Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘arbning asosiy davlatlari Falastinni tan olmoqchi. Bu nimani o‘zgartiradi?
BMTning 18 iyun kungi konferensiyasida Fransiya, Britaniya va Kanada Falastin davlatini rasman tan olganini e’lon qilishi mumkin. Uch mamlakat yetakchilari Isroildan urushni to‘xtatish va gumanitar yordamlarga yo‘l ochishni talab qilib, aks holda qat’iy choralar ko‘rishini bildirdi.

2023 yilning 7 oktyabrida Hamas Isroilga hujum uyushtirdi, bunga javoban Isroil G‘azoga bostirib kirdi. Avvaliga ko‘pchilik Isroilga hamdardlik bildirib, Hamasni qoraladi. Lekin ko‘p o‘tmasdan ma’lum bo‘ldiki, Isroilning maqsadi – Hamas bilan kurashish emas, Hamas bilan kurashish bahonasida G‘azo sektorida etnik tozalash qilish, u yerdan tinch g‘azoliklarni siqib chiqarish va bu yerlarni ham G‘arbiy sohil kabi Isroilga qo‘shib olish...
Shu paytga qadar Falastin davlatini 150 ga yaqin davlat tan olgan. Falastinni tan olish – BMT tomonidan 1967 yilgi chegaralarda o‘rnatilgan hudud bilan tan olishni anglatadi. Bugun esa Falastin bu hududda mavjud emas. Chunki Isroil 1967 yilgi chegaralarni buzib, juda katta hududlarni bosqinchilik yo‘li bilan o‘ziga qo‘shib olgan. Shuning uchun qaysi bir davlat Falastinni tan olsa, shu zahoti Isroilning g‘azabiga uchraydi, Isroil bu davlatlarni tanqid qila boshlaydi.
Isroilni tashkil topganidan buyon qudratli g‘arb davlatlari qo‘llab keladi. Agar Falastinni tan olgan davlatlar xaritasiga qarasangiz, dunyoning aksariyat davlatlari bu xaritada bor. Faqatgina AQSh, Kanada, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqidagi eng muhim davlatlar Falastinni tan olmay kelyapti. Isroilga mana shu davlatlarning o‘zi yetarli bo‘layotgan, ular Isroilni qo‘llab-quvvatlab, uni qurol va moliyaviy resurslar bilan ta’minlab kelayotgan edi. Lekin Isroilning keyingi bir yarim yildan ortiq davom ettirayotgan G‘azodagi genotsid siyosati kollektiv G‘arb davlatlarining ham fikrini teskari tomon o‘zgarishiga sababchi bo‘lmoqda.
Shu kunlarda Fransiya, Birlashgan Qirollik va Kanada Falastinni tan olish borasida ishoralar berishdi. Qolaversa, “ikki davlat loyihasi”ni Isroilning roziligi orqali emas, balki Isroil irodasini inkor qilish orqali, hatto, Isroilga sanksiyalar kiritish orqali erishish mumkin degan jiddiy qarashlarini bildirishdi.
Britaniya va Kanada bosh vazirlari hamda Fransiya prezidentining qo‘shma bayonotida, Isroil G‘azodagi urushni to‘xtatmasa va gumanitar yordamlarni yetkazishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmasa, “aniq choralar ko‘rish” bilan tahdid qilingan.
Ma’lumki, Isroil Yevropa Ittifoqi bilan assotsiativ hamkorlikka ega. Ittifoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri a’zo bo‘lmasdan, lekin assotsiativ hamkorlikka ega bo‘lish – Isroilga iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa aloqalarni qulay tarzda amalga oshirish imkoniyatini berib keldi. Shu kunlarda Fransiya va YeIning qator davlatlari Isroilni G‘azodagi jinoyatlari sabab, YeI bilan assotsiativ hamkorlik shartlarini qo‘pol buzganlikda ayblab boshlashdi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches shu kunlarda katta chiqish qilib, Isroil bundan keyin “Yevrovideniye” qo‘shiq konkursida ishtirok etmasligi kerak, dedi. Ya’ni konkursdan Isroilni quvishga chaqirdi. Sanches: “Nega Yevropa Ittifoqi ikki standartlilik qiladi? Axir Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin, biz Rossiyani “Yevrovideniye”dan quvgan edik-ku?!” deya, Yevropa Ittifoqi siyosatini tanqid qildi.
Nima uchun shu paytgacha boshqa davlatlar qila olmagan xalqaro jinoyatlarni, genotsidlarni Isroil bemalol qila oldi? 1945 yilda ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyingi eng yirik siyosiy konsesus – Isroil va yahudiylarning ortiq mazlum bo‘lishiga imkoniyat bermaslik borasida edi. Shuning uchun dunyo hamjamiyati, eng avvalo kollektiv G‘arb Isroilni tanqid qilishda o‘ta ehtiyotkor bo‘ldi. Biroq Isroilning Falastinni okkupatsiya qilish, G‘arbiy sohilni bosib olish, G‘azoni genotsid qilish siyosati hammaning asabiga tegdi, eng isroilparast bo‘lgan davlatlar ham Isroildan masofa saqlashga, uning jinoyatlariga sherik bo‘lmaslikka harakat qila boshlashdi. Endi, bundan keyin Isroilning sherigi bo‘lish – xalqaro maydonda ham, davlatlarning ichida ham, jamoatchilik fikri uchun ham o‘ta og‘ir yuk bo‘ladi, va bu yukning og‘irligi yengillashmaydi.
Falastin – 1945 yildan keyin shakllangan dunyo tartibotida eng katta kulfat, eng katta fojyea va inqiroz hisoblanadi. Mana 80 yildirki, Falastin davlati yo‘q, Isroil esa tarixda hech bir davlat qilmagan jinoyatlarni qilib keldi. Isroilning jinoyatlari shu qadar katta va chuqur bo‘ldiki, endi hatto g‘arb davlatlari ham o‘zlarining xatolarini anglab, Falastin davlatini tan olish tomon ketmoqda.
Hozircha Falastin davlati tezda tashkil topadigandek ko‘rinmaydi. Lekin, Isroil barcha harbiy kampaniyalarni yutgan bo‘lsa-da, tarixiy kampaniyani yutqazib bo‘ldi. Garchi Falastin majruhlangan ko‘rinsa-da, u g‘oya va loyiha sifatida bundan keyin faqat kuchayib boradi. Fransiya, Birlashgan Qirollik, Kanadadan so‘ng, yana ko‘plab g‘arb davlatlari Falastin tomonga o‘tadi. Jumladan, Germaniya, Yaponiya va oxir-oqibat AQShning ham Falastinni tan olishi – bu vaqt masalasi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Tavsiya etamiz
Soch to‘kilishi, ko‘z osti qorayishi, lab yorilishi: tana tili bizni nimalardan ogohlantiradi?
Jamiyat | 17:08 / 10.07.2025
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Har yakshanba kunlari Toshkentdan Maldivga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar
O‘zbekiston | 09:00
-
«Ertalab soat 6 da kimdir kelishini kutmagandim». Ulug‘bek Rashidov diskvalifikatsiya qilinganiga izoh berdi
Sport | 23:47
-
Ispaniyada «Rostex» vitse-prezidentining o‘g‘li ushlandi. U pul yuvishda gumonlanmoqda
Jahon | 23:23
-
Isroil armiyasi HAMASning olti nafar qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qildi
Jahon | 23:05
Mavzuga oid

23:05 / 11.07.2025
Isroil armiyasi HAMASning olti nafar qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qildi

12:46 / 10.07.2025
AQSh Isroilning asosiy tanqidchisi - Francheska Albanezeni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

07:13 / 10.07.2025
Makron G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

21:27 / 09.07.2025