Jahon | 17:45 / 11.06.2025
12278
6 daqiqa o‘qiladi

Qizaloqqa qarshi armiya: Greta Tunberg G‘azoga yetib borolmadi

Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg, Yevroparlament deputati Rima Hassan va boshqalardan iborat ko‘ngillilar jamoasi qamal ostidagi falastinliklarga insonparvarlik yordami yetkazish uchun Sitsiliyadan G‘azoga qarab kemada yo‘lga chiqdi, lekin kutilganidek, ularni Isroil armiyasi qo‘lga oldi. Tashabbuskor «Ozodlik flotiliyasi» koalitsiyasi yaxta xalqaro suvlarda hujumga uchragani haqida bayonot berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunbergni eslasangiz kerak. 2018 yil Shvetsiya hukumat binosi oldida ekonamoyishga chiqib mashhurlikka erishganida u hali maktab o‘quvchisi edi. Hozir uni Tvitterda 5 milliondan ortiq odam o‘qiydi, postlari 100 millionlab marta ko‘riladi. 2019 yil Times jurnali uni “Yil odami” deb e’lon qilgandi.

Bir necha kun avval ana shu qizaloq Isroil uchinchi yilki qamal qilib bombalayotgan G‘azo bo‘lg‘asiga dengiz orqali gumanitar yordam olib borish uchun kemada yo‘lga chiqqandi. Lekin Isroil armiyasi kemani to‘xtatib, Gretani qo‘lga oldi.

Sitsiliyadan G‘azoga

1 iyun kuni «Ozodlik flotiliyasi» koalitsiyasi «Madlin» yaxtasini Sitsiliyadagi Kataniya portida gumanitar yordam mahsulotlari bilan to‘ldirib yo‘lga chiqardi. Kemada ekofaol Greta Tunberg, Yevroparlament deputati Rima Hassan va Falastin ozodligini qo‘llovchi bir necha faollar bor edi. OAV kemadagilar ichida braziliyalik faol Tyago Avila ham borligiga e’tibor qaratgan. U fevral oyida «Hizbulloh» lideri Hasan Nasrullohning janozasida qatnashib, uni maqtagani bilan tanilgan.

Koalitsiya may oyida ham G‘azoga dengiz orqali insonparvarlik yordami yuborishga intilgan, lekin Malta sohillariga yetib borganida kemada yong‘in chiqqandi. Shu o‘rinda «Ozodlik flotiliyasi» harakati G‘azo bo‘lg‘asiga gumanitar yordam yuborish uchun tashkil etilganini ta’kidlash kerak. 2010 yilda tashkil etilgan koalitsiya bungacha ham G‘azoga yordam yuborishga harakat qilgan, lekin har safar Isroil armiyasi sohilda ularni to‘xtatib qolgan.

Bu gal ham shunday bo‘ldi. Greta Tunberg boshchilik faollar yaxtasi O‘rta Yer dengizi bo‘ylab G‘azo sohiliga yaqinlashganda Isroil armiyasi zobitlari tomonidan to‘xtatildi. Harbiylar kemaga chiqib, boshqaruvni qo‘lga olishdi va uni Isroil tomon olib ketishdi. Isroil tashqi ishlar vazirligi qo‘lga olingan kemani «selfi yaxta» deb atab, Tunberg va do‘stlari aks etgan video e’lon qildi.

«Selfi yaxtaning barcha a’zolari salomat. Ularga sendvich va suv berildi. Shou tugadi», deyiladi Isroil tashqi ishlar vazirligi sahifasida. Isroil tomoniga ko‘ra, dengiz blokadasini yorib o‘tishga intilgan kemadagi barcha yo‘lovchilar davlat hisobidan o‘z davlatiga deportatsiya qilinadi. Ular olib kelgan gumanitar yordam yuklari esa G‘azoga yetkazib beriladi.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Greta Tunberg va do‘stlarini HAMASni propaganda qiluvchi antisemitlar deb atadi. Vazir avvalroq kemadagilarga ortga qaytishi kerakligi, ular baribir G‘azoga yetolmasligini aytgandi.

«Bizni o‘g‘irlashdi»

«Madlin» kemasini suvga tushirgan «Ozodlik flotiliyasi» koalitsiyasi yaxta xalqaro suvlarda hujumga uchragani haqida bayonot berdi. Unda aytilishicha, kemada aloqa uzib qo‘yilgan.

Greta Tunberg aftidan Isroil ularning kemasini to‘xtatishini juda yaxshi bilgan va oldindan videomurojaat tayyorlab qo‘ygan.

«Men – Shvetsiya fuqarosi Greta Tunberg. Agar bu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, men xalqaro suvda Isroil bosqinchi armiyasi tomonidan o‘g‘irlab ketilgan bo‘laman. Iltimos, Shvetsiya hukumatiga ular meni ozod qilishi uchun bosim qilishingizni so‘rayman», degan videoda Tunberg.

G‘azo blokadasi

Falastinning G‘azo bo‘lg‘asi bir tomondan Isroilga, bir tomondan Misrga, bir tomondan esa O‘rta Er dengiziga tutashgan. Hozir hudud barcha tomondan blokada qilingan va faqat Misrning Rafah chegara punkti orqali oziq-ovqat kirib turadi. Bu blokada qanday paydo bo‘lganini qisqacha tushuntirishga harakat qilaman.

2005 yilda Isroil armiyasi G‘azodan to‘liq chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay G‘azodagi hukumat to‘laligicha HAMAS qo‘liga o‘tadi. Guruh hukumatni qo‘lga olganidan yarim yil o‘tib, Isroil shaharlariga raketa uchiradi. Shundan keyin Isroil va Misr G‘azoni qisman blokada qiladi. Xususan, qurilish mollari olib kirish cheklanadi. Chunki Hamaschilar bu materiallardan tunnel qazish, kontrabanda orqali qurol olib kirish, hatto qurol yasash uchun foydalanishadi. G‘azo sohillaridagi baliqchilardan ham qurol-yarog‘ kontrabandasi uchun foydalanishgach, G‘azoda baliqchilik bilan shug‘ullanishni ham cheklab qo‘yishadi. Keyinchalik Isroil G‘azoni dengiz tomonidan to‘liq o‘rab olib, blokada qiladi. Xalqaro tashkilotlar, BMTning blokadani qoralagani hech qanday samara bermaydi.

Greta Tunberg va do‘stlari mana shu dengiz blokadasini yorib o‘tishga harakat qilgandi. Ular bu urinish besamar ketishini juda yaxshi bilgan. Aftidan, Tunberg jamoasi shu orqali G‘azo blokadasini bekor qilishga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratishga uringan ko‘rinadi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid