Jahon | 19:22 / 21.04.2025
2889
5 daqiqa o‘qiladi

«Telegram hech qachon shaxsiy xabarlarni oshkor qilmagan» – Durov Fransiya parlamenti qarorini olqishladi

Fransiya Milliy assambleyasi hukumatning shaxsiy xabarlarni o‘qish uchun politsiyaga «orqa eshik» – backdoor ochib berishga doir qonun loyihasini rad qildi. Telegram asoschisi buning «oqilona qaror» ekanini aytib, shifrlash – shaxsiy hayot xavfsizligi uchun muhimligini ta’kidladi. «Qonuniy sud qarori taqdim etilsa, gumondorning IP manzili va raqami oshkor qilinadi, shaxsiy xabarlari emas», degan Durov.

Foto: Kun.uz

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada xabarlarni almashadigan dasturlar uchun shifrlash salkam taqiqlab qo‘yilishi mumkinligidan xavotirlarini bildirdi. Fransiya Milliy assambleyasi politsiyaga shaxsiy xabarlarni o‘qish uchun «orqa eshik» – backdoor ochib berilishiga doir qonunni rad etgan. Lekin Parij politsiyasi yana ushbu masalani ko‘tarmoqda.

«Milliy assambleya a’zolari Fransiyani o‘z fuqarolarini shaxsiy daxlsizlik huquqidan mahrum qilgan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradigan qonunni rad etib, oqilona qaror qildi. Hatto ko‘pchilik yevropaliklar erkin emas, deb hisoblaydigan davlatlar ham hech qachon shifrlashni taqiqlamagan. Nega?

Chunki shaxsiy xabarlarga faqat politsiya «orqa eshik»dan kira oladi deb kafolat berish texnik jihatdan mumkin emas. Bir marta kirgandan so‘ng, orqa eshikdan nafaqat politsiya, balki boshqalar — xorijiy agentlardan tortib hakerlargacha foydalanishi mumkin. Natijada qonunga itoatkor barcha fuqarolarning shaxsiy xabarlari daxlsizligi buzilishi mumkin», deydi Durov.

Pavel Durovga ko‘ra, giyohvand moddalar savdosining oldini olishga qaratilgan qonun baribir jinoyatchilikka qarshi kurashda yordam bermagan bo‘lardi.

«Agar asosiy shifrlangan ilovalar «orqa eshik» orqali zaiflashtirilib, [politsiya nazoratiga o‘tsa ham] jinoyatchilar o‘nlab kichikroq ilovalar orqali xavfsiz muloqot qilishda davom etishlari mumkin. VPN tufayli ularni kuzatish yanada qiyinlashardi.

Shuning uchun avval aytganimdek, Telegram shifrlashni «orqa eshiklar» bilan buzish va asosiy inson huquqlarini poymol qilgandan ko‘ra, bozordan chiqishni afzal ko‘radi. Ba’zi raqobatchilarimizdan farqli o‘laroq, biz maxfiylikni bozor ulushiga almashtirmaymiz.

12 yillik tarixida Telegram hech qachon shaxsiy xabarlarning bir baytini ham oshkor qilmagan. Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, agar qonuniy sud qarori taqdim etilgan bo‘lsa, Telegram jinoyatda gumon qilinayotgan shaxslarning IP manzillari va telefon raqamlarini oshkor qiladi, xabarlarni emas», degan messenjer asoschisi.

Uning qonun chiqaruvchilarga xitob qilishicha, «shifrlash – jinoyatchilarni himoya qilish uchun yaratilmagan, bu oddiy odamlarning shaxsiy hayoti va xavfsizligini himoya qiladi, uni yo‘qotish fojiali bo‘lardi».

Durov erkinliklarni himoya qilish borasida jang hali tugamagani, Yevropa komissiyasi ham xuddi shunday tashabbusni ilgari surganini qayd etgan.

«Hech bir mamlakat erkinliklarning asta-sekin yemirilishidan himoyalanmagan. Har kuni bu erkinliklar hujumga uchraydi — va biz har kuni ularni himoya qilishimiz kerak», deydi Pavel Durov.

Pavel Durovning o‘zi 2024 yil avgust oyida Parij aeroportida qo‘lga olingan edi. Telegram asoschisi joriy yil mart oyida qariyb 8 oylik «tutqunlik»dan so‘ng Fransiyani tark etib, Dubayga qaytdi. Durov Telegram «o‘zining qonuniy majburiyatlarini oshirib bajargani»ni aytib, qo‘llov uchun barchaga minnatdorchilik bildirgan.

«Orqa eshik»ni ochish qonuni haqida

Yaqinda Fransiya hukumati jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida shifrlangan ilovalarga kirish imkoniyatini yaratmoqchi bo‘ldi. Ammo bu taklif texnik va huquqiy jihatdan xavfli deb topildi va shu sababli Milliy assambleya uni rad etdi. Fransiya parlamentida asosiy qonun chiqaruvchi kuch Milliy assambleya hisoblanadi va oxirgi so‘zni ular aytadi.

Shifrlangan xabar almashish ilovalari (Signal, WhatsApp, Telegram va Proton Mail kabi) foydalanuvchilarning shaxsiy yozishmalarini politsiyaga ochish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasi – «Narkotrafikdan chiqish» nomli qonun doirasida taklif qilingan edi.

Unga ko‘ra, texnologik kompaniyalar shifrlangan yozishmalarni 72 soat ichida politsiyaga ochiq matn (decrypted) ko‘rinishida taqdim etishga majbur bo‘lishardi. Loyihada majburiyatni bajarmaganlar uchun jismoniy va yuridik shaxslarga juda katta jarimalar ko‘zda tutilgan edi. Mutaxassislarga ko‘ra, bu talab texnik jihatdan ilovalarda «backdoor» (orqa eshik) yaratishni anglatadi, bu esa butun tizim xavfsizligini zaiflashtiradi.

Fransiya Maxfiylikni himoya qilish komissiyasi, huquq himoyachilari va texnologik kompaniyalar bu taklifga keskin qarshi chiqqan. Xususan, Signal ilovasi prezidenti Meredith Whittaker agar bu qonun qabul qilinsa, ilova Fransiyani tark etishini aytgan.

Natijada 2025 yil mart oyida Fransiya Milliy assambleyasi bu taklifni rad etdi.

Mavzuga oid