O‘zbekiston | 21:47 / 13.08.2018
7837
3 daqiqa o‘qiladi

Advokatlar faoliyatida pro bono tizimi va taqdim etilgan huquqlar haqida bilasizmi?

Foto: Fotolia

Uzoq yillardan beri oddiy xalq vakili faqat sud yoxud huquq-tartibot organlariga chaqirtirilganda advokat xizmatidan foydalanishni o‘ylardi. Ammo, zamon va talablar o‘zgarib borishi bilan advokatlar tomonidan sifatli yuridik xizmatni ko‘rsatilishiga ehtiyoj yuqorilab bormoqda. Bunday xizmat nafaqat sud, tergov harakatida, balki fuqaroviy shartnomalarni tuzish hamda boshqa shu kabi masalalarda ham keng qo‘llanmoqda.

Advokatning sifatli yurdik xizmat ko‘rsatilishiga halaqit berayotgan omillar qanday?

- ayrim surishtiruv/tergovchilarning advokatlar himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashuvida yuzaki sabablarga ko‘ra to‘sqinlik qilish;

- advokatlik so‘rovlariga e'tiborsizlik;

- Advokatlar palatasining advokatlar huquqlarini himoya qilishdagi rolining pastligi;

- faoliyatni litsenziyalashda yuridik amaliyotning tegishli sohaga bo‘linishi hisobga olinmaganligi;

- advokatlik litsenziyasining amal qilinishini to‘xtatish va tugatishda ma'muriy ta'sirlar mavjudligi;

2018 yil 12 may kuni “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni e'lon qilindi. Hujjat bilan advokatga 1 iyuldan boshlab quyidagi huquqlar berildi: 

- nizolarni sudgacha hal qilish;

- tomonlarni yarashtirish;

- hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish. 

Advokatning stajirovka muddati 3 oyga qisqartirildi. Stajirovka o‘tashdan (3 yil belgilangan tartib bo‘yicha mehnat faoliyatiga ega) yuridik xizmat xodimlari, sudya, tergovchi yoki prokurorlar ozod etiladi. Advokatning litsenziyasini tugatish uchun asos bo‘ladigan uzrli sabablarsiz o‘z kasb majburiyatlarini bajarmaslik muddati 6 oyga uzaytirildi. Farmonga muvofiq, advokatlar himoya ostidagi shaxslar bilan begona shaxslarning qatnashuvisiz uchrashadi, sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini olib kirish huquqiga ega. 

Ammo, Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulovning aytishicha, aynan tergov va hibsxona binosiga aloqa vositasi bilan kirmoqchi bo‘lgan advokatlarga haligacha tegishli idoralar tomonidan ruxsat tegmayapti. 

«Bu masalada manfaatdor vazirlik va idoralarning ichki tartib hujjatlari qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Shu haqda Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligiga rasmiy murojaat qilgan va javobni kutyapmiz», deydi u. 

Ma'lum qilinishicha, xorijiy davlatlarda va O‘zbekistonda advokatlarning aholi soniga nisbati hisoblansa, tafovut juda katta bo‘ladi. Masalan, AQShda 256 nafar fuqaroga 1 nafar advokat to‘g‘ri kelsa, bu raqam O‘zbekistonda 7718 nafar kishini tashkil etadi. Italiyada 260, Germaniyada 500, Ozarbayjonda esa 667 nafar fuqaroga bir nafar advokat nisbati to‘g‘ri keladi. 

Shu tufayli Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatishni (pro bono) rivojlantirish bo‘yicha loyiha ustida ish olib bormoqda. ​

Mavzuga oid