O‘zbekiston | 21:44 / 09.10.2025
6965
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi – Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti «Markaziy Osiyo - Rossiya» formatidagi ikkinchi sammitda Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanba shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo - Rossiya» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etdi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Markaziy Osiyo bilan keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirib, uning tabiiy sheriklar bo‘lgan mamlakatlarimiz hamkorligiga yangi sur’at berishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

- Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidlayman. Umumiy tarix, ko‘p asrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va o‘zgarmas asosi hisoblanadi, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Jahon iqtisodiyotidagi tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik va inqirozli holatlar, shuningdek, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlar «Markaziy Osiyo - Rossiya» formatida yanada yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni taqozo etayotgani qayd etildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi mintaqa mamlakatlarining Rossiya bilan hamkorligi istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Eng avvalo, tizimli siyosiy muloqotni mustahkamlash va aniq natijaga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu bois, O‘zbekiston prezidenti har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlarning muntazam muloqotlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

2027 yilga qadar qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yanada batafsil «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashni taklif etdi.

Davlat rahbari mamlakatlarimiz tranzit-transport salohiyatidan, eng avvalo, «Shimol - Janub» yo‘lagi doirasida samarali foydalanish g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.

- Biz avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif etamiz. Tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror bo‘lgan integratsiyalashgan, o‘zaro bog‘liq mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bizning pirovard maqsadimiz bo‘lishi zarur, - dedi Mirziyoyev.

Yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish belgilandi. Shu ma’noda, bugungi kunda O‘zbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini faol kengaytirayotgani, gaz-kimyo tarmog‘ida yirik strategik loyihalar amalga oshirilayotgani, zamonaviy mis boyitish xabi tashkil etilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik bundan buyon ham mintaqa barqarorligining omili bo‘lib qoladi. Bugungi kunda gaz quvurlari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

- Shu kunlarda tarixiy bir voqea bo‘lib o‘tadi – O‘zbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va ko‘ptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi, - dedi prezident.

Ushbu yo‘nalishda keng ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish - O‘zbekistonda Atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini ta’sis etish, shuningdek, Moskva muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish taklif qilindi.

O‘zbekiston prezidenti mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi.

- Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va narkotrafiklarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yaqin hamkorligini yanada kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz. Yangi kibertahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz, dedi Mirziyoyev.

So‘zining yakunida O‘zbekiston prezidenti mintaqaning barcha mamlakatlari xavfsizligi, barqaror taraqqiyoti va ravnaqini ta’minlash yo‘lida Rossiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Tadbir yakunida Qo‘shma kommyunike va ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha 2025 - 2027 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

Mavzuga oid