Jahon | 15:26 / 25.04.2025
24485
5 daqiqa o‘qiladi

Balashixada portlash oqibatida bosh shtab generali halok bo‘ldi

Portlash general-leytenant Yaroslav Moskalik uyidan chiqib kelganida, hovlida turgan avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma harakatga keltirilishi orqali sodir etilgan.

Moskva yaqinidagi Balashixa shahrida ko‘p qavatli turar joy binosi hovlisida avtomobil portlab ketdi. Huquq-tartibot idoralariga yaqin hisoblangan Baza, Shot va Mash telegram-kanallari avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma harakatga keltirilishi oqibatida RF qurolli kuchlari bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaroslav Moskalik halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Portlash 25 aprel tongida, Aviatorlar mikrorayonida joylashgan uy hovlisida ro‘y bergan. «Agenstvo» qayd etishicha, bu mikrorayon harbiy pensionerlar uchun kvartal sifatida loyihalashtirilgan. Msk1 nashri suhbatdoshlari ham hududda asosan harbiylar istiqomat qilishini aytishgan.

Baza va «112» ma’lumotiga ko‘ra, uylardan birida turgan Volkswagen Golf avtomobili soat 10:40 atrofida portlab ketgan. Voqea joyida olingan kadrlarga ko‘ra, ushbu binoning quyi qavatlarida joylashgan kvartiralarning derazalari to‘kilib ketgan, shuningdek, atrofda turgan avtomobillar shikastlangan. Portlashdan keyin «Volkswagen» yonib ketgan, ko‘p o‘tmay qutqaruvchilar olovni o‘chirishgan.

Portlashdan keyin darhol OAVda bir qurbon haqida xabar berildi. Ammo, «Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, ularning soni ikki nafar bo‘lishi mumkin — portlagan avtomobil haydovchisi va uning mashinadan endi chiqqan yo‘lovchisi. Boshqa manbalarda ikkinchi qurbon ham bo‘lgani haqida ma’lumot keltirilmagan.

Telegram-kanallar mashina general Moskalik pod’yezddan chiqib kelganida portlab ketganini yozishgan. Avvaliga, halok bo‘lgan kishi o‘tkinchilardan biri bo‘lgani, mashinada esa gaz ballon portlagan bo‘lishi mumkinligi aytilgandi. Ammo ekspertlar qo‘lbola portlovchi qurilma bo‘laklari va shikastlovchi elementlarni topganidan keyin bu versiya yo‘qqa chiqdi
parchalanib ketgan. TASS agentligi ham operativ xizmatlarga tayanib, «Volkswagen»da qo‘lbola portlovchi qurilma portlagani haqida xabar berdi.

Tergovchilar taxminiga ko‘ra, portlovchi qurilma o‘rnatilgan mashina harbiy mulozim yashagan uy pod’yezdi qarshisiga qo‘yib ketilgandi, deb yozadi Shot. «Agenstvo» nashri sizdirilgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, Moskalik Nesterov xiyobonidagi 2-uyda yashaganini tasdiqladi. Mash ma’lumotiga ko‘ra, bomba avtomobilga gaz ballon uskunasi yoniga joylashtirilgan, u masofadan turib faollashtirilgan.

«Izvestiya» hamda unga yaqin bo‘lgan «112» telegram-kanali portlash chog‘ida olingan kadrni tarqatdi. Unda mashinaga kimdir yaqinlashganida portlash ro‘y berganini ko‘rish mumkin.

Aftidan, portlagan «Volkswagen» Moskalikka tegishli emasdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, generalning 2020 yilda ishlab chiqarilgan Skoda Kodiaq avtomobili bo‘lgan. O‘z navbatida, «Volkswagen»ning egasi yanvar oyi oxiridan beri kamida uch marta o‘zgargan, deb yozadi Mash. Manba ma’lumotiga ko‘ra, mashinaning so‘nggi egasi Ukrainaning Sumi shahridan bo‘lgan 40 yoshli Ignat K. edi.

Jurnalistlar Moskalikning o‘zi haqida ko‘p ma’lumot topa olmagan. 2015 yilda u Ukraina sharqidagi urushni „normand formati“da hal qilish bo‘yicha muzokaralar ishtirokchilari orasida RF qurolli kuchlari bosh shtabi vakili sifatida tilga olingan. «Agenstvo» 2018 yilda Moskalik Rossiyaning  «Stroytransgaz» kompaniyasi tomonidan Suriyadan fosfat rudasi yetkazib berilishini nazorat qilishda ishtirok etganini aniqladi. Bu haqda «Vagner» XHK faoliyatini kuzatib boruvchi UncoveringWagner saytidagi general dosesidan bilish mumkin. Bundan tashqari, Moskalik turli xalqaro konferensiyalarda, jumladan, Moskva xalqaro xavfsizlik konferensiyasida muntazam ravishda nutq so‘zlab, Suriya haqida gapirgan. 2021 yilda harbiy general-leytenant unvonini olgan.

U Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshidan buyon halok bo‘lgan uchinchi rossiyalik general-leytenant bo‘ldi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Balashixada Volkswagen Golf avtomobili portlashi oqibatida Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalik halok bo‘lganini tasdiqladi. Portlash qo‘lbola portlatish moslamasi ishga tushishi natijasida sodir bo‘lgani, mazkur holat yuzasidan odam o‘ldirish va portlovchi moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish (JK 105-moddasi va 222.1-moddasi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan.

Mavzuga oid