Jahon | 15:20 / 13.06.2025
1137
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: NATOga yangi maqsadlar uchun 60 minggacha qo‘shimcha askar kerak bo‘ladi

Berlin, shuningdek, yangi harbiy xizmat modeli qanchalik samarali ishlashini aniqlashi kerak - Germaniya mudofaa vaziri.

Foto: AP

Germaniya NATOning mudofaa qobiliyatini oshirish bo‘yicha yangi rejalari doirasida 60 ming qo‘shimcha askar qo‘shish zarurati bilan duch kelishi mumkin, dedi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Bryusselda NATO mudofaa vazirlari yig‘ilishidan oldin jurnalistlarga.

«Ochig‘ini aytganda, bu taxminiy hisob, ammo Qurolli kuchlarning hozirgi tarkibidan kelib chiqqan holda, bizga yana 50-60 ming kishi kerak bo‘lishi mumkin», dedi u.

Uning ta’kidlashicha, yaqin yillarda Germaniya ham yangi harbiy xizmat modeli qanchalik samarali ishlashini aniqlashi kerak.

Shu bilan birga, Pistoriusning ta’kidlashicha, hozirda majburiy harbiy xizmatga qaytish tavsiya etilmaydi.

«Bizda infratuzilma yetarli emas — kazarmalar, o‘quv markazlari yo‘q. Shuning uchun, birinchi navbatda, bu imkoniyatlarni kengaytirish kerak. Ungacha tizim ixtiyoriy asosda ishlaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Savollarga javob berar ekan, vazir Germaniyada uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) ishlab chiqarishni rivojlantirish va Qurolli kuchlarni ulardan foydalanishga o‘rgatish rejalarini ham tasdiqladi.

Bundestagning Bundesver bo‘yicha komissari Xenning Otte Tagesspiegel gazetasiga aytishicha, qisman majburiy harbiy xizmatga o‘tmasdan va armiyani xizmat joyi sifatida jozibador qilmasdan turib, NATOning sezilarli darajada ortib borayotgan talablarini qondirish qiyin.

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada 2024 yil oxirigacha 181 150 nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan. Xodimlar soni bo‘yicha maqsad - 203 000.

O‘tgan yili Pistorius harbiy xizmatni isloh qilish loyihasini taqdim etgan bo‘lib, unda armiyaning faol va zaxiradagi kuchlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha takliflar kiritilgan.

Mavzuga oid