O‘zbekiston | 12:05 / 05.05.2025
7132
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida harorat +40 darajagacha isiydi

Chorshanba kunigacha hududlarda havo +40 darajagacha isiydi. 8 maydan haroratning biroz pasayishi boshlanadi va +27 darajaga tushishi mumkin. Ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi.

Foto: Kun.uz

5–7 may kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Dushanbadan chorshanbagacha havo kunduz kunlari +35…+38 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +40 darajagacha isiydi.

«Bu may oyi boshi uchun kuzatilgan iqlim me’yoridan sezilarli darajada yuqoridir. Bunday harorat yoz mavsumi uchun ko‘proq xosdir», – deya ta’kidlaydi sinoptiklar.

8 maydan harorat biroz pasayishi boshlanadi va 9 may kuni harorat +27…+32 darajani tashkil etadi.

8 mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha ba’zi joylarda, 9 mayda markaziy va sharqiy viloyatlarda ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

5–7 mayda shimolda va cho‘l hududlarda, 8–9 mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda shamol tezligi 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi, chang to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida 5−8 may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan +33…+36 daraja, 7 mayda +36…+38 daraja bo‘ladi. 9 mayda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Harorat +27…+30 darajagacha pasayadi.

Mavzuga oid