Toshkent metropoliteni 2025 yilda qo‘shimcha 56 ta metro vagoni xarid qiladi
Hozirda poytaxt metropoliteni bir kunda 1 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Oxirgi uch yilda 41 ta yangi harakat tarkibi xarid qilingan bo‘lib, poyezdlar soni 75 taga yetgan.

Foto: Toshkent metropoliteni
Toshkent metropoliteni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining poytaxt metrosida yuzaga kelayotgan tiqilinchlar, poyezdlar kechikib kelishi haqidagi postiga munosabat bildirdi.
Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayev «Chilonzor», «Paxtakor», «Beruniy» kabi yirik bekatlarda ertalabki soat 07:30 dan 09:00 gacha bo‘lgan davrda yo‘lovchilar soni keskin ortishi, aynan shu vaqtda poyezdlar 8–10 daqiqa oralig‘ida kechikib kelayotgani haqida yozdi. «Natijada ishga yoki o‘qishga shoshayotgan fuqarolar 7–8 ta reysni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lmoqda. Bu holat nafaqat noqulaylik tug‘diradi, balki aholi orasida transport tizimiga bo‘lgan ishonchni ham kamaytiradi», — deydi deputat.
Toshkent metropoliteniga ko‘ra, 2021 yil bir kunda 280-300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 920-930 mingni tashkil qilgan va bugun bu son bir kunda 1 milliondan ortmoqda.
Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar sonining ortib borishi sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olish hamda yo‘lovchilarning bir manzildan boshqa manzilga borish vaqtlarini qisqartirish maqsadida so‘nggi uch yilda tig‘iz vaqtda (07:30 dan 09:00 gacha) harakat tarkiblarining yo‘lovchi tashish bo‘yicha oraliq vaqti (interval) qisqartirilgan. Jumladan:
- 2021 yilda «Chilonzor» yo‘nalishida 5 daqiqa (16 ta poyezd ishlagan) bo‘lgan bo‘lsa, bugun 1,5 daqiqa (28 ta poyezd harakatlanmoqda);
- 2021 yilda «O‘zbekiston» yo‘nalishida 6 daqiqa (9 ta poyezd ishlagan) bo‘lgan bo‘lsa, bugun 3 daqiqa (16 ta poyezd harakatlanmoqda);
- 2021 yilda «Yunusobod» yo‘nalishida 11 daqiqa (6 ta poyezd ishlagan) bo‘lgan bo‘lsa, bugun 4 daqiqa (11 ta poyezd harakatlanmoqda);
- «O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi yerusti halqa yo‘li» yo‘nalishi – 12 daqiqadan (5 ta poyezd ishlagan) 9 daqiqaga (11 ta poyezd ishlamoqda) tushirilgan.
2021 yilgacha 36 ta poyezd harakatlangan bo‘lsa, oxirgi uch yil davomida zamonaviy turdagi 41 ta yangi harakat tarkiblari xarid qilinib, 2025 yilga kelib poyezdlar soni 75 taga yetgan.
Shuningdek, 2025 yil davomida yana qo‘shimcha 56 ta zamonaviy metro vagonlarini xarid qilish ko‘zda tutilgan. «Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblari yangilanishiga hamda yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi», — deyiladi munosabatda.
Shu bilan birga, Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarda metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini, harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslikni so‘radi.
Mavzuga oid

14:35 / 20.03.2025
Toshkent metropoliteni TTZ dahasigacha olib boriladi

11:28 / 02.10.2024
Bular oddiylaridan tubdan farq qiladi - Toshkent metropoliteni eskalatorlar haqidagi maqolaga munosabat birdirdi

20:53 / 06.09.2024
Toshkent metropolitenida metall detektorlar o‘rnatiladi

10:45 / 23.08.2024