘qqa chiqarib, mamlakatda destabilizatsiyani paydo qiladi. Shunda diktator byudjyet sarfini barqarorlashtirish uchun mantiqsiz qarorlarga imzo qo‘yishga majbur bo‘ladi. Vaziyat shunday davom etsa, yoki diktatorni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar yoki xalq aziyat chekishni boshlaydi. Ko‘pincha, bunday holatlarda jarayonlar yakuni hokimiyat ag‘darilishi bilan tugaydi

Hokimiyat bir shaxs qo‘lida jamlangan davlatlarda sanksiya qo‘rqinchli «sovg‘a»

Foto: Depositphotos

Zamonaviy avtoritar rejimdagi davlatlarda yakka shaxs boshqaruvi ostida to‘plangan hokimiyat o‘tmishdagi diktaturalardan farq qiladi. Biroq, tarixdagi voqealar zamonaviy sanksiyalar ta'sir etish mantig‘ini yaratishga yordam beradi. 

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sanksiyalar avtoritar rejimning turlariga qarab qo‘llanishi bilan samarali bo‘lgan. Masalan, XX asrning ikkinchi yarmida eng muvaffaqiyatli sanksiyalar yakka shaxs qo‘l ostida to‘plangan to‘liq avtoritar rejimdagi davlatlarga nisbatan samarali bo‘lgan. Bular sirasiga Kongo Xalq demokratik respublikasidagi (Zair) Mobutu Sese Seko yoki Dominikana Respublikasidagi Truxiloga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni kiritish mumkin. Bu kabi rejimlarning yashab qolishi, ko‘p hollarda, mamlakatdagi tabiiy yer osti va usti zaxiralariga bog‘liq bo‘ladi. Misol uchun, Truxilo mamlakatida bu shakar edi. Bundan tashqari, mamlakat xalqaro iqtisodiy ko‘maksiz yashab ketishi ham qiyin kechadi. Shunday qilib, diktatorning asosiy daromadiga zarba berilishi, uning keyingi taqdirini ham belgilab beradi.

Uganda qahvasiga nisbatan joriy etilgan AQSh va bir qator G‘arb davlatlarining sanksiyasi Uganda iqtisodiyotining 90 foizini tashkil etuvchi tarmoqqa zarba berdi. Oqibatda, mamlakatni boshqarib kelgan Idi Amin Ugandadan qochib ketishga majbur bo‘ldi. Yoki Serra-Leone misolida ko‘rsak, Liberiya prezidenti Charlz Teylor qo‘shni mamlakatdagi qurolli harakatlarni qo‘llab kelganlikda ayblangan. Unga nisbatan xalqaro sanksiyalar kiritildi, Serra-Leoneda vaziyat tinchidi, Teylor esa istefoga chiqdi. Lekin, iqtisodiyoti eksportga qaram bo‘lmagan, har xil tayanch kuchlariga ega va xalqaro iqtisodiy ko‘makka muhtoj bo‘lmagan davlatlarga nisbatan sanksiyaning ham kuchi kesiladi. Demokratik sifat unsurlarga ega, mohiyatan avtoritar davlatlarning iqtisodiyoti diversifikatsiyalashgan bo‘lib, ular o‘rta darajadagi sanksiyalarga bardoshli bo‘ladi. Masalan, AQShning Meksikaga qarshi kiritgan sanksiyalari 2000 yilga qadar hech naf bermadi. Aksincha, Meksika iqtisodiyotining yillik YaIM o‘sishi 5 foizga qadar ko‘tarildi

Sanktsiyalar sharoitida hokimiyatni saqlab qolish mumkinmi?

Siyosiy iqtisodiyotda shunday mulohaza paydo bo‘lgan: avtoritar rejim repressiya hisobiga yoki xavf tug‘dirayotan siyosiy guruhlarning sadoqatini sotib olish -  kooptatsiya evaziga yashab ketishi mumkin. Aslida, kooptatsiya boshqaruvning eng ishonchli usuli hisoblansa-da, bu amaliyotni o‘tkazish uchun mablag‘ topilmasa-chi?

Tadqiqot natijasi shunday deydi: bu rejim turiga bog‘liq. Abel Eskriba-Folch demokratiyadan uzoqda bo‘lgan rejimlarning sanksiya payti tanlagan strategiyalarini o‘rganib, shunday xulosaga keldi: bu davrda repressiya ortaveradi, ammo bir partiyaviy rejimlarda sotsial transfert oshadi, yakka shaxs boshqaruviga qattiq bog‘langan davlatlarda esa kapital sarmoyasi kamayadi. Yuqorida ta'kidlanganidek, diktatorga bu vaziyat juda qiyin kechadi, u uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ko‘zlab ish tutishga va uning siyosati bilan kelishmaganlarni qatag‘on qilishga majbur bo‘ladi.

Rossiyaga sanksiyalar ta'sir qilyaptimi?

Anton Denisov/RIA «Novosti»

Rossiyadagi siyosiy rejim yakka shaxs boshqaruviga qaramdek ko‘ringani bilan, rus boshqaruvi Afrikadagi Amin rejimi bilan bir qatorda ko‘rilmaydi. Ruslar bilan yuz berayotgan vaziyatni to‘g‘ri anglash uchun elektoral avtoritarizm tushunchasiga murojaat etamiz. Ya'ni, rejim boshlig‘i hokimiyatni saqlab qolish uchun nafaqat tor doiradagi koalitsiya kuchiga, balki xalq ishonchiga ham suyanadi. 

Avvalgi anti-rus sanksiyalari muayyan shaxslarning manfaatiga putur yetkazgan bo‘lsa, turli ijtimoiy guruhlar kuchlarining qayta taqsimoti orqali hosil bo‘lgan ziyon qoplandi. Yangi sanksiyalar savdo munosabatlariga salbiy ta'sir o‘tkazsa, uning salbiy oqibatlari oddiy xalqqa ham yetib borishi tayin. Shu tufayli, hukumat alohida ijtimoiy guruhlar yoki norozilik kayfiyatida bo‘lgan fuqarolarga kompensatsiya taqdim etishi mumkin. Aholining real daromadida kuzatilayotgan pasayish faqat uzoq davom etayotgan sanksiyalar tufayli emas, balki, iqtisodiy inqiroz, rublning kuchsizlanishi va neft narxining tushib ketishi ham inobatga olinadi. 

Agar pensiya islohoti doirasida pensiyaning indeksatsiyasi yuz bersa, kattagina ijtimoiy guruhlar sadoqatini sotib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu o‘rinda repressiyani jilovlash muhim shart hisoblanadi. Bundan tashqari, Rossiya uzoq muddatdan beri turli sanksiyalar ta'sirida bo‘lib kelmoqda, ya'ni rejim ayrim cheklov va taqiqlarga nisbatan o‘zidan adaptatsiya hosil qila oldi, deyish mumkin. Shuning bilan, sanksiyalar samarasi pasayadi. Ayni holatda, mamlakat sanksiyalar joriy etilgan boshlang‘ich nuqtadagi sharoitiga qaytib oladi.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: