Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Madlin kemasi faollarini o‘g‘irlagan Isroil, Los-Anjyelesda avj olgan namoyishlar va Oq uyda yoqalashgan Mask – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil G‘azo blokadasini buzish uchun kelayotgan Madlin kemasi va faollarni ushladi
Dushanba tongida Isroil Tashqi ishlar vazirligi G‘azo sari yo‘l olgan, ichida Falastinni qo‘llovchi faollar va oz miqdordagi yordam yuklari bor bo‘lgan kemaning Isroil qirg‘oqlariga burilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilar o‘z mamlakatlariga qaytarilishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni Isroil ushbu kemaning G‘azoga yetib borishiga yo‘l qo‘ymasligini yana bir bor ta’kidlagandi. Ular G‘azo sektoriga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasi buzilishining har qanday yo‘l bilan oldi olinishini aytgan.
Xalqaro nodavlat tashkilot — Freedom Flotilla Coalition'ning Madlin kemasi 1 iyun kuni Sitsiliyadagi portdan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazish hamda G‘azoning deyarli 20 yillik blokadasiga qarshi yo‘lga chiqqan edi.
Safarda 12 kishilik ekipaj qatnashmoqda. Yo‘lovchilar orasida shvetsiyalik iqlim faoli Greta Tunberg, Yevropa parlamenti a’zosi asli falastinlik Rima Hassan, Al Jazeera muxbiri Omar Faiad, braziliyalik faol Tiago Avila, shuningdek Fransiya, Niderlandiya, Germaniya va Ispaniya fuqarolari bo‘lgan faollar bor.
Isroil TIV dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Greta va boshqalarni «faqat e’tibor qozonish uchun uyushtirilgan ommaviy shov-shuv» yaratishda aybladi.
«Mashhur shaxslar selfi yaxtasi hozirda xavfsiz tarzda Isroil qirg‘oqlariga yetib kelmoqda», deb yozdi Isroil TIV. Keyinroq esa ekipajning qutqaruv jiletlari kiygan holatda, suv va sendvichlar taklif etilayotgan holatdagi videosini ulashdi.
Isroil TIVning bu bayonotlari Freedom Flotilla Coalition guruhi kema ustida dronlar uchayotgani va signal berilgani haqida xabar berganidan so‘ng chiqdi. Keyinchalik guruh Madlin bilan aloqa uzilganini va faollar Isroil armiyasi tomonidan «o‘g‘irlab ketilganini» bildirgan.
Madlin bortidagi ekipajning aytishicha, mahalliy vaqt bilan soat 1:00 dan keyin ularning kemasiga to‘rt tez yuruvchi kater yaqinlashgan.
Shundan so‘ng ikki dron yaqinlashib, ekipaj ustiga oq modda purkagan. Dronlar radio to‘lqinlar orqali shovqinli tovushlar tarqatgan, aloqa butunlay yo‘qolgan. Aloqa uzilishidan avval olingan videoda, ekipaj a’zolari qo‘llarini ko‘targan holda telefonlarini dengizga uloqtirishga majbur bo‘lishgan. So‘ngra Isroil Tashqi ishlar vazirligi ekipajning Ashdod portiga olib ketilayotganini e’lon qildi.
Braziliyalik faol oldindan yozib qo‘yilgan videoda: «Agar bu video e’lon qilinsa, demak men Isroil yoki boshqa hamkor kuchlar tomonidan hibsga olingan yoki o‘g‘irlanganman», degan. Shuningdek, Greta Tunberg ham o‘z videomurojaatida «Agar bu videoni ko‘rsangiz, biz xalqaro suvda Isroil kuchlari tomonidan to‘xtatilgan va o‘g‘irlanganmiz», – deb post qoldirgan.
Los-Anjyelesda norozilik namoyishlari avj oldi
Kaliforniya janubidagi Los-Anjyelesda ICE immigratsiya xizmatining keng ko‘lamli reydlari tufayli norozilik namoyishlari boshlandi. Shu kun avvalida noqonuniy muhojirlarni tutish va deportatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi ICE 44 kishini qo‘lga olgan, yana bir kishi agentlarga qarshilik ko‘rsatgani uchun ushlangandi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ICE inspektorlari reydlar davomida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan. Shundan so‘ng shahar markazida ICE’ning shafqatsiz usullarini qoralagan 300 dan ortiq namoyishchilar to‘plandi. AQSh prezidenti Donald Trampning noqonuniy immigratsiyaga qarshi keng ko‘lamli kampaniyasi doirasida AQShning qator shaharlarida migrantlarni qo‘lga olish bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda.
Los-Anjyeles politsiyasi namoyishchilarni kechki soat yettigacha tarqalishga chaqirdi, ammo vaziyat keskinlashishda davom etdi, deb yozadi Los Angeles Times. To‘qnashuvlar federal bino yaqinida ham sodir bo‘lgan. Politsiyaga ko‘ra, namoyishchilar beton bo‘laklarini uloqtira boshlagach, huquq-tartibot idoralari xodimlariga «o‘limga olib kelmaydigan vositalar»dan foydalanishga ruxsat berilgan.
Donald Tramp ma’muriyati Los-Anjyeles shahrida Milliy gvardiyaning 2 ming nafar harbiy xizmatchisi safarbar etilganini ma’lum qildi. Pentagon rahbari armiya kuchlari ishga solinishi ehtimolini istisno qilmagan.
Kaliforniya gubernatori Gavin Nevsom bu qarorni ortiqcha harakat deb hisoblab, u faqat keskinlikni kuchaytiradi, deya tanqid qildi. Oq uy esa uning murojaatini rad etdi.
AQSh Ichki xavfsizlik kotibi Kristi Noem o‘z intervyusida 2020 yil Jorj Floyd o‘ldirilganidan keyin yuzaga kelgan norozilik namoyishlarini eslatib, Milliy gvardiya safarbarligini oqladi hamda 2020 yil voqealari takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz, dedi.
Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Kaliforniya demokrat rahbariyatini va namoyishchilarni keskin tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bular oddiy namoyishchilar emas, balki pul to‘langan isyonchilar.
Yana bir postida Tramp Kaliforniya gubernatori Gavin Nevsom va Los-Anjyeles meri Karen Bassni tanqid qilib, ular shahar aholisi oldida o‘zlarining ayanchli boshqaruvi uchun uzr so‘rashi kerakligini yozgan.
AQSh Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) federal agentlari ketma-ket ikkinchi kun Los-Anjyelesning janubi-sharqidagi Paramount tumanida namoyishchilar bilan to‘qnashdi, u yerda ba’zi namoyishchilar Meksika bayroqlarini ko‘targan. Shanba kuni kechqurun Los-Anjyeles markazidagi yana bir norozilik namoyishida 60 ga yaqin odam to‘plandi, ular «ICE, Los-Anjyelesdan chiqib ket!» qabilidagi shiorlarni aytishgan.
Rossiya Xarkiv bo‘ylab urush davridagi eng yirik zarbani yo‘lladi
Rossiya armiyasi qatorasiga ikkinchi kecha Ukraina regionlariga raketalar va dronlar bilan hujum uyushtirdi. Zarbalarning asosiy nishonlaridan biri Xarkiv bo‘lgan. Rossiya 48 ta dron, beshta aviabomba, to‘rtta reaktiv snaryad va uchta raketa qo‘llagan holda shahar bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llagan, deb xabar berdi oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Xarkiv meri Igor Terexov bu shahar keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon uchragan eng kuchli hujum bo‘lganini ma’lum qilgan.
Dronlardan biri urilishi oqibatida Xarkivdagi to‘qqiz qavatli uy jiddiy shikastlangan. Hujum tufayli yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi qavatlardagi 12 kvartirada yong‘in chiqqan, yong‘inning jami maydoni 600 metr kvadratni tashkil etgan. Xarobalar ostidan bir ayol chiqarib olingan.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujum oqibatida Xarkivdagi korxonalardan birida yirik yong‘in sodir bo‘lgan. Korxonaga jami 40 dron, to‘rtta aviabomba va bitta raketa qo‘llagan holda hujum uyushtirilgan. To‘rtta sexga zarba kelib tushgan. Vayronalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin, oblast prokuraturasiga ko‘ra, olti kishi ichkarida qamalib qolgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkivda uch kishi halok bo‘lgan, 21 kishi, jumladan, bir chaqaloq va 14 yoshli qiz jarohatlangan. Xarkiv oblastining Kupyansk shahri o‘qqa tutilishi vaqtida tinch aholi vakili bo‘lgan 64 yoshli kishi yaralangan.
OAV: Ilon Mask Oq uyda moliya vaziri bilan yoqalashib ketgan
The Washington Post gazetasi Maskning AQSh moliya vaziri Skott Bescent bilan to‘qnashuvi haqida yozdi: tadbirkor uning «ko‘krak qafasiga yelkasi bilan zarba bergan». Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning o‘ng ko‘zi atrofi ko‘karganini shu janjal bilan bog‘lamoqda.
AQSh prezidentining sobiq maslahatchisi Stiv Bennon aprel oyida Oq uyda milliarder Ilon Mask va moliya vaziri Skott Bessent o‘rtasidagi og‘zaki tortishuvdan so‘ng o‘rtada janjal kelib chiqqanini ma’lum qildi. Oval kabinetdan chiqishdagi yo‘lakda davom etgan bahs paytida Bessent Maskka shunday degan: «Sen firibgarsan. G‘irt firibgar».
Shunda Mask regbi o‘yinchisi kabi Bessentning ko‘krak qafasiga yelkasi bilan zarba beradi, Bessent esa unga javob qaytaradi, deydi Bennon. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kishi ularni ajratish uchun aralashgan va keyin Mask Oq uyning G‘arbiy qanotidan «chiqarib yuborilgan». Donald Tramp mushtlashuv haqida eshitib, «Bu endi haddan oshish», degandi, deya qo‘shimcha qiladi Bennon.
Tavsiya etamiz
Soch to‘kilishi, ko‘z osti qorayishi, lab yorilishi: tana tili bizni nimalardan ogohlantiradi?
Jamiyat | 17:08 / 10.07.2025
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Har yakshanba kunlari Toshkentdan Maldivga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar
O‘zbekiston | 09:00 / 11.07.2025
-
Toshkentda 7 nafar bola uydagi hovuzda cho‘kdi
O‘zbekiston | 16:09
-
Nukus - Oqtov yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston | 15:55
-
Rossiyada Belgoroddagi o‘g‘irlik uchun milliard rubl undirilmoqchi
Jahon | 15:49
Mavzuga oid

13:30
Qurollarini topshirgan kurdlar, Boeing halokati yuzasidan dastlabki hisobot va yagona aviatashuvchisidan ayrilayotgan Rossiya – kun dayjesti

14:23 / 11.07.2025
Qizil dengizda faollashgan husiylar, qo‘shnisiga boj joriy qilgan Tramp va shimol bilan munosabatlarni tiklamoqchi bo‘lgan Koreya – kun dayjesti

14:25 / 10.07.2025
Dohada davom etayotgan og‘ir muzokaralar, Ukrainada ushlangan xitoylik josuslar va Trampdan yangi «maktublar» – kun dayjesti

13:30 / 09.07.2025