Jahon | 14:29 / 18.04.2025
8066
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp: «Zelenskiyni urushda ayblamayman»

Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni Tramp dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridan, shu jumladan Yevropadan importga bojlar joriy qilganidan so‘ng Yevropa yetakchilari orasidan birinchi bo‘lib Vashingtonga uchib keldi va AQSh prezidenti tomonidan juda iliq kutib olindi.

Foto: Getty Images

Meloni g‘oyaviy jihatdan Trampga yaqin bo‘lgan «Italiya birodarlari» milliy-konservativ partiyasi vakili bo‘lib, Tramp Yevropa Ittifoqiga yomon munosabatda bo‘lsa-da, Meloni uchun istisno qiladi. U Trampning inauguratsiyasida qatnashgan yagona yevropalik davlat rahbari bo‘lgandi.

«Menimcha, u – ajoyib bosh vazir. U fantastik darajada yaxshi ishlaydi. U – haqiqiy jahon yetakchilaridan biri», – dedi Tramp yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar oldidan.

Shu bilan birga, Jorjia Meloni – mutlaqo Yevropa tarafdori bo‘lgan siyosatchi, u Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining birligi va integratsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, bundan tashqari, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaga qarshi turish tarafdori. Shuning uchun Yevropaning boshqa davlatlari rahbarlari u Trampni Yevropa Ittifoqi bilan savdo bitimi tuzishga undashi va katta savdo urushidan qochishga yordam berishiga umid qilmoqda.

Muzokaralar boshlanishidan oldin Meloni xonim o‘z tashrifining maqsadi muzokaralarni boshlash va Trampni Italiyaga taklif qilish ekani, u yerda Trampni Yevropaning boshqa yetakchilari bilan ham uchrashtirishga umid qilayotganini aytdi.

Muzokaralardan so‘ng u Tramp Rimga taklifni qabul qilganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Tramp va Meloni jurnalistlar oldida AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo shartnomasi haqida deyarli gapirmadi – Tramp yuzma-yuz uchrashuvdan oldin bunday shartnoma «bo‘lishi 100 foiz aniqligi, lekin shaffof bo‘lishi»ni aytgandi.

Buning o‘rniga, matbuot anjumanida ishtirok etgan BBC muxbiri kichik Bernd Debyusmann ta’kidlaganidek, Tramp va Meloni kelishmovchiliklari bo‘lmagan mavzularga, masalan, immigratsiya mavzusiga qaytishni afzal ko‘rgan.

«To‘g‘ri tugmalarni bosish»

Muzokaralardan keyingi matbuot anjumanini Meloni Tramp bilan so‘l (woke) mafkura va DEI («xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik») siyosatiga qarshi kurashda safdoshlar ekanini aytish bilan boshladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mafkurani tashuvchilar G‘arb mamlakatlari tarixini yo‘q qilishni istaydi.

Tramp esa uning so‘zlarini ma’qullab, bosh irg‘agan.

Keyin Meloni Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» shiorini o‘zgartirib, AQSh va Yevropa birgalikda «G‘arbni yana buyuk qilishlari» kerakligini aytdi.

BBC’ning Yevropa masalalari bo‘yicha muxbiri Laura Gottssi Melonining bu bayonotlarini umumlashtirib, u Tramp bilan muloqotda «barcha to‘g‘ri tugmalarni bosish»ga harakat qilganini ta’kidladi.

«Zelenskiyni urushda ayblamayman»

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar Tramp va Meloniga Ukraina haqida bir necha savol berishdi.

Meloni kirish so‘zidayoq AQSh va Yevropa birdam bo‘lishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi: «Biz birgalikda Ukraina erkinligini himoya qildik va birgalikda mustahkam tinchlikka erisha olamiz».

Tramp, xususan, shunday so‘zlarni aytdiki, bundan kelib chiqadiki, u Zelenskiyni urush boshlanishi uchun ayblamaydi. 

«Men uni urush uchun javobgar deb hisoblamayman, lekin bu urush boshlanganidan xursand ham emasman. Shu sababli men undan noroziman. Uni ayblay olmayman, lekin uni eng katta ish qilgan deb ham aytolmayman. Men uning katta muxlisi emasman», — dedi Tramp.

Jurnalistlar Trampdan Putinga yangi sanksiyalarni qo‘llashdan oldin o‘t ochishni to‘xtatish takliflariga javob berish uchun qancha vaqt berishini so‘rashdi.

Tramp esa shu haftada Rossiyadan qandaydir javob olishini aytish bilan cheklandi.

Trampdan Italiya Ukrainada Yevropa harbiy kontingentini shakllantirishda ishtirok etishi kerakmi, deb so‘rashdi. U bu Italiyaning ishi deb javob berdi va qo‘shimcha qildi: «Men tinchlik missiyalariga har doim normal munosabatdaman».

Mavzuga oid