Jahon | 15:00 / 20.04.2025
14291
8 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston yana o‘z harbiylarini Jo‘lan tepaliklariga yubordi. UNDOF missiyasi o‘zi nima vazifani bajaradi?

10 aprel kuni Qozog‘iston armiyasining 139 nafar harbiydan iborat mustaqil kontingenti Damashqqa yetib bordi. Ular Suriya va Isroil chegarasidagi Jo‘lan tepaliklarida turli davlatlardan kelgan harbiylar bilan birgalikda BMT tinchlikparvar kuchlari sifatida navbatchilik qiladi. Xalqaro maydondagi ushbu qadamlar Qozog‘istonga nima beradi?

12 aprel kuni BMT missiyasi nazorati ostidagi Suriya va Isroil chegara hududida joylashgan Camp Faouar bazasida Qozog‘iston mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Shayx-Xasan Jazikbayev mamlakat tinchlikparvar kontingentlari rotatsiyasini amalga oshirdi.

«Qurolli kuchlarning o‘z zimmasiga olgan missiyasini bajargan harbiy xizmatchilar vataniga qaytmoqda, ularning o‘rnini egallash uchun ikkinchi milliy kontingent yetib keldi. Ayni paytda harbiy xizmatchilar joylashtirish, tartibga solish va ishlarni qabul qilish bosqichidan o‘tmoqda», – deyiladi Qozog‘iston mudofaa vazirligi xabarda.

Foto: Qozog‘iston mudofaa vazirligi

2024 yil mart oyida Jo‘lan tepaliklariga BMT missiyasi doirasida yuborilgan 139 nafar harbiydan iborat Qozog‘iston birinchi kontingenti 12 aprel kuni Ostonaga qaytdi.

Foto: Qozog‘iston mudofaa vazirligi
Foto: Qozog‘iston mudofaa vazirligi

10 aprel kuni Damashqqa yuborilgan ikkinchi kontingent ham 139 nafar harbiydan iborat. Ular o‘z xohishi bilan jismoniy va ruhiy holati, harbiy unvoni va malakasiga ko‘ra saralab olingan hamda tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan o‘tgan, ularning ikki nafari ayol harbiy xizmatchilar.

Harbiylar Suriyaga jo‘nab ketishdan oldin 6 oy davomida BMT standartlari asosida tinchlikparvarlik faoliyati, harbiy tibbiy xizmat, fuqarolar himoyasi, muhandislik hamda intensiv ingliz tili kurslarida o‘qitilgan. Tinchlikparvar kuchlar kuzatuv postlarida xavfsizlikni ta’minlash, hududni patrul qilish, gumanitar yordamni kuzatib borish, evakuatsiya va portlovchi qurilmalarni yo‘q qilish kabi vazifalarni bajaradi.

Foto: Qozog‘iston mudofaa vazirligi

12 aprelning o‘zida Ostona shahridagi harbiy aviabazada BMTning Jo‘lan tepaliklaridagi missiyasi (UNDOF) tarkibida bir yillik xizmatdan so‘ng qaytgan ilk qozog‘istonlik harbiylarni kutib olish marosimi o‘tkazildi. Tinchlikparvar kuchlar qo‘mondoni, podpolkovnik Jiger Aipovning ta’kidlashicha, Camp Faouar bazasidagi missiya davomida Qozog‘iston kontingenti 600 dan ortiq topshiriqni bajargan.

«Bir yil avval 139 kishidan iborat birinchi tinchlikparvar kontingentimiz Jo‘lan tepaliklariga jo‘nab ketgandi. Harbiylarimiz yuklarni kuzatib borish uchun patrul va gumanitar tadbirlarni amalga oshirdi. Biz to‘rtta evakuatsiya amalga oshirdik va 400 dan ortiq portlamay qolgan portlovchi moslamalarni yo‘q qildik», – degan u. O‘tgan bir yil davomida birinchi kontingentda qozog‘istonlik yetti nafar ayol harbiy xizmatchi ham bo‘lgan.

Shuningdek, joriy yilda belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajargani uchun Qozog‘iston tinchlikparvar kontingenti shaxsiy tarkibi missiya rahbariyati va BMT kotibiyati tomonidan mukofotlangan.

14 aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Suriyadagi Jo‘lan tepaliklarida ilk mustaqil missiyasini amalga oshirib qaytgan harbiylar bilan uchrashib, ularga davlat mukofotlari taqdim etdi. To‘qayevga ko‘ra, 2014 yildan buyon 700 ga yaqin qozog‘istonlik harbiylar BMT doirasida turli tinchlikparvarlik amaliyotlarida qatnashgan. Bugun kunda Qozog‘iston armiyasining 158 nafar (ularning 139 nafari Jo‘lan tepaliklarida) harbiy xizmatchilari Yaqin Sharq va Afrika davlatlarida missiya bajarmoqda. Qozog‘iston parlamenti o‘tgan yili tasdiqlagan qonunga ko‘ra, mamlakat BMT missiyalarida ishtirok etish uchun birdaniga 430 nafargacha tinchlikparvar kuchlari yuborishi mumkin.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Qozog‘iston BMT tinchlikparvar missiyalarida qatnashish orqali o‘zini xalqaro hamjamiyatda mas’uliyatli va faol davlat sifatida ko‘rsatish bilan birga xalqaro tashkilotlar doirasidagi mavqeyini kuchaytirishga intilmoqda. Buni alohida qayd etgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev harbiylar xorijiy tajribada o‘rganib qaytgan malakalarini o‘z safdoshlariga yetkazishi kerakligini aytgan.

«Dunyodagi hozirgi vaziyat juda og‘ir ekanini bilasiz. Turli ziddiyatlar yuzaga keladi. Afsuski, hamma narsani muzokaralar yo‘li bilan hal qilib bo‘lmaydi. Bunday sharoitda tinchlikparvar kuchlarning alohida roli ortib bormoqda. Qozog‘iston tinch davlat. Biz global barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz…

Siz qaynoq nuqtalarda xizmat qildingiz, katta jasorat ko‘rsatdingiz va boy tajriba to‘pladingiz. Endi o‘z bilimlaringizni boshqa harbiy xizmatchilarga yetkazish kerak. Tinchlikparvarlik missiyalarida erishilgan yangi ko‘nikmalarni milliy harbiy tayyorgarlik tizimiga joriy etish muhim», – degan To‘qayev.

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Tinchlikparvar kuchlar uchun to‘lovlar

Qozog‘iston ilk marta 2024 yil mart oyida Jo‘lan tepaliklaridagi BMT missiyasiga 139 nafar harbiy va 26 dona texnikadan iborat harbiylarini yuborgandi.

 

Foto: Kazcent

Qozog‘iston BMT ushbu missiyasidagi ishtiroki uchun yiliga taxminan 5 million dollar oladi. Bu mablag‘ning 2,4 million dollarga yaqini shaxsiy tarkibga to‘lov uchun, qolgan 2,6 million dollar harbiy texnika va qurollar ijarasi uchun davlat budjetiga tushadi.

Missiya doirasida har bir xizmat oyi uchun harbiylar uch oylik ish haqiga teng miqdorda kompensatsiya oladi. Bundan tashqari, BMT har oyda bir harbiy uchun 1448 dollar to‘lov qiladi. Missiya doirasida harbiylar xizmat burchini bajarish chog‘ida vafot etsa, tovon miqdori 60 oylik maoshni tashkil etadi. BMT o‘lim yoki nogironlik holatida kompensatsiya stavkasini 77 ming dollar etib belgilagan.

Foto: Kazcent

Ayni vaqtda qozog‘istonlik harbiy xizmatchilar mustaqil missiya davomida hududda patrullik qiladi, nazorat-o‘tkazish punktlarini mustahkamlaydi va qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini ta’minlaydi. Shuningdek, BMT missiyasi mandatiga muvofiq boshqa vazifalarni bajaradi.

Jo‘lan tepaliklari va BMT tinchlikparvar kuchlari

Jo‘lan tepaliklari Suriya va Isroil chegarasida joylashgan hudud. 1967 yilda olti kunlik Arab-Isroil urushi davomida Isroil tomonidan bosib olingan. 1973 yil 6 oktyabrda to‘rtinchi Arab-Isroil urushidan (Yom Kippur urushi) keyin BMT Xavfsizlik Kengashi nazoratiga o‘tdi.

Jo‘lan tepaliklari va pushti rangda UNDOF nazoratidagi hududlar

1974 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti UNDOF (United Nations Disengagement Observer Force) tinchlikparvar kuchlarining Jo‘lan tepaliklaridagi missiyasi tashkil qilingan. UNDOF missiyasi asosan Isroil va Suriya kuchlari o‘rtasida yaratilgan ajratish zonasida sulhga amal qilinishini kuzatish, hududga og‘ir qurollar kirib kelmasligi va kuchlar harakatini nazorat qilish uchun kuzatuv punktlarida patrullik qiladi. Shuningdek, u BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy ravishda hududdagi vaziyat haqida hisobot taqdim etadi.

Foto: Kazcent

UNDOF kuchlari harbiy harakatlarga aralashmaydi, lekin betaraf holatda tinchlikni saqlashga xizmat qiladi. Hududda yashovchi aholining xavfsizligini ta’minlashda ma’lum darajada ishtirok etadi.

2024 yil dekabr oyida Gana qurolli kuchlari vakili, general mayor Anita Asmah UNDOFʼning yangi missiya rahbari va tinchlikparvar kuchlar qo‘mondoni sifatida tayinlangan.

Foto: Kazcent

UNDOFʼda tinchlikparvar kuchlari safida o‘ndan ortiq mamlakatdan kelgan harbiy xizmatchilar ishtirok etadi. Tinchlikparvar kuchlarning bosh qarorgohi Suriya hududidagi Camp Faouar bazasida joylashgan.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Mavzuga oid