Inson kapitaliga investitsiya kiritish mamlakat raqobatbardoshligini oshiradi 

Iqtisodiyot 13:35 / 12.07.2018 16004

Jahon banki prezidenti Jim Yon Kimning Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli «Foreign affairs» jurnali saytida chop etilgan tahliliy maqolasida qanday qilib hukumatni inson kapitaliga sarmoya yo‘naltirishga ishontirish mumkinligi haqida so‘z boradi.

Foto: AKINTUNDE AKINLEYE / REUTERS

Inson kapitalini rivojlantirishdagi uzilishlar

Hukumat iqtisodiy o‘sishni ta'minlashga intilar ekan fizik kapital – muhtasham ko‘priklar, yangi yo‘llar, zamonaviy aeroportlar va boshqa infratuzilmalarni barpo etishga investitsiya kiritishga e'tiborni qaratadi. 

Odatda, ular aholi salomatligi, bilim va ko‘nikmalari, tajriba va turmush tarzini o‘zida mujassam etgan inson kapitaliga investitsiya kiritishdan unchalik manfaatdor emas. Bu katta xato, negaki, inson kapitaliga investitsiya kiritishga nisbatan beparvolik mamlakat raqobatbardoshligini keskin pasaytirib yuborishi mumkin. Zero, mamlakat iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishi uchun iste'dodli odamlarni tarbiyalash talab etiladi. 

Jahon banki guruhining butun faoliyati davomida ekspertlarimiz iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiluvchi, odamlarga kambag‘allikdan xalos bo‘lishga yordam beruvchi hamda rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga sarmoya kiritishi mumkin bo‘lgan har bir jihatni o‘rgandi. 

2003 yilda bank «Doing Business» nomli ilk yillik hisobotini chop etgan va unda soliqqa tortishdan to shartnomalarni bajarishgacha bo‘lgan har bir mezon bo‘yicha mamlakatlarning qiyosiy tahlili o‘tkazilgan edi. 

Hisobot xulosalarini inkor etishning imkoni yo‘q. Sababi davlat rahbarlari va moliya vazirlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kamayishi mumkinligi bilan bog‘liq tavakkalchilikka duch keldi. Chunki kompaniyalar eng maqbul ishbilarmonlik muhitiga ega mamlakatlarga sarmoya kiritishni afzal biladi. Keyingi 15 yilda «Doing Business» hisobotlari 3180 dan ortiq islohotni amalga oshirishga ko‘maklashdi.

Bugungi kunda bank xuddi shunday yondashuvni ilgari surgan holda, hukumatlarni insonlarga sarmoya kiritishga da'vat etmoqda. Jahon banki guruhi vakillari inson kapitali xodimlarning keyingi avlodi ishi samaradorligiga qanday ta'sir ko‘rsatishini baholash indeksini ishlab chiqmoqda. 

Indeks shu yilning oktabr oyida Balida bo‘lib o‘tadigan Jahon banki guruhining yillik yig‘ilishida taqdim etiladi. Unda bugun dunyoga kelgan bola 18 yoshga yetganda umid qilishi mumkin bo‘lgan salomatlik holati, shuningdek, ta'limning sifat va miqdor ko‘rsatkichlari aks etadi. 

Olimlar inson kapitalini rivojlantirishning afzalliklari haqida ko‘p narsalarni biladi. Biroq bu rivojlangan davlatlarning shu yo‘nalishdagi harakatlarini jadallashtirishga ishonchli da'vat bo‘la olmadi. 

So‘nggi o‘ttiz yilda boy va qashshoq mamlakatlarda hayot davomiyligi bir-biriga yaqinlasha boshladi. Ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari sezilarli ravishda ortdi. Biroq muammolar shu bilan barham topmadi. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning qariyb to‘rtdan biri to‘yib ovqatlanmaydi, 260 milliondan ziyod bola va yosh maktabda o‘qimaydi, rivojlanayotgan mamlakatlarda maktab yoshidagi kichik bolalarning 60 foizida hamon minimal ta'lim olish imkoniyati mavjud emas.

Foto: THIERRY GOUEGNON / REUTERS

Inson salohiyatining ahamiyati

Inson kapitalining ahamiyatini bir nechta turli usullarga asosan baholash mumkin. An'anaga ko‘ra, iqtisodchilar buni ko‘proq ta'lim olgan odamlarning daromadi bilan hisoblar edi. 

Tadqiqotlar har bir qo‘shimcha ta'lim yili inson daromadini o‘rtacha 10 foizga oshirishini ko‘rsatdi. Bunda ta'lim sifati ham muhim. Misol uchun, AQShdagi boshlang‘ich maktabning alohida sinfida malakasi past o‘qituvchini o‘rta darajadagi mutaxassisga almashtirish o‘quvchilarga butun umri davomida 250 ming dollargacha umumiy daromad olish imkonini beradi. 

Ammo kognitiv imkoniyatlar inson kapitalining yagona ko‘rsatkichi emas. Mardlik, iroda va halollik kabi ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalar, odatda katta iqtisodiy samaradorlik keltiradi. Sog‘liq ham muhim ahamiyatga ega. Negaki, sog‘lom insonlarning mehnat samaradorligi yuqori bo‘ladi. 

Misol uchun, 2015 yilda Keniyada o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bolalarga narxi atigi 30 sentga teng gelmintlarga qarshi dori vositalarini berish maktabda dars qoldirishni kamaytirishga, keyinchalik esa mustaqil hayotga qadam qo‘yganda oylik maoshining jami 20 foizga oshishiga olib keldi. 

Erta yoshdan inson kapitalini turli yo‘llar bilan o‘lchab borish yaxshi samara beradi. Bolani go‘daklikdan to‘g‘ri ovqatlantirish, sog‘lom rivojlanishini rag‘batlantirish keyinchalik uning jismoniy va ruhiy farovonligini yaxshilaydi. 

Ayni paytda bolalikda kognitiv va ijtimoiy-hissiy imkoniyatlarda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni balog‘at yoshiga yetganda tuzatish qimmatga tushadi. Shuning uchun hukumat tomonidan inson kapitalini bola hayotining dastlabki 1000 kunligida rivojlantirish iqtisodiy samara beradi. 

Bularning barchasi iqtisodiy o‘sish bilan nechog‘li bog‘liq? Birinchidan, inson kapitaliga individual sarmoyalardan olinadigan foyda qo‘shilsa, umumiy samara alohida qismlar miqdoridan ko‘proq ekanligi ayon bo‘ladi. 

Keniyadagi maktab o‘quvchilariga qaytadigan bo‘lsak, birgina bolaning gelmintlardan xalos bo‘lishi boshqa bolalarning zararlanish ehtimolini kamaytiradi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning kelajakda yaxshi o‘qishi va ulg‘aygach nisbatan katta maosh olishiga olib keladi. 

Inson kapitalini rivojlantirishning ayrim afzalliklari jamlanib, sarmoya kiritilayotgan avlod bilangina cheklanib qolmaydi. Masalan, onaning farzandning prenatal parvarishi haqidagi bilimini boyitish bolalarning go‘dakligidanoq sog‘lig‘ini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, inson kapitaliga individual investitsiyalar umumlashtirilganda, turli mamlakatlarda inson kapitaliga kiritilgan investitsiya bilan aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar o‘rtasidagi tafovut 10 foizdan 30 foizgacha bo‘lishini ko‘rsatdi. 

Misol uchun, XIX asr o‘rtalarida Braziliya ziyoli yevropaliklarning San-Pauloga immigratsiyasini rag‘batlantirgan. Natijada 100 yildan so‘ng bu shtatda yuksak darajadagi ta'lim, qishloq xo‘jaligiga nisbatan sanoatda ko‘proq bandlik, shuningdek, aholi jon boshiga yanada yuqori daromad kuzatildi. 

Ayniqsa, ta'lim katta samaradorlik keltiradi, shuning uchun u qashshoqlik ko‘lamini qisqartirishda muhim rol o‘ynaydi. Buni Gana tarixi ham tasdiqlaydi: 1990 yillarda va 2000 yillar boshida mamlakat ta'limga ketadigan xarajatlar miqdorini ikki barobar ko‘paytirish orqali asosiy ko‘rsatkichlarni keskin oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada 1999 yildan 2012 yilgacha mamlakatda savodxonlik darajasi 64 foizga yetdi, qashshoqlik darajasi esa 61 foizdan 13 foizga tushdi. 

Ta'limga kiritiladigan sarmoyalar ham jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishi mumkin. Aksariyat mamlakatlarda nisbatan o‘ziga to‘q oilalarda tug‘ilgan farzandlar bolalikdanoq keng imkoniyatlardan foydalanishni boshlaydi va bu butun umri davomida qator afzalliklarga olib keladi, aksincha, nochorroq oilalar farzandlari bunday imkoniyatlardan foydalana olmaydi. 

Bunday muammoni hukumat tomonidan hal etish bo‘yicha sa'y-harakatlar amalga oshirilganda iqtisodiy tengsizlikning qisqarish tendensiyasi kuzatiladi. Shimoliy Karolinada o‘tkazilgan tadqiqot agar Qo‘shma Shtatlar bolalikdanoq samarali rivojlanish dasturlaridan foydalansa, mamlakatda daromadlardagi tengsizlik 7 foizga kamayishini ko‘rsatdi. Bu esa AQShning Kanada darajasiga erishishi uchun yetarli. 

Inson kapitaliga sarmoya kiritishdan jamiyat ham katta manfaat ko‘radi. Uzluksiz maktab ta'limi turli jinoyatlar sodir etilishi ehtimolini kamaytiradi. 

2017 yilda Liberiyada narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar, o‘g‘rilar va jinoyatga moyil boshqa erkaklar kognitiv-axloqiy terapiyaga yo‘naltirilishi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazilgan. Bu ularga o‘z hissiy holatini anglab yetish, o‘zini idora etishni yaxshilash va murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l tutish kabi ko‘nikmalarni shakllantirishni ko‘zda tutgan. Unchalik ko‘p xarajat talab etmagan dastur ushbu insonlarning jinoyat olamiga qaytishi ehtimolini sezilarli darajada qisqartirdi. 

Inson kapitali shaxsning jamiyat hayotida ishtirok etishi bilan bog‘liq. 1970 yillarning o‘rtalarida Nigeriyada umumiy boshlang‘ich ta'lim joriy etilib, bolalarning katta qismi boshlang‘ich maktablarga qamrab olindi. Bir necha yil o‘tib, bu yigit va qizlar yangiliklar bilan qiziqish, tengqurlari bilan siyosat haqida suhbat qurish, palata yig‘ilishlari va saylovlarda ishtirok etishni boshladi. 

Inson kapitaliga investitsiya kiritish ishonch darajasini ham oshiradi. O‘qimishli insonlar boshqalarga ko‘proq ishonadi, ishonch darajasi baland bo‘lgan jamiyat odatda nisbatan yuqori iqtisodiy o‘sishga erishadi. Shuningdek, ular ancha sabrli ham bo‘ladi: tadqiqotlar yigirmanchi asr o‘rtalarida Yevropada amalga oshirilgan maktab islohotlari odamlarning migrantlarga nisbatan bag‘rikengroq bo‘lishiga xizmat qilgan. 

Foto: JAMES AKENA / REUTERS

Ayon bo‘lgan haqiqatlar 

Inson kapitali o‘z-o‘zidan yuzaga chiqmaydi, u davlat tomonidan rivojlantirilishi lozim. Xususan, ko‘pincha inson kamoloti uchun investitsiya kiritish va bu sarmoyaning boshqalarga ham tarqalishi omili inobatga olinmaydi. 

Masalan, ota-onalar o‘z farzandining gijjasini davolash haqida qaror qabul qilar ekan, avvalo, uning salomatligi haqida qayg‘uradi. Biroq bu harakatlar boshqa bolalarning kasallanish xavfini kamaytirishini eslamaydi. 

Yoki farzandning bog‘chadayoq ko‘proq bilimga ega bo‘lishi uchun pul sarflayotgan ota-onalarni olaylik. Ular shu orqali kelajakda jinoyatchilikning kamayishi va mahbuslar sonining qisqarishi singari yanada kengroq ijtimoiy ahamiyatga ta'sir ko‘rsatayotganini e'tiborga olmaydi. 

2010 yilda Michiganda ishlab chiqilgan maktabgacha ta'lim dasturlaridan birining samaradorligi o‘rganilganda sarflangan har bir dollar jamiyatga 7 dollardan 12 dollargacha foyda bo‘lib qaytgani aniqlangan. 

Ba'zi hollarda jamiyatda qabul qilingan normalar ota-onalarni o‘z farzandiga sarmoya kiritishdan qaytaradi. Ota-onalarning o‘g‘liga qiz farzandidan ko‘ra ko‘proq e'tibor qaratishi avvaldan ma'lum. Biroq ushbu kamsitish ta'siri kelgusida kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. 

Masalan, Hindiston hukumatining hisob-kitoblariga qaraganda, mamlakatda 21 millionga yaqin ana shunday “istalmagan qizlar” mavjud. Bu qizaloqlar ham salomatlik, ham ta'lim nuqtai nazaridan ota-onasidan kamroq e'tibor ko‘radi. 

Boshqa holatlarda oilalar o‘z bolalariga sarmoya kiritishni istaydi, biroq bunga qurbi yetmaydi. Kambag‘al ota-onalarda iste'dodli bolalarini maktabda o‘qitishga pul to‘lashi uchun kredit olish imkoni yo‘q. Hatto ta'lim bepul bo‘lgan taqdirda ham ular transport va maktab xarajatlari uchun pul topishi zarur. Bola oilaga qo‘shimcha daromad keltirishi uchun ishlashi va shu boisdan maktabda o‘qiy olmasligi bilan bog‘liq holatlarni aytmasa ham bo‘ladi. 

Hukumatlarning inson kapitaliga investitsiya kiritishi muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, siyosatchilar ko‘pincha bunga qarshi turadilar. Amaldorlarda o‘zini oqlashga bir necha o‘n yillar talab etadigan dasturlarni qo‘llab-quvvatlash uchun rag‘batning o‘zi yo‘q. 

Misol uchun, epidemiya mavjud bo‘lmagan holatda siyosatchilar jamiyatdagi sog‘liqni saqlash ahvoliga e'tiborni susaytirishi mumkin. Aholi salomatligini ta'minlash bo‘yicha loyihalar soliqlarni oshirish yoki yanada muhimroq xarajatlar, xususan, infratuzilma yoki ijtimoiy ehtiyojlar uchun ajratilgan mablag‘lardan bir qismini olish yo‘li bilan moliyalashtirilganiga misollar juda kam. 

2012 yilda Nigeriya hukumati onalik va bolalikni muhofaza qilish uchun ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish maqsadida mamlakatdagi yoqilg‘i mahsulotlariga subsidiyalarni bekor qilganida jiddiy qarshilikka uchragan edi. Ushbu masalani OAVda yoritishda bor e'tibor subsidiyalarning to‘xtatilishiga qaratilgan va jamiyat uchun o‘ta zarur bo‘lgan birinchi tibbiy-sanitar yordamni kengaytirish masalasiga kam ahamiyat berilgandi. Keng miqyosdagi ijtimoiy noroziliklardan so‘ng subsidiya qayta tiklangan. 

Ba'zi davlatlarda bunday norozilik qisman ijtimoiy kelishuvning zaifligi bilan izohlanadi: fuqarolar o‘z hukumatiga ishonmaydi va shu sababdan, o‘zlarining fikricha, keyinchalik izsiz yo‘q bo‘lib ketadigan soliqlarni to‘lashga ikkilanadi. 

O‘zligini namoyon qilish muammosi hamma joyda murakkab. Butun dunyoda haddan tashqari ko‘p bolalar o‘qishni bilmaydi, chunki ularning o‘qituvchilari yetarli darajada bilimga ega emas. “Xizmatlar ko‘rsatish darajalari” ushbu muammoning tub mohiyatini ochib bergan tashabbus bo‘ldi. U Jahon banki guruhi tomonidan Afrika iqtisodiy tadqiqotlar konsorsiumi bilan hamkorlikda Afrikaning Sahroi Kabirdan janubda joylashgan mamlakatlaridagi ma'lumotlarni to‘plash maqsadida ilgari surilgan edi. 

Yettita davlat – Keniya, Mozambik, Nigeriya, Senegal, Tanzaniya, Uganda va Togoda to‘rtinchi sinf o‘qituvchilarining 66 foizigina til bo‘yicha ushbu sinf o‘quv dasturini o‘zlashtirgan, 68 foizi matematikadan dars berish uchun talab etiladigan minimal bilim darajasiga ega ekan. 

Mazkur davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasida ishlayotgan tibbiyot xodimlari faqat 53 foiz holatda bezgak, diareya, zotiljam, sil va diabet singari kasalliklarga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olgan. 

O‘zini namoyon qilish bu borada xizmat qilayotgan insonlar vazifasini sidqidildan bajarishiga yetarlicha rag‘bat bo‘lmagan joylarda ham mushkullashadi. 

Yuqorida tilga olingan yetti davlatda o‘qituvchilar belgilangan dars soatlarining yarminigina o‘tgan. Ko‘p hollarda muammoning ildizi davlat xizmatchilari ma'muriy-buyruqbozlik avj olgan sharoitda, xizmat pog‘onalaridan ko‘tarilish mehnat natijasiga emas, balki tanish-bilishlar bilan aloqalarga qarab yuz beradigan sharoitlarda ishlashiga borib taqaladi. 

Darvoqe, ijobiy misollar ham bor. Markaziy hokimiyat, mahalliy organlar va xizmat ko‘rsatuvchilarning maqsadlari mushtarak kelsa, mamlakatlar inson kapitalini yaxshilash borasida katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishi mumkin. 2004 yilda Argentinada Jahon banki guruhi ko‘magida amalga oshirilgan “Plan Nacer” dasturi ana shunday ijobiy samara keltirgan edi. 

Dastur tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lmagan oilalarga uni olishda yordamlashishni ko‘zda tutgan edi. Unga muvofiq, mablag‘lar hududlarga provinsiyadagi onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarining qamrovi hamda sifatini belgilovchi ko‘rsatkichlar, shuningdek, ushbu xizmatlarni yaxshilashga turtki bo‘luvchi yondashuvlar asosida taqsimlandi. “Plan Nacer” loyihasi bo‘yicha moddiy yordam olgan provinsiyalarda chaqaloq dunyoga kelganida vazni me'yordan past bo‘lishi ehtimoli 19 foizga kamaydi. 

Rivojlanayotgan mamlakatlarda tobora ko‘proq aholi sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarining yaxshilanishini talab qilmoqda. Masalan, Peruda fuqarolik jamiyati guruhlari tomonidan tashkil qilingan tashviqot tadbirlari 2006 yilgi saylovlar davrida bolalar masalasining siyosiy munozaralarda dolzarb mavzuga aylanishiga olib keldi. 

Siyosatchilar ham, o‘z navbatida, besh yil ichida bolalarda bo‘y o‘sishining sekinlashish hollarini 5 foizga kamaytirish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yib, bunga munosabat bildirdi. Mamlakat bu murakkab vazifani hatto ortig‘i bilan uddalay oldi: 2008 yildan 2016 yilga qadar besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda bo‘y o‘sishining sekinlashish ko‘rsatkichlari taxminan 15 foizga pasaydi. Bu har qanday holatda ham o‘zgarishlarga erishish imkoni borligini ko‘rsatuvchi yaqqol dalildir.

Ko‘proq yangiliklar: