OVIRdan qutulmagan O‘zbekiston va pasport atrofidagi mashmashalar

O‘zbekiston 23:07 / 29.08.2018 108094

​1974 yili 28 avgustda SSSR davlatida ilk marta dehqonlarga pasport berila boshlangan. Qariyb yarim asr mobaynida sobiq sho‘rolar hukumati aholining barcha qatlam vakillariga birdek pasport taqdim etmadi. Gap shundaki, sovetlar xalqning ijtimoiy himoyaga o‘ta muhtoj hamda intellegentsiyasi vakillarining xorijga ketib qolishidan qo‘rqqan. 

XX asrning 20-yillarida amaliyotga tatbiq etilgan kollektivizatsiya islohoti qishloq xo‘jaligi xodimlarining mehnatini arzimas to‘lov va mahsulotlar qiymatiga tenglashtirdi. Shunday so‘ng, dehqonlarning ish joyini tark etib, aholi gavjum, nisbatan markaziy shaharlarga ish izlab kelishi kuchaydi. 1932 yili Markaziy ijroiya qo‘mita yangi qarorni e'lon qildi: mamlakatda yagona pasport tizimi joriy etiladi. Shu orqali fuqarolarning davlat ichida shaharlararo erkin harakatlanishini cheklovchi propiska tizimi ham paydo bo‘ldi. 

Kolxozchilarning mamlakatdan umuman chiqib ketolmaslik, shuningdek, yirik shaharlarga ko‘chib bormasligi uchun, ularga pasport ham berilmadi. Bu jarayon 1974 yil 28 avgustga qadar davom etdi. Rasman kolxozchining boshqa shaharga ko‘chib o‘tishga, xorijga chiqishga ham imkoniyat bor edi: buning uchun unga kolxoz raisining yozma ruxsatnomasi taqdim etiladi. Faqat 1983 yili Sovmin e'lon qilgan yangi qarorga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan barcha SSSR fuqarolari pasport olishga haqli va majbur bo‘ldi. 

Tarix silsilasida muhrlangan ushbu voqealarning bir jihati O‘zbekiston fuqarosini ajablantirmaydi. Ya'ni, kolxoz raisi ruxsat bergandagina chetga chiqish imkoniyati hanuzgacha O‘zbekistonda o‘zgacha shaklda barhayot. Bu xalq tilida ommalashgan OVIR (SSSR IIV tizimida mavjud Otdel viz i registratsii so‘zlarining abbreviaturasi) yoxud xorijga chiqish uchun ruxsatnomasini (stiker) eslatib yuboradi. 

Ming shukrki, sobiq sovet elementi (balki quldorlik dermiz) hayotimizdan yo‘q bo‘lib ketishi mumkin (edi). Gap shundaki, ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda shu yilning uchinchi choragida xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Ammo, biroq, lekin... 

Ma'lum qilinishicha, ID-kartalar haqiqiy amaldagi biometrik pasportlarni almashtiradi, stikerlar belgilangan muddatgacha amal qiladi. Shundan so‘ng, yangi tartibga ko‘ra, xorijga chiqish uchun «millati» ustuni qo‘shilmagan yangi pasport beriladi. Soddaroq qilib aytganda, fuqarolar ID-karta va xorijga chiqish pasporti bilan qoladi. Bu amaliyot barcha rivojlangan mamlakatlarda ham uchraydi. Xursand bo‘lishga shoshilmaymiz, zero, masalaning nozik jihatlari ham bor. 

O‘zbekistonlik huquqshunos Nodir Zakirovning aytishicha, joriy etilganiga 5 yil bo‘lgan qo‘limizdagi pasport xorijga chiqish uchun barcha standartlarga javob beradi. 

«Hozirgi biometrik pasportimiz siz-u bizga necha pulga tushganini bilasizmi? 2010 yil O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi biometrik pasportlarni yo‘lga qo‘yish uchun Fransiyaning Oberthur Technologies kompaniyasiga 75,1 million yevrolik shartnoma taqdim etgan», deb yozadi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi.

Haqiqatan, O‘zbekiston milliy pasporti Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkilotining barcha talablariga javob beradi, unda vizalar uchun maxsus varaqlar mavjud, eng ilg‘or texnologiya asosida yaratilgan mikroprotsessor o‘rnatilgan. Amaldagi pasportdan voz kechib, yangi shunday (balki tusi o‘zgarib qolar, aytgancha «millati» ustuni yo‘qoladi-ku) shakldagi pasportga o‘tish nimaga kerak? Hozir, yana byudjyetdan shuncha o‘rinsiz xarajat kerakmi?

Gapning boshqa tomonida surat o‘zgacha: Jahon banki 2017 yili Oberthur Technologies fransuz kompaniyasining korruptsion kirdikorlari uchun, unga nisbatan sanksiya e'lon qilgan. Kompaniya (ayni paytda u Idemia deb ham ataladi) Bangladeshda milliy  ID-karta tizimini joriy etish bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritish uchun pora berganlikda ayblanadi. Shunday qilib, kompaniya Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarda 2,5 yilga ishtirok etish huquqidan mahrum etilgan. Ha, aynan O‘zbekiston fuqarolari uchun amaldagi biometrik pasport tizimini ishlab chiqishda ishtirok etgan kompaniyaning shunday kirdikorlari oshkor bo‘ldi. Bundan tashqari, anonim qolish sharti bilan suhbatlashgan yuqori mansabdor shaxsning ta'kidlashicha, biometrik pasport bazasini muvofiqlashtirib turuvchi dastur texnik jihatdan eskirmoqda. Uni quvvatlab turish uchun dasturning yangi kalitini sotib olish shart. Bunday masala mana shu pasportni joriy etish paytida ham o‘ylab ko‘rilganmi, bizga noma'lum. Gapning indallosi, yangi xorijga chiqish pasporti amaldagi pasport bilan yuzaga kelayotgan masalalarni ham to‘ldirib ketishi, balki yangi firibga ham yo‘l ochishi mumkin. 

Demak, barcha standartlarga javob beradigan pasportimizni yana shunday pasportga almashtirishdan yuqori mansabdor shaxslar manfaat ko‘rishi mumkinmi? Kim bilsin, ammo yangi xorijga chiqish pasporti bilan ham inson huquq va erkinliklari ham to‘la tiklanmaydi. Gap shundaki, yangi xorijga chiqish pasporti ham amaldagisi kabi 10 yil muddatga berilishi nazarda tutilgan. (Yana suhbat bo‘lar, mahalladan, MIBdan qarzi yo‘qligi haqida  ma'lumotnoma, bankdagi hisob raqamlari so‘ralishi mumkin). 

De fakto ishning bunday davom etishi xorijga chiqish ruxsatnomasini taqdim etuvchi stikerning pasportga aylanib qolishini anglatmoqda. Agar shunday bo‘lsa, masalaning soddaroq yechimini taklif etamiz: OVIR bekor qilinmasin. Davlat byudjyetidan yana mablag‘ sarflab, odamlarni ovora qilib yangi pasport tarqatilmasin. Shunchaki stikerning umri 10 yilga qadar cho‘zilsa, bas. Ha, aytgancha, shunda ID-karta va amaldagi pasportimiz bilan qolamiz, faqat unga yopishtiriladigan stiker 10 yilga berilishi lozim. 

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: