Mineral o‘g‘itlar va pestitsidlar savdosi uchun endi litsenziya talab qilinadi
Mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar 1 iyungacha litsenziya olishlari kerak. Rasmiylarning tushuntirishicha, bu orqali, masalan, olma uchun mo‘ljallangan kimyoviy moddaning pomidorga sepilishining oldi olinadi. Shuningdek, bunday mahsulot importi ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi, kimyoviy moddalar bosqichma-bosqich markirovkalanadi.

O‘zbekistonda zararkunanda hashoratlarni yo‘q qilish uchun ishlatib kelingan 40 ta kimyoviy modda taqiqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakillari 17 aprel kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi 2 yilda zaharli sipermetrin, xlorpirifos, dimetoat va tiakloprid kabi zaharli moddalardan foydalanish to‘xtatilgan. Boisi, ushbu moddalar inson o‘limiga olib kelishi yoki asalarichilikka jiddiy zarar yetkazadi.
“2021 yilgacha bu ro‘yxat kitob shaklida bo‘lardi, har ikki yilda yangilanib turardi. To‘g‘ri aytdingiz, sipermetrin, xlorpirifos taqiqlangan modda, u O‘zbekistonda ishlatilmaydi. Ikkinchisi dimetat, buyam bozordan olib tashlangan, zaharliligi uchun SES, ekologiya ruxsat bermaydi. Uchinchisi imidakloprid. Bunga meva-sabzavot uchun taqiq joriy qildik, faqat go‘zada qolgan”, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Bobur Hamrayev.
Hamrayevning aytishicha, 10 ga yaqin preparatdan foydalanish bo‘yicha cheklovlar kiritilgan. Ro‘yxat bilan “Agroko‘makchi” mobil ilovasida tanishish mumkin. Unda fermer va dehqonlar uchun turli ko‘rsatmalar ham berib boriladi.
“Cheklov qo‘yilgan 10 ta modda bor. Masalan, glifosat, indoksakarb kabi ta’sir etuvchi moddalar. Ular faqat go‘zaga ishlatiladi. 639 ta biolaboratoriyamiz 2025 yilda bozorda 197 mlrd so‘mlik savdoni amalga oshirishi prognoz qilingan. Bu cheklov kiritilgan preparatlarimiz o‘rnini bosish uchun qilinyapti. Bu preparatlar O‘zbekistonda bor, cheklovga qo‘yilgan preparatlarning hammasi g‘o‘zaga deb ro‘yxatdan o‘tadi. Shu ekinlarda ishlatiladi. Hattoki, preparatning yorlig‘iga ham yoziladi. Agar shu talablar bo‘lmasa, tadbirkorning litsenziyasi ham, guvohnomasi ham bekor qilinadi”, – deydi Hamrayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 iyundan kuchga kiradigan tartibga asosan endi mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar litsenziya asosida faoliyat yuritadi. Lisenziyalash jarayonlari 7 fevraldan boshlangan. Bu orqali preparatlardan foydalanish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga qarshi kurashiladi.
“Masalan, olmaga ro‘yxatdan o‘tib pomidorga, pomidorga ro‘yxatga o‘tib, boshqa ekinlarga sepilmasligini shu litsenziya tartibga soladi”, – deydi agentlik o‘rinbosari.
Hamrayevning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 fevraldagi qaroriga asosan mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalanailadigan kimyoviy vositalarni majburiy ravishda markirovkalash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu qayerda, qanaqa tovar sotilyapti kabi jumboqli savollarga yechim bo‘lishi aytilmoqda.
Bundan tashqari, agentlik direktori o‘rinbosari hozirda mavsumiy avjiga chiqayotgan chigirtkalarga qarshi kurash choralariga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil harorat yaxshi bo‘lgani uchun chigirtkalar ancha vaqtli chiqdi. Hozirda Surxondaryo, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida yer maydonlarini chigirtkalardan tozalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 2025 yilda respublika bo‘yicha 608,1 ming gektar maydonda chigirtka tarqalishi prognoz qilingan edi. 17 aprel holatiga ko‘ra, jami 87 ming 573 gektar maydonda chigirtka tarqalgani aniqlandi. Shundan eng ko‘p qismi Qashqadaryoda bo‘lib, 31 ming 200 gektarni tashkil etadi.
Anjuman davomida, 2024 yilda fitosanitar detektor itlar yordamida qancha nomuvofiq mahsulotlar to‘xtatib qolingani haqida ham ma’lumot berildi.
“2024 yilning o‘zida 29 ta detektor itlar bo‘ladigan bo‘lsa, ular orqali qo‘l yuki bagajlaridan fitosanitar talablarga nomuvofiq bo‘lgan 14 ming urug‘lik, 52 ming 664 ta ko‘chat va qalamchalar, 6 ming 839 kg sabzavot, 7 ming 716 kg meva, 7 ming kg oziq-ovqat hamda 539 kg sanoat mahsulotlari O‘zbekistonga olib kelingani aniqlandi”, – deydi agentlik boshqarma boshlig‘i Dilshod Anorboyev.
Mavzuga oid

16:23 / 30.04.2025
Turagentlik faoliyati uchun litsenziya talabi bekor qilinadi

15:04 / 08.04.2025
Raqobat qo‘mitasi litsenziyasiz turfirmalar faoliyatini reklama qilish taqiqlanganini eslatdi

23:18 / 27.03.2025
“Marhamat, biz ochiqmiz” – vazirlik yuridik yo‘nalishda litsenziya ololmayotgan oliygohlar bilan muloqotga tayyorligini bildirdi

20:07 / 13.02.2025