Belarusdagi o‘zbekistonliklardan Moskvadagi elchixona konsullik ro‘yxatidan chiqib ketishi so‘ralmoqda

O‘zbekiston 22:45 / 18.05.2018 29221

Belarus hududida yashovchi o‘zbekistonliklar qisqa muddat ichida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida doimiy va vaqtinchalik konsullik ro‘yxatidan chiqishi so‘ralmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Belarus Respublikasida O‘zbekiston elchixonasi ochilishi va o‘z faoliyatini boshlashi munosabati bilan, Belarus hududida yashovchi O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida doimiy va vaqtinchalik konsullik ro‘yxatidan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qisqa muddatlarda Moskvadagi elchixonadan ro‘yxatdan chiqib, Minsk shahridagi elchixonaga ro‘yxatda turishlari lozim.

Bundan avvalroq, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib Leonid Marinichni tayinlash chog‘ida O‘zbekiston haqida iliq fikrlarni bildirgandi.

«Biz O‘zbekistonga nisbatan, haqiqatan ham, to‘g‘ri va samimiy bo‘lishimiz kerak, chunki u yerda Belarusni juda hurmat qilishadi. Doim hamkorlikka tayyormiz. O‘zbekiston biz uchun ustuvor davlatdir», deya alohida ta'kidlagan Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko.

Joriy yilning 31 mart kuni esa O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Belarus Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Leonid Marinichni qabul qilgandi. Uchrashuvda O‘zbekiston elchixonasining Minsk shahrida faoliyat boshlashining amaliy jihatlari muhokama qilinib, O‘zbekiston-Belarus uchrashuvlari bilan bog‘liq mavzular ko‘rib chiqilgan.

Ko‘proq yangiliklar: