O‘zbekiston | 16:31 / 13.05.2025
4564
7 daqiqa o‘qiladi

PISA tadqiqotida prezident maktablari ham qatnashayotgani muhokamalarni keltirib chiqardi

Bu yilgi xalqaro PISA tadqiqotida O‘zbekistondagi barcha prezident maktablari va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktab ham qatnashmoqda. Jamoatchilik faollari natijalarning sun’iy yaxshilanishi ehtimoliga e’tibor qaratdi. Maktab vaziri Hilola Umarova maktablar tasodifan tanlab olinganini aytib, vazirlikka ko‘zbo‘yamachilik emas, haqqoniy tahlil kerakligini bildirdi.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

O‘zi nima gap?

O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tashabbusi bilan har 3 yilda 1 marta o‘tkaziladigan PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro tadqiqotida ikkinchi marta ishtirok etmoqda.

Bu tadqiqot – 15 yoshli o‘quvchilarni imtihon qilish orqali, maktab ta’limi sifatiga baho berishga qaratilgan.

2025 yilgi sinovlarda respublikaning 233 ta maktabidan 8 800 nafar o‘quvchi qatnashadi. Bunda jamoatchilik faollari ta’lim muassasalarini tanlashda reprezentativlik tamoyili buzilganini aytmoqda.

Ta’lim sohasi mutaxassisi, o‘qituvchi Shokir Tursun tadqiqotda barcha prezident maktablari qatnashayotganini ma’lum qilib, bu o‘rtacha ballni sun’iy oshirishini aytdi.

Hammasi oddiy: bu maktablar eng sara o‘quvchilarni o‘qitadi, ularning natijalari yaxshi chiqish ehtimoli yuqori, ammo ular butun O‘zbekiston o‘quvchilarining 1 foizini tashkil etadi (yoki undan ham kam). Bu reprezentativlik – haqiqiy voqelikni aks ettirishga qaratilgan guruhni tanlab olish jarayoniga zid hisoblanadi.

Ta’lim sifatini yolg‘ondan baland ko‘rsatish, o‘zimizni aldash nega kerak, tushunmayapman. Yana ham tushunmayotganim, OECD bunga qanday qilib yo‘l qo‘yib berdi? Yoki hamma axborotlarim yolg‘onmikin?” – deydi Tursun.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova X tarmog‘i (sobiq Twitter)dagi sahifasida Shokir Tursunning postini belgilab, shunday izoh yozdi:

PISA tadqiqotida ishtirok etish uchun O‘zbekistondagi 233 ta maktab tasodifiylik tamoyili asosida tanlab olingan. Maktablarni tanlash jarayoniga vazirlik umuman aralashmaydi, OECD tanlab, o‘tkazadi. Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak. Ko‘zbo‘yamachilik emas”.

Tarmoq foydalanuvchilari vazirning posti ostiga yozgan izohlarda tanlab olingan maktablar ro‘yxatini ochiqlashga chaqirmoqda.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, testlarda ishtirok etayotgan maktablar orasida chindan ham prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar mavjud. Ammo ular ataylab tanlab olinmagani, har bir bosqich uchun alohida protokol borligi aytilmoqda.

MMTV rasmiysi esa Kun.uz so‘roviga javoban holat yuzasidan axborot tayyorlanayotgani, tez orada rasmiy munosabat e’lon qilinishini bildirdi.

Prezident maktablari alohida qatlam deb olinishi kerak edi”

Yana bir ta’lim mutaxassisi Komil Jalilov PISA'da maktablar qanday tanlab olinishiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, tadqiqotda ikki bosqichli stratifikatsiya qilingan tanlash metodidan foydalaniladi.

Bu degani – maktablar turli xususiyatlariga ko‘ra (shahar / qishloq, oddiy / ixtisoslashgan, maktab hajmi, o‘quvchilarning kelib chiqishi va hokazo) stratalarga (kategoriyalarga) bo‘linadi. Masalan, mamlakatda qishloq maktablari ulushi 60 foiz. Demak, tanlanmaga tushgan qishloq maktablari soni shu nisbatni aks ettirishi kerak.

