Jahon | 01:29 / 18.06.2025
6746
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada Putinning sobiq rafiqasiga sanksiyalar joriy qildi

Lyudmila Ocheretnaya va uning eri Artur Ocheretniy Kanada sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi.

Foto: woman.ru

Kanada bosh vaziri Mark Karni «Katta yettilik» (G7) sammiti yakunlari bo‘yicha rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga, shuningdek, belgilangan chegaradan yuqori narxlarda neft tashuvchi 200 dan ortiq «maxfiy flot» kemalariga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq xotini Lyudmila Ocheretnaya va uning eri Artur Ocheretniy ham kiritildi. 

Shuningdek, 70 nafardan ortiq kishi kiritilgan ro‘yxatda quyidagi nomlar bor:

- dirijyor Valeriy Gergiyev;

- Putinning jiyani Mixail Shelomov;

- Boris Yelsinning qizi Tatyana Yumasheva va uning eri Valentin Yumashev;

- «Rosnano» sobiq rahbari Anatoliy Chubais;

- InfoWatch bosh direktori Natalya Kasperskaya;

- Avstriya tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Karin Knaysl;

- Nord Stream - 2 sobiq direktori Mattias Varnig;

- badiiy gimnastika bo‘yicha Rossiya milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Irina Viner.

Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand ofisi bayonotida bu «Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri Kanadaning eng muhim sanksiya e’lonlaridan biri» ekani aytilgan. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rafiqasi Lyudmila bilan qariyb 30 yillik nikohdan keyin 2014 yilda ajrashdi. Keyinchalik ayol tadbirkor Artur Ocheretniy bilan turmush qurdi va uning familiyasini oldi.

Mavzuga oid