24 soat videokuzatuv ostidagi tartibsizlik: Denovdagi chorrahani jilovlay oladigan mard bormi?

Jamiyat 22:00 / 20.12.2017 78949

Surxondaryodan KUN.UZ tahririyatiga kelib tushgan murojaatlar orasida naq to‘rttasi Denov shahri markazidagi chorrahadagi tartibsizlikdan shikoyat qilib yuborilgan.

Biz Denovning qoq markazidagi, shahardagi dehqon bozori yaqinidagi Mustaqillik va Nozim Mirzayev ko‘chalari kesishmasidagi chorrahani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, kuzatdik.

Chorraha tartibga solingan hisoblanadi — svetofor ishlab turibdi, boz ustiga, chorraha yaqinida ko‘rinarli joyda «24 soat videokuzatuv» degan ogohlikka chorlovchi plakat ham osig‘liq, lekin na piyodalar, na haydovchilar yo‘l harakat qoidalarini pisand qilishayapti.

Umuman, qoyil qolish kerak! Tumandagi va shahardagi yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi xodimlari nima qilishayapti ekan? Bozor kuni biz birorta YPX xodimini ushbu chorrahada uchratmadik. Nahotki kichik shaharchadagi bitta chorrahani tartibga olish shunchalik qiyin ish bo‘lsa?

Denovdan to‘rt kishi ushbu chorrahadan yozg‘irib, tahririyatimizga shikoyat yo‘llagani ham bejiz emas ekan. O‘sha insonlarga rahmat, denovlik bo‘lib, shu holatdan uyalib, tumandagi mutasaddilar hech narsa qila olmasligini bilib, respublika miqyosida kichik, aslida jiddiy muammoga e'tibor qaratishni so‘rashibdi.

Biz tayinlanganiga ikki oycha bo‘lib qolgan Denov tuman hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashib, chorrahadagi vaziyatni so‘radik.

— Bu chorrahaning bu ahvoldaligiga bozorning shu hududda joylashganligi sababchi. Eski ko‘chalar bugungi kundagi mashinalar oqimini hisobga olmasdan barpo etilgan. Boz ustiga, Denov bozori katta bozor. Birgina Denov tumani emas, Uzun, Sariosiyo, Sho‘rchi va Oltinsoy tumani aholisi ham kelib shu yerda bozor qiladi. Biz bozorni bu yerdan ko‘chirib, ko‘chalarni kengaytirishni rejalashtirganmiz, — dedi Denov tuman hokimi U.Qosimov.

— May oyida yonib ketgan kiyim-kechak bozori ham ko‘chadimi?

— Kiyim-kechak bozori ham, dehqon bozori ham yangi qurilayotgan bozor hududiga ko‘chiriladi.

U. Qosimov bizni shu bahonada Denovda yangi qurilayotgan bozor tomon taklif qildi. Denovdan sal chetroqda ulkan maydonda 500 ishchi o‘rinli gipermarket, 1000 do‘konli buyum bozori, 1500 do‘konli va 2500 rastali dehqon bozori, 3000 ta avtomashina sig‘adigan turargoh 14 ta qurilish subpudratchilari tomonidan barpo etilayotgani va yangi bozor Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilishi aytib o‘tdi.

Shuhrat Shokirjonov.
Ma'rufjon Asqarov.
KUN.UZ muxbirlari

Ko‘proq yangiliklar: