«Bu bizning urush emas» - Agar muzokaralarda siljish bo‘lmasa, AQSh Ukrainada tinchlik o‘rnatish urinishlarini to‘xtatadi
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish istiqbollari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ushbu kelishuvga erishish mumkinligi bo‘yicha «aniq belgilarni tezda ko‘rishni istaydi», aks holda «boshqa muhim ishlar bilan shug‘ullanadi». Ba’zi siyosatchilar fikriga ko‘ra, bu Rossiyaning muzokaralarda murosasizligi Oq uydagilarning hafsalasini pir qilganini anglatishi mumkin.

Foto: AP
AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish borasidagi sa’y-harakatlardan voz kechadi, agar bunday kelishuvga erishish mumkinligi bo‘yicha aniq belgilar ko‘rmasa. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Parijda Ukraina va Yevropa delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi, deb yozdi BBC.
«Biz buni oylar davomida qilmoqchi emasmiz. Shuning uchun biz juda tez aniqlashimiz kerak, bu bir necha kun masalasi, kelgusi haftalarda bunga erishish imkoni bormi yoki yo‘qmi. Agar bor bo‘lsa, biz muzokaralarni davom ettiramiz. Agar yo‘q bo‘lsa, bizda boshqa ustuvorliklar bor», dedi Rubio Parijda Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvdan keyin.
Rubio o‘z bayonotini 17 aprel kuni kechqurun Parijda AQSh, Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari delegatsiyalari bilan bo‘lib o‘tgan birinchi muzokaralaridan so‘ng aytdi. Bungacha Donald Tramp ma’muriyati mustaqil ravishda Rossiya va Ukraina bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgan va mohiyatan Yevropani bu jarayondan chetlatgan edi.
Parijga Marko Rubiodan tashqari, o‘tgan hafta Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashgan Trampning vakili Stiven Uitkoff ham yetib keldi. Ukraina tomonidan tashqi ishlar va mudofaa vazirlari, shuningdek, prezident devoni rahbari ishtirok etdi. Uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda Buyuk Britaniya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari ham bor edi.
«Prezident Tramp bundan juda xavotirda. U bunga ko‘p vaqt va kuchini sarfladi... Bu juda muhim, lekin boshqa ko‘plab muhim narsalar ham borki, ular ham ko‘proq e’tiborga loyiqdir», deb qo‘shimcha qildi Rubio.
«Menimcha, hammaga Ukraina urushi — dahshatli urush ekanligini eslatish muhim, ammo bu bizning urush emas. Biz buni boshlamadik. AQSh Ukrainaga uch yildan ortiq vaqtdan beri yordam berib kelmoqda va biz hammasi tugashini xohlaymiz. (...) Demak, agar ular, biri yoki ikkalasi ham tinchlikka jiddiy yondashsa, ularga yordam berishni xohlaymiz. Agar bu amalga oshmasa, biz yo‘limizda davom etamiz», dedi Rubio.
Saylov kampaniyasi chog‘ida Tramp prezidentlik faoliyatining birinchi kunidayoq Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishga va’da bergan edi. Keyinchalik, Oq uyga qaytib kelgach, Tramp boshqa muddatlar haqida gapira boshladi, jumladan 6 oy ichida sulhga erishishga va’da berdi.
Tramp har ikki tomonni muzokara stoliga o‘tirishga undamoqda. Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish va Kiyevga milliardlab dollarlik AQSh harbiy yordamini to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda. Voqealarning qanday rivojlanishi hali ham noma’lum. Qo‘shma Shtatlar mojaro bo‘yicha amaldagi siyosatini o‘zgartirmasdan, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qolishi va Kiyevga yordam berishda davom etishi mumkin. Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga ham qaror qilishi mumkin.
Rubioning bu so‘zlari Oq uyda Rossiyaning urushni tugatishdagi murosasizligidan norozilik kuchayib borayotganini anglatishi mumkin, deb hisoblaydi ba’zi siyosatchilar.
Agar Vashington muzokaralardan uzoqlashsa, kelishuv katta ehtimol bilan barbod bo‘ladi, chunki boshqa hech bir davlat na Moskvaga, na Kiyevga bunday bosim o‘tkaza olmaydi.
Parijdagi muzokaralar
Rubio, shuningdek, jurnalistlarga Parijdagi muzokaralardan so‘ng, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan gaplashgani va unga Amerika tinchlik dasturining «ayrim elementlari» haqida ma’lumot berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Parijdagi muzokaralarda har qanday kelishuv doirasida AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlari masalasi ko‘tarilgan. Rubio xavfsizlik kafolatlari haqida «bu biz hamma uchun maqbul tarzda hal qilishimiz mumkin bo‘lgan muammo», ammo «bizda qisqa muddatda bu mumkinmi yoki yo‘qligini aniqlash uchun hal qilishimiz kerak bo‘lgan kattaroq muammolar bor», dedi Rubio qo‘shimcha ma’lumot bermasdan.
AQSh hozircha Kiyevga kelajakdagi sulhni qo‘llab-quvvatlash uchun xavfsizlik kafolatlarini berishdan bosh tortmoqda.
Rubioning aytishicha, tinchlik kelishuviga erishish qiyin bo‘lishi aniq, biroq buni tez orada amalga oshirish mumkinligiga ishoralar bo‘lishi kerak.
«Hech kim buni 12 soat ichida amalga oshirish mumkinligini aytmaydi. Lekin biz ular qanchalik bir-biridan uzoqlashganini va bu farqlarni qisqartirish mumkinmi yoki yo‘qligini, hatto biz o‘ylagan vaqt oralig‘ida taraqqiyotga erishish mumkinmi yoki yo‘qligini ko‘rishni istaymiz», dedi Rubio.
Rubio, shuningdek, yevropaliklar har qanday tinchlik bitimida markaziy rol o‘ynashi kerakligini aytdi, ayniqsa kelishuvga erishish uchun Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bekor qilish talab etilishi mumkin - bu ishni Vashington albatta o‘z-o‘zidan qila olmaydi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham 18 aprel kuni muzokaralarda ma’lum bir taraqqiyot borligini ta’kidladi.
«Biz ma’lum bir taraqqiyotni allaqachon tasdiqlash mumkin, deb hisoblaymiz. Bu Rossiya amal qilgan vaqtinchalik moratoriy bilan bog‘liq taraqqiyot - energetika infratuzilmasi obektlariga zarba bermaslikka moratoriy. Rossiya bu moratoriyga amal qilyapti, ammo ukrainaliklar haqida buni aytib bo‘lmaydi», dedi Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi mojaroni o‘z manfaatlarini ta’minlagan holda hal qilishga intiladi va Moskva AQSh bilan muloqotga ochiqligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, Moskva Ukrainadan NATO a’zosi bo‘lish istagidan voz kechishini, Rossiya o‘zi da’vo qilayotgan Ukrainaning to‘rtta viloyatini ham nazorat qilishini va Ukraina armiyasi soni cheklangan bo‘lishini talab qilmoqda. Kiyev bu talablar taslim bo‘lishga teng, deb hisoblaydi.
Energetika obektlariga hujumlarga moratoriy
18 mart kuni Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbatidan so‘ng, Rossiya prezidenti Trampning Ukraina energetika infratuzilmasi obektlariga zarba bermaslik haqidagi taklifiga rozi bo‘ldi. Kiyev ham xuddi shunday majburiyatni oldi.
Biroq so‘nggi haftalarda Ukraina va Rossiya deyarli har kuni bir-birini ushbu moratoriyni buzganlikda ayblamoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning energetika sohasiga zarbalari soni kamaydi, biroq ular davom etmoqda.
Qazilma boyliklar to‘g‘risidagi shartnoma
Rubioning izohlaridan biroz oldin Ukraina AQSh bilan qazilma boyliklar to‘g‘risidagi bitim yo‘lida birinchi qadam tashlanganini e’lon qildi. Bu Ukrainani qayta tiklashga yordam berish uchun investitsiya fondini yaratishni nazarda tutadi.
17 aprel kuni Ukraina va Qo‘shma Shtatlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar, unda mamlakatlar iqtisodiy sheriklik kelishuvi doirasida Ukrainani qayta tiklash uchun investitsiya fondini yaratish niyatida ekani aytiladi. Maqsad bitimni 26 aprelgacha yakunlash, deyiladi memorandumda.
Shu bilan birga, Tramp kelasi hafta Kiyev bilan yakuniy kelishuvni imzolashni kutayotganini aytdi va shunday dedi: «Bizda foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv bor, payshanba kuni imzolanishiga ishonaman... kelasi payshanba. Tez orada. Va ular kelishuvni hurmat qilishadi deb o‘ylayman. Shunday ekan, ko‘ramiz. Lekin bu masala bo‘yicha kelishuvimiz bor».
Ukraina Iqtisodiyot vazirligi o‘z saytida AQSh bilan iqtisodiy hamkorlik doirasida rasmiy kelishuvni yakunlash bo‘yicha memorandum matnini e’lon qildi. Unda aytilishicha, kelishuv Ukrainani qayta tiklash uchun investitsiya fondini yaratishni nazarda tutadi. Vazirlikning ta’kidlashicha, «kelishuv muhim sarmoya kiritish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va Ukraina bilan Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun imkoniyatlar ochadi».
Memorandum matniga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Ukraina «Ukrainaning dunyodagi uchinchi yirik yadroviy qurol arsenalidan ixtiyoriy ravishda voz kechib, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasini tan oladi».
Bundan tashqari, memorandumda aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi yoki xalqaro moliya institutlari va boshqa rasmiy kreditorlar bilan kelishuvlari doirasidagi majburiyatlarini hurmat qiladi.
Memorandumda tafsilotlar yo‘q, lekin avvalgi sizib chiqqan ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, endi gap nafaqat foydali qazilmalar, balki Ukrainaning energetika infratuzilmasi, shuningdek, neft va gazi ustidan nazorat haqida bormoqda.
Imzolanish AQSh moliya vaziri Skott Bessent bilan onlayn muloqot chog‘ida bo‘lib o‘tdi, u kelishuv tafsilotlari hali ham ishlab chiqilayotganini aytdi.
«Asosan biz buni avvalroq kelishib olgan edik. Prezident Zelenskiy bu yerda bo‘lganida bizda o‘zaro anglashuv memorandumi bor edi. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri katta shartnomaga o‘tdik va menimcha, bu 80 sahifalik shartnoma va buni imzolaymiz», dedi u.
Memorandumda aytilishicha, texnik muhokamalar 11 va 12 aprel kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan.
Memorandum Qo‘shma Shtatlarga Ukrainaning muhim mineral resurslari, shuningdek, neft va gazdan foydalanish imkonini beradigan kelishuv sari qadamdir. Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning tabiiy resurslari ustidan nazoratni hech qanday xavfsizlik kafolatisiz qo‘lga kiritmoqchi.
Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina Yevropadagi titan zaxiralarining 7 foizi va Yevropadagi barcha litiy konlarining uchdan bir qismiga ega. Boshqa elementlarga yadroviy qurollar va reaktorlar uchun zarur bo‘lgan berilliy va uran kiradi.
Fevral oyida kelishuvga erishish uchun avvalgi urinish Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Oq uyda Tramp va vitse-prezident Jyeyms Vens bilan muvaffaqiyatsiz uchrashuvidan keyin barbod bo‘lgan edi.