Surxondaryo hokimi boqimandalikka qarshi keskin fikrlarini bildirdi

O‘zbekiston 11:11 / 15.05.2018 68591

Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov fuqarolar orasida boqimandalik kayfiyati kuchayib borishiga nisbatan keskin fikrlarini bildirdi. Viloyat hokimi 9 may kuni bo‘lib o‘tgan sayyor qabul chog‘ida bu boradagi fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda sayyor qabulni bevosita kuzatgan KUN.UZ muxbiri xabar qilmoqda. 

Foto: Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov/Kun.uz

Erkinjon Turdimov 2018 yil 9 may kuni Denov shahrida Denov, Uzun va Sariosiyo tumanlari, 10 may kuni Sho‘rchi shahrida Sho‘rchi, Oltinsoy va Qumqo‘rg‘on tumanlari fuqarolari bilan sayyor qabul o‘tkazdi.

Viloyat hokimi xalq bilan ochiq muloqot chog‘ida fuqarolarni qiynayotgan muammolardan bevosita xabardor bo‘lib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi hamda videoselektor orqali yig‘ilishda barcha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot olishini bildirdi. 

“Berilgan topshiriqlar 2 yo‘sinda hal etilishi kerak. Birinchisida muammo bartaraf etiladi. Chunki aksariyati hal qilish mumkin bo‘lgan muammolar. Ikkichisi rad etilishi kerak. Biroq rad etish uchun dastavval mulozim menga qanoatlantiradigan tushuntirish berishi va mening ruxsatim bilan rad etishi kerak”, - dedi Turdimov.

Shu bilan birga, u aholi, ayniqsa ayni kuchga to‘lgan yoshlar orasida boqimandalik kayfiyatiga qarshi ekanini bildirdi. U muloqotga kelib, yordam so‘ragan murojaatchiga javob berar ekan, shunday fikrlarini bildirdi.

“Uyingizda kuchga to‘lgan farzandlaringiz, o‘g‘illaringiz bor. Tomorqangiz bor. Yana davlat yordam berishi kerakmi? Hech qanday yordam berilmaydi. Ishi bo‘lmasa, ish beramiz. Tomorqadan foydalansin. Ishlasin farzandlaringiz. Boqimandachilikka o‘rganishmoqda. Ketmaydi bunaqasi. Ishlasin axir!”, - dedi viloyat hokimi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: