Qoraqalpog‘istonda maktablarni isitish va boshqa muammoli holatlarni hal etish Ramatovga yuklatildi

O‘zbekiston 14:52 / 21.01.2017 26742

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari tashrif davomida Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda Orolbo‘yi mintaqalarining 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dasturi, ichimlik suvi, transport, avtomobil yo‘llari, ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy soha, ta'lim, madaniyat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha Fond tashkil qilinishini aytib o‘tgan. Bu haqda Kun.uz’ning yig‘ilishda ishtirok etgan manbasi ma'lum qildi. 

Shuningdek, Nukus shahridagi bir qator markaziy ko‘chalar qayta qurilishi hamda ularda bunyodkorlik ishlari olib borilishi, temir yo‘l vokzali qoshida Ibrohim Yusupovning byusti o‘rnatilishi ham ma'lum qilingan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonning shimoliy va chekka hududlaridagi maktablarni isitish, suv, yo‘l, transport tizimi va kanalizatsiya masalalarini yaxshilash vazifalari bosh vazirning birinchi o‘rinbosari O.Ramatov zimmasiga yuklatildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosarlari A. Ikromov, O. Ramatov, U. Ro‘zukulov, R. Azimov, T.Ibragimov, T. Narbayeva ishtirok etishgan.

Ko‘proq yangiliklar: