Fransiya yarim finalda. Grizmann avlodi chempion bo‘ladimi?

Sport 11:13 / 07.07.2018 9121

Fransiya terma jamoasi jahon chempionati 1/4 finalida Urugvayni mag‘lubiyatga uchratib (2:0), yarim finalga yo‘l oldi.

Birinchi bo‘limda Antuan Grizmanning jarima nuqtasidan oshirgan to‘pini Rafael Varan boshi bilan darvozaga joyladi.

Foto: Twitter 

Tanaffusdan keyin Grizmanning o‘zi raqib jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan to‘p Fernando Musleraning qo‘pol xatosidan keyin darvoza to‘riga borib tushdi, urugvaylik darvozabon o‘ziga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi. 

Foto: Twitter 

Shu tariqa Oskar Tabares jamoasi 2017 yil martidan buyon ilk mag‘lubiyatini qabul qildi va turnirni tark etdi. Fransiya esa 10 iyul kuni Sankt-Peterburgda Braziliyani turnirdan chiqarib yuborgan Belgiyaga qarshi yarim final o‘yinida maydonga chiqadi.

Foto: Sport Ekspress

Frantsuzlarning muvaffaqiyati - Dide Deshamning muvaffaqiyatidir. Ushbu mutaxassisni ko‘p tanqid qilishadi, ammo statistika u bunga loyiq emasligini ko‘rsatadi. Fransiya termasi Desham davrida 2014 yilgi jahon chempionati chorak finaliga chiqqan (Germaniyadan 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat), 2016 yilgi Yevropa chempionatida finalda o‘ynagan (Portugaliyadan 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat) va endi bu safargi turnirda hozircha yarim finalda.

Ko‘rinishidan Fransiya uchun bu ko‘rsatkichlar standart ko‘rsatkichlar bo‘lishi kerakdek. Ammo Desham kelguniga qadar vaziyat ancha yomon edi.

2006 yilgi jahon chempionati finalidagi alamli mag‘lubiyatdan keyin fransuz futbolida xaos yuzaga keldi. Qariya futbolchilarni yig‘ib olgan Domenek 2008 yilgi Yevropa chempionatida sharmanda bo‘ldi - guruh bosqichidagi oxirgi o‘rin, 3 o‘yinda to‘plar nisbati - 1:6.

Yana 2 yil o‘tib JARdagi jahon chempionati ham barbod qilindi, ichki nizolar va guruhda yana oxirgi o‘rin.

Fransiya futboli rahbariyati shundan keyingina murabbiyni almashtirdi - Domenekning o‘rnini egallagan Loran Blan terma jamoa o‘yinini bir epaqaga keltirdi, ammo jamoa 2012 yilgi Yevropa chempionatini chorak finalda ispanlardan qabul qilingan mag‘lubiyatdan keyin tark etdi.

Shundan so‘ng estafetani Desham o‘z qo‘liga oldi, dastlab u Mekses va Kabay kabi futbolchilarga tayanishga majbur edi, shuningdek, Yann Mvila va Marven Marten kabi futbolchilar terma jamoada edi.

Hozir esa Fransiya futbolida qon yangilangan, Grizmann, Pogba, Mbappe kabi yosh yetakchilar avlodidan tarkib topgan bu jamoa o‘zining ikkinchi turniriga chempionlik uchun tashrif buyurgan.

Fransiya futboli tarixidagi 3 avlod

Foto: Sport Ekspress

Platini avlodi - JCh-82da yarim final, Yevro-84da g‘alaba va JCh-86da uchinchi o‘rin;

Zidan avlodi - JCh-98 chempionligi, Yevro-2000 chempionligi, JCh-2006da ikkinchi o‘rin;

Grizmann avlodi - Yevro-2016da ikkinchi o‘rin, JCh-2018da hozircha yarim final.

Frantsuzlar Grizmann gol urgan o‘yinlarda mag‘lub bo‘lmayapti: 17 g‘alaba va 2 durang. Oxirgi o‘yinda ham u bir gol urib, bir golga uzatma berdi.

Grizmann JCh va Yevro pley-offlarida oxirgi 6 o‘yinda jami 7 gol urgan.

Kechagi chorak final o‘yiniga qadar 33 yil davomida Urugvayga Fransiya gol ura olmay kelayotgandi - oxirgi marta 1985 yilda o‘rtoqlik uchrashuvida fransuzlar urugvayliklar darvozasini ishg‘ol etishgan (2:0). Keyingi 33 yil davomida ikki jamoa 5 marta uchrashgan, 4ta o‘yinda golsiz durang qayd etilgan, bir uchrashuv urugvayliklar foydasiga hal bo‘lgan (1:0).

Urugvay uchun bu jahon chempionatlarida yettinchi chorak final va ikkinchi mag‘lubiyat edi. Bundan avvalgisi 1966 yili GFRda o‘tgan mundialda kuzatilgan.

Fransiya o‘z tarixida oltinchi marta JCh yarim finaliga chiqdi, bu oxirgi 12 yil ichida ilk yarim final. 

Fransiya ishonch bilan olg‘a bormoqda. Bu jamoaning salohiyati Rossiyadan chempion bo‘lib qaytishga yetgulik. Guruh bosqichida kuch tejagan fransuzlarni endi hech kim yenga olmaydigandek

Ko‘proq yangiliklar: