Inklyuziv internet reytingi: O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Fan-texnika 20:01 / 03.03.2017 19576

O‘zbekiston Inklyuziv internet reytingida (The Inclusive Internet Index) 47-o‘rinni egalladi. The Economist Intelligence Unit'da shu haqida ma'lumot berildi

Mamlakatlarning inklyuziv internet indeksi to‘rt  ko‘rsatkich bo‘yicha baholanadi: internetning mavjudligi, unga kirish imkoni, arzonligi va dolzarbligi. 

Internet mavjudligi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, O‘zbekiston 45-pog‘onani egallagan, kirish imkoni bo‘yicha esa mamlakat dunyo miqyosida 61-o‘rinda qayd etilgan. Internet bahosining hamyonbopligi ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 59-o‘rinni egallagan, dolzarblik ko‘rsatkichlariga ko‘ra esa - 37-o‘rinda. 

Internet mavjudligi bo‘yicha birinchi o‘rin ikki davlat - Singapur va Shvetsiya o‘rtasida taqsimlandi. AQSh mazkur reytingda uchinchi o‘rinni egalladi. 

Internetga kirish imkoniga ko‘ra ham yuqorida nomlari qayd etilgan davlatlar yetakchilik qilmoqda. 

Internet xizmatlarining hamyonbopligiga ko‘ra, Kanada, AQSh va Fransiya ilk uch o‘rinlarni egallashgan. 

Dolzarblik ko‘rsatkichlariga ko‘ra esa, ilk o‘rinlar AQSh, Yaponiya va Buyuk Britaniya tomonidan zabt etilgan. 

To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarda Buyuk Britaniya va Yaponiya mamlakatlari qayd etilgan. O‘nlikdan shuningdek Janubiy Koreya, Fransiya ham o‘rin olgan. Niderlandiya va Kanada sakkizinchi o‘rinni bo‘lishib olgan. O‘ninchi pog‘ona Italiya tomonidan zabt etilgan.

MDH davlatlaridan Rossiya 16-o‘rin, Ukraina 22-o‘rin, Qozog‘iston 25-o‘rinda qayd etilgan. 

Reytingning eng so‘nggi o‘rinlarini (71-75) Madagaskar, Mali, Liberia, Niger va Kongo mamlakatlari egallagan. 

Ko‘proq yangiliklar: