O‘zbekiston | 21:39 / 22.04.2025
2219
5 daqiqa o‘qiladi

Dori vositalarining ruxsat etilgan maksimal narxlari qayta ko‘rib chiqiladi

Farmagentlik rahbari Abdulla Azizovga ko‘ra, referent narxlarni shakllantirishdagi kamchiliklar bartaraf etilib, narxlar qaytadan belgilanadi. Shuningdek, markirovkani epaqaga keltirish ham ko‘zda tutilgan. “Bir oyda 90 millionga yaqin doriga markirovka qo‘yilsa, bor-yo‘g‘i 5 milliontasi tizimdan chiqyapti. Bu degani 75-85 mln dori vositasi qayerdadir “omborda saqlanyapti”, aslida esa sotib bo‘lingan”, deydi u.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonda dori vositalarining ruxsat etilgan maksimal narxlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, referent narxlarni shakllantirish tartibini takomillashtirish, byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha loyihalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Kun.uz muxbiri Azizov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida soha rahbariga bir nechta savollar bilan murojaat qildi. Xususan, 1 apreldan retsepsiz sotiladigan dori vositalariga nisbatan narx cheklovi olib tashlangandan keyin, bu narxga ta’sir qilmaydi, aksincha narx tushishiga sabab bo‘ladi deyilgandi. Ammo, ayrim hududlarda narx biroz qimmatladi. Azizov buni vaqtinchalik holat deb izohladi.

“Birinchi eshik ochilganda, narx o‘sishi kuzatiladi. Sababi, bozorda yetarli darajada o‘sha dori vositasi bormi yoki marja kichkina bo‘lgani bois, olib kelish ham kam bo‘ladi. Keyin narx oshadi. Shundan keyin boshqa ishtirokchilar bozorga mahsulot yetkazib berishni boshlaganidan keyin, to‘yinish paydo bo‘ladi. 6-7 oy ichida narx tushishi ham kuzatiladi.

Retsepsiz dorilar narxlari ko‘p rivojlangan davlatlarda nazoratga olinmagan. Asosiy mexanizm bu tibbiy sug‘urta hisoblanadi. Masalan, Turkiyada 87 foiz dori vositalari davlat tomonidan xarid qilinadi. Hozirgi kunda bizda bu ko‘rsatkich 15 foizni tashkil etadi. Kutilmalarimizga ko‘ra, keyingi 5-6 yil ichida 40 foizga yetib oladi”, – deydi u.

Kun.uz muxbiri dori vositalariga QQS stavkasini qayta ko‘rib chiqish va oxiriga yetmayotgan markirovka masalasi haqida so‘radi.

“Biz QQSni hurmatli Jamshid Anvarovichga [bosh vazir o‘rinbosari – tahr.] bir necha marta ko‘tardik. O‘tgan yili 12 foiz qo‘llanilganidan keyin qanday natijasi bo‘ldi, narxga qanday ta’sir qildi, tushumi ko‘paydimi yoki teskarisi bo‘ldimi, o‘rganish kerak degan topshiriq bo‘ldi. Prezident farmonida ham topshiriq ketgan. Bu bo‘yicha ish ketyapti. Takliflarimizni tayyorlab kiritamiz”, – deydi Farmagentlik rahbari.

Abdulla Azizovning qo‘shimcha qilishicha, rivojlangan davlatlarda dor vositalari ijtimoiy tovar bo‘lgani bois ularga nisbatan QQS stavkasi pastroq belgilangan.

Dori vositalari 2022 yildan markirovkalana boshlagani haqida gapirarkan, agentlik direktori 13 mingta dorixonadan hozirgacha 6 mingga yaqini bu tizimni ishlatayotgani, qolganlari esa yo skaner sotib olmagan, yoki sotib olgan bo‘lsa ham, ishlatmayotganini bildirdi.

“Fevral yoki mart oyidagi statistikani aytsam, bizda bir oyda 90 millionga yaqin dori vositasiga markirovka qo‘yilsa, bor-yo‘g‘i 5 milliontasi tizimdan chiqyapti. Ya’ni bu degani 75-85 mln dori vositasi qayerdadir “omborda saqlanyapti”. Lekin aslida ular sotib bo‘lingan. Shuning uchun tozalash mexanizmi qilish kerak. Bu bo‘yicha Soliq qo‘mitasi bilan ham, CRPT Turon bilan ham ko‘p muzokara olib bordik.

Birinchi o‘rinda ishlab chiqaruvchilar tozalashi kerak, keyin distribyutorlar va dorixonalar tozalasa, keyin tizim “toza” bo‘ladi. Shundan keyin agar kimningdir ombori bir-biriga to‘g‘ri kelmasa, qattiq nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi”, – deydi Farmatsevtika agentligi direktori.

Mavzuga oid