Qizilchada 3 oydan so‘ng nima o‘zgardi? Hech narsa

Jamiyat 12:20 / 19.02.2018 40996

KUN.UZ saytida Navoiy viloyati Nurota tumani Qizilcha qishlog‘idagi ijtimoiy muammolar yuzasidan 2017 yil 16 noyabrida maqola e'lon qilingan edi. O‘sha safarimizda Qizilcha qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan uchrashib, ularni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilgan edi. Ularning ayrimlarini yana bir marta yodingizga solamiz:

-  Qizilcha qishlog‘i aholisini mana bir necha yildirki, ichimlik suvi muammosi qiynab keladi. O‘tgan asrning 60-yillarida barpo etilgan ichimlik suv tizimiga ichimlik suvi Qorabuloqdan tog‘ daralari oralab, maxsus hovuzlarda to‘planganidan so‘ng keladi. 5500 dan ortiq fuqaro shu quvurlar orqali keladigan suvdan iste'mol qiladi. Ammo viloyat DSENM boshqarmasi ushbu ichimlik suvni zararsizlantirmasdan iste'mol qilishga yaroqsiz ekanini, unda parazitlar borligini qayd etgan. Qolaversa, aholi soni ortib borgani sayin birgina quvur orqali yetkazilayotgan yaroqsiz suv ham yetishmayapti. Bundan bir necha yil avval Qorabuloqdan ikkinchi quvurni tortish uchun budjetdan 800 mln so‘m pul sarflandi. Ammo loyihalashtirish sifatsiz amalga oshirilgani sababli pul havoga sovurildi. Ayni vaqtda undan foydalanish imkonsiz.

-  5500 fuqaro uchun qishloqda birorta ham savdo rastasi mavjud emas. Haftaning har dushanba tongida bir necha soatlik ko‘chma bozor tashkil etiladi. Aholi haftalik ehtiyoji uchun mahsulotlarni shu vaqtda xarid qilish tadorigini ko‘radi. Bir vaqtlar faoliyat yuritgan “Otalar choyxonasi” haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

-  Qariyalarning bir necha bor murojat qilganlariga qaramay, qishloq vrachlik punktida ehtiyojdan kelib chiqqan holda kunduzgi statsionar o‘rin tashkil etilishi paysalga solib kelinmoqda. Bundan tashqari, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar, quvvati pastligi haqida yozilganidan so‘ng, unday muammo yo‘qligi xususida (bartaraf etilgani haqida emas) tahririyatga ham viloyat elektr ta'minoti boshqarmasidan maktub keldi. Murojaat qilgan fuqarolardan biri esa, ushbu javob xatidagi uning imzosi qalbakilashtirilganini aytib, o‘zi imzo chekmaganini ta'kidladi.

-  Yoshlarni ish bilan ta'minlash muammosi bir necha yillardan beri kun tartibida. Biroq uni hal qilish choralari ko‘rilayotgani yo‘q. Ayrim yordamga muhtoj oilalarning uy tomlarini yopib berish kabi masalalar o‘z yechimini kutmoqda, hokimlik va mahalla idorasi “bajaramiz”dan nariga o‘t olgani yo‘q. 

Biz shu kabi muammolarni o‘rgangach, tuman hokimligiga borib, Nurota hokimi Jamoliddin Hamroyev bilan uchrashgandik. U Qizilchaga quvur orqali kelayotgan suvni zararsizlantirish va qishloqdagi boshqa mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishini ta'kidladi. Ammo oradan 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da, qishloqdan Navoiy viloyati Yangibozor avtoshohbekatiga qatnovchi avtobusni aytmasa, boshqa muammolar, ayniqsa ichimlik suvini zararsizlantirish muammosi bartaraf etilmaganini qishloq aholisi ma'lum qilmoqda. Qishloqda jilla qursa 10 ta rastalik usti yopiq bozorcha tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilayotgani aholiga tushuntirilgan, biroq hozircha amaliy chora ko‘rilmayapti. 

Ta'kidlash o‘rinliki, agar biz xalqimiz duch kelayotgan ijtimoiy muammolarni katta-kichigiga qaramay, faqatgina javob maktublari yo‘llash bilan cheklanib qolmasdan hozirdanoq hal qilish choralarini ko‘rmas ekanmiz, yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni kelgusi avlod ham bizlardek yoritishda davom etaveradi, bartaraf etish yo‘llarini qidiraveradi. Shunga ko‘ra, tuman hokimligi qachon yuqoridagi muammolar, ayniqsa ichimlik suvi masalasini hal qilish uchun  amaliy choralar ko‘rishini yana qancha kutish mumkin, degan savol faqat va faqat tuman hokimligining o‘zi amaliy choralari bilan javob bera oladi.

Tolib Rahmatov

Ko‘proq yangiliklar: