Iqtisodiyot | 15:50 / 12.06.2025
3463
2 daqiqa o‘qiladi

Agalarov Development Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga 5 mlrd dollar investitsiya kiritadi

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida jami 577 gektar, jumladan, birinchi bosqichda 100 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan. Dastlabki taqdimotda to‘rt fasllik kurortni qurish qiymati 10 mlrd dollarga baholangandi. 

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Ozarboyjonning Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida kelishuv imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Chorvoqning ikki qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan to‘rt fasllik kurortini qurishni nazarda tutadi.

Loyihaning umumiy qiymati 5 mlrd dollarni tashkil etadi. Uning doirasida jami 577 gektar, jumladan, birinchi bosqichda 100 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.

«Loyiha turizm infratuzilmasini rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va xorijiy sayyohlarni jalb qilishga salmoqli hissa qo‘shadi. Tomonlar loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar hamda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar», deyiladi ISSV xabarida.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning dekabr oyida Chorvoqda yirik turistik markaz qurilishi e’lon qilingandi. Sea Breeze Uzbekistan nomli loyihani prezidentga ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarov taqdim etgandi. Suv ombori bo‘ylarida plyajlar, sport maskanlari, golf maydoni, akvapark, mehmonxonalar va turar joylar qurilishi, xalqaro brendlarning do‘konlari va restoranlari ochilishi, ikki qirg‘oq ko‘prik bilan bog‘lanishi reja qilingan. Xorijiy investorlar tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha qiymati dastlab 10 mlrd dollarga baholanayotgandi.

Mavzuga oid