Agar mamlakatda o‘quvchilarni qobiliyatiga ko‘ra ajratadigan yoki alohida o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘qitadigan maktablar bo‘lsa, ular alohida kategoriya deb olinadi. Ya’ni oddiy til bilan aytganda, prezident maktablari alohida qatlam deb olinib, ularning ichidan nechtadir maktab (bu maktabdagi o‘quvchilar sonining mamlakatdagi umumiy o‘quvchilar sonidagi ulushini hisobga olgan holda) tasodifan tanlab olinishi kerak edi”, – deydi u.

Bu butun tizim ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada o‘zgartirish uchun yetarli emas”

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimi Rashid Tojiboyevga ko‘ra, prezident maktablari tasodifiy tanlab olinmagan, balki ularning barchasi ingliz tilida imtihon topshirish imkonini ta’minlash maqsadida maxsus jalb qilingan.

Tojiboyev maxsus tanlanganlar milliy ko‘rsatkichlarga “sezilarli ta’sir qilolmaydi”deb hisoblashini bildirdi.

Statistik jihatdan qaralganda, prezident maktablari o‘quvchilari umumiy ishtirokchilarning 3,8 foizini tashkil qilishi mumkin. Agar ushbu o‘quvchilarning barchasi PISA testida eng yuqori 6-darajaga erishgan taqdirda ham, bu umumiy milliy ballar ko‘rsatkichi taxminan 15 ballga oshishiga olib kelishi mumkin. Bu esa butun tizim ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada o‘zgartirishi uchun yetarli emas. Amalda 6-darajani olish ham oson emas, Nazarboyev maktablari tajribasiga ko‘ra, eng yaxshi sharoitdagi o‘quvchilar ham bu darajaga ommaviy yetisha olishmagan”, – deydi u.

Tojiboyevga ko‘ra, prezident maktablarining PISA tadqiqotidagi ishtiroki, ta’lim tizimidagi imkoniyatlar tengsizligi muammosini ochib beradi. Bu maktablarga ajratilayotgan moliyaviy resurslar va ular bilan boshqa maktablar o‘rtasidagi tafovut qanday natija berayotgani haqida chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, PISA natijalari bilan mamlakatlarning YaIM o‘rtasida ijobiy korrelyatsiya mavjud. Iqtisodiyoti barqaror va rivojlangan davlatlarda o‘quvchilarning PISA baholari ham yuqoriroq bo‘ladi.

Unga ko‘ra, agar mamlakat 4 yil davomida ta’limga ajratiladigan mablag‘ni har yili 7–8 foizga oshirib borganda, PISA testlaridagi o‘rtacha ballarda 3,2 foizlik o‘sish kuzatiladi. Bu PISA tizimidagi standart og‘ishga ko‘ra taxminan 3 yoki 4 ball demakdir.

O‘zbekiston misolida qaralganda, agar 2026 yildan boshlab ta’lim budjeti hozirgi 59 trillion so‘mdan har yili 8 foizga oshirib borilib, 2029 yilda 80 trillion so‘mga yetkazilsa, bu katta sarmoya evaziga PISA matematika bo‘yicha ballar atigi 3–4 ballga oshishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonning 2030 yilgacha PISA natijalari bo‘yicha top-30 davlat qatoriga kirish maqsadini so‘roq ostiga qo‘yadi”, – deydi Rashid Tojiboyev.

Respublika ta’lim markazi vakili ayrim tanlab olingan maktab o‘quvchilari o‘qituvchilar tomonidan testlarga oldindan tayyorlantirilayotgani haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirdi. “Agar bu holat tasdiqlansa, bu baholash natijalarining ishonchliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, – dedi u.

Tarmoqda tarqalgan, tasdiqlanmagan mish-mishlarda tanlab olingan maktablarda 8-sinf o‘quvchilari boshqa darslardan ozod qilinib, PISA imtihonlariga tayyorlantirilayotgani, ularni o‘qitishga boshqa maktablarning o‘qituvchilari ham jalb etilayotgani haqida so‘z boradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston PISA tadqiqotida ilk marta 2022 yilda ishtirok etib, past natijalarni qayd etgan edi. O‘zbekistonlik bolalar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida 80-o‘rinni egallagandi.

Mavzuga oid