Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qarorini imzoladi

O‘zbekiston 14:34 / 02.02.2017 65068

O‘zbekiston Prezidenti «Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirildi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Keyingi yillarda mamlakatimizda xususiy mulkni ishonchli himoya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ta'minlash borasida qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Tadbirkorlik tuzilmalariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan oshirishga doir kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Tuman va shaharlarda tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari (bundan buyon – «yagona darcha» markazlari) tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillaridan o‘tishning oshkoraligini ta'minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur sohada amalga oshirilgan ishlarning tahlili tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, «yagona darcha» markazlarini samarali boshqarish, ular faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishda tizimli yondashuvni hamda ularning boshqa davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini belgilash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va oshkoraligini, ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish hamda joylarda xalq bilan bevosita muloqotning samaradorligini ta'minlash maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasining «yagona darcha» markazlarini tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

Banklar va kredit byurolari, ularning filial va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish «yagona darcha» markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

«yagona darcha» markazlarining faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshirish, shu jumladan ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, «yagona darcha» markazlari xodimlarining malakasini oshirish;

«yagona darcha» markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishda vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni ta'minlash, ularning rahbarlariga aniqlangan qonunbuzarliklar, bunday holatlarga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

«yagona darcha» markazlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyati samaradorligini, ushbu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini tizimli tahlil qilish;

ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, «yagona darcha» markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash.

3. Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi (bundan buyon – Respublika komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat xizmatlari, shu jumladan «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va oshkoraligini, ulardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan tashkiliy, huquqiy va boshqa chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligini ta'minlash;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi ishlar holatini tizimli tahlil qilish;

sohadagi muammolarni aniqlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqish va amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, shu jumladan bunday chora-tadbirlarni joylarda xalq bilan bevosita muloqot o‘rnatish orqali ko‘rish.

4. Respublika komissiyasi ikki hafta muddatda:

Respublika komissiyasi faoliyatining tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlarda tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy komissiyalarni (bundan buyon – hududiy komissiyalar) tuzsin va ularning faoliyatini tashkil etsin.

Hududiy komissiyalarga tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari rahbarlik qilishi belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tarkibida shtat birliklari umumiy soni doirasida Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi negizida Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa tegishincha uning bo‘limlari tuzilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi va uning joylardagi bo‘limlari Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalarning ishchi organi etib belgilansin.

6. Quyidagilar:

2017 yilda faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlarini joriy etish jadvali 2-ilovaga muvofiq;

2018-2020 yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2017 yilda faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlarini joriy etish jadvalini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini;

ikki oy muddatda 2018-2020 yillarda faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini;

2017 yil 1 sentabrga qadar 2018-2020 yillarda faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

2 va 3-ilovalarda belgilangan, faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini joriy etishga doir tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

8. Berilgan, to‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni «Lisenziya» axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyatini yaratish yo‘li bilan «yagona darcha» markazlari orqali qog‘oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018 yil1 yanvardan boshlab bekor qilinsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligining 2017 yilning I choragida quyidagilarni ta'minlaydigan «Lisenziya» axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullansin:

«yagona darcha» markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziyalar (bundan buyon – ruxsatnoma va litsenziyalar) olish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish;

tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay shaklda ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibi va muddatlari haqidagi ma'lumotlardan masofadan turib foydalanish;

tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risida elektron shaklda ariza berish imkoniyatini yaratgan holda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillarini avtomatlashtirish;

tadbirkorlik sub'yektlari «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari bo‘yicha qayerda va qay tarzda murojaat qilganidan qat'i nazar, ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishning borishi va natijasini kuzatish imkoniyati;

ruxsatnoma va litsenziyalar reyestrlaridan ma'lumot olish imkoniyati.

10. 2-ilovada ko‘rsatilgan, «yagona darcha» markazlari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatayotgan vakolatli organlar:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda idoralararo elektron hamkorlik qilish orqali taqdim etiladigan ma'lumotlarning to‘liq ro‘yxatini belgilasin hamda eskirgan va zamon talablariga javob bermaydigan hujjatlar va ma'lumotlarni tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan taqdim etish to‘g‘risidagi talablarni bekor qilishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin;

belgilangan muddatlardan boshlab Jadvalga kiritilgan davlat xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlik sub'yektlaridan qabul qilish amaliyotini bekor qilinsin;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir tizimli chora-tadbirlar ko‘rsin.

11. Tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji sifatida olinadigan barcha mablag‘lar hamda «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari va yig‘imlar hajmining 10 foizi miqdoridagi mablag‘lar «yagona darcha» markazi faoliyatini moliyalashtirish manbai sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nomiga ochilgan maxsus shaxsiy hisobraqamga o‘tkazilishi hamda kelib tushayotgan mablag‘lar «yagona darcha» markazlarini saqlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi belgilansin.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda «yagona darcha» markazlarining davlat mulki bo‘lgan barcha bino va inshootlarini, ularga tegishli asbob-uskunalar, hujjatlar va boshqa mulk Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga belgilangan tartibda tekin taqdim etilishini ta'minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                         Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 1 fevral

Ko‘proq yangiliklar: