Aybdorlar «xit paradi»da o‘zgarish: Tramp ilk marta Putinni urushning bosh aybdori deb atadi
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha AQSh prezidenti Donald Trampning sa’y-harakatlari hech qanday samara bermayapti. Ayniqsa Moskvaning harakatlariga qaraganda ular Trampni jiddiy qabul qilayotganga ham o‘xshamaydi. Balki shu uchundir oxirgi chiqishida Tramp urush uchun aybdor uch kishining ro‘yxatiga Putinni ham qo‘shdi.

Tramp uch kishini urushning asosiy aybdori deb atadi. Shu vaqtgacha Trampning «urushni boshlaganlar xit paradida» Bayden birinchi, Zelenskiy ikkinchi o‘rinda turardi. Biroq shu kunlarda Tramp ilk marta Putin urushni boshlaganini tan oldi. Endi Putin Trampning «aybdorlar reytingida» kutilmaganda birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
«Bayden urushni to‘xtatishi mumkin edi. Zelenskiy ham. Putin esa umuman urushni boshlamasligi kerak edi. Barcha aybdor. Millionlab odamlar shu uch kishini deb halok bo‘ldi. Putin mayli, birinchi raqamli aybdor. Hech narsani tushunmaydigan Bayden ikkinchi. Va Zelenskiy», dedi Tramp.
Putinni urushning birinchi raqamli aybdori degan Tramp ko‘p o‘tmay o‘z uslubida Ukrainani urushni boshlashda aybladi. «Urushni boshlashdan avval unda g‘alaba qozona olishingizni bilish kerak. O‘zingizdan 20 barobar katta davlatga qarshi urush ochib, keyin bizga raketa bering, deb umid qilib o‘tirish yaramaydi», dedi Tramp.
«Ukrainaga keling, janob Tramp»
Trampning bu gaplarni aytishidan avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShning CBS telekanaliga intervyu berib, unda Trampni Ukrainaga taklif qildi.
«Biz sizning pozitsiyangizni hurmat qilamiz, janob Tramp. Lekin iltimos, muzokaralarga oid biror qaror qabul qilishdan avval Ukrainaga keling, odamlarga, tinch aholiga, harbiylarga, kasalxonalar, cherkovlarga, bolalarga, vayron bo‘lgan joylarga qarang. Bu yerda nimalar bo‘lganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, shunda kim bilan muzokara o‘tkazayotganingiz, Putin nimalar qilganini tushunasiz. Keyin birgalikda urushni tugatish bo‘yicha qaror qabul qilamiz», dedi Zelenskiy.
Tramp «dedlayn»ni tasdiqladi
Oxirgi vaqtlarda Tramp Putinga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muddat bergani haqida xabarlar ko‘paydi. Tramp bu ma’lumotni tasdiqladi, lekin muddat qachongacha ekanini aytmadi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashington bir necha oy emas, bir necha hafta ichida Moskva chindan urushni tugatishga intilyaptimi degan savolga javob topishini aytgandi.
Amerika nashrlariga ko‘ra, Donald Tramp urushni tugatish bo‘yicha Putin bilan uch marta uchrashib kelgan maxsus vakili Stiven Uitkoffning pozitsiyasini qo‘llamoqda. Uitkoff urushni tugatish uchun Ukraina to‘rtta oblasti va Qrimni Rossiyaga qo‘shqo‘llab topshirishi, NATOga kirish fikridan qaytishi, umuman Putin qo‘yayotgan barcha shartlarga ko‘nishi kerak deb hisoblaydi. Wall Street Journal nashrining yozishicha, davlat kotibi Marko Rubio va Ukraina bo‘yicha maxsus vakil general Kit Kellog Trampni Putin bilan muloqotda ehtiyotkorlikka chorlagan. Ya’ni Oq uydagi mulozimlarda ham urushni qanday tugatish bo‘yicha aniq ssenariy yo‘q.
Shu o‘rinda Stiven Uitkoffning bir gapi e’tiborni tortadi. Uning aytishicha, Vashingtonda endi-endi Rossiya nima xohlayotgani haqida tushuncha paydo bo‘layotgan ekan. Vaholanki, Rossiya Ukrainaning 5 ta hududini qo‘shib olishni istashi va Uitkoff sanagan boshqa shartlarni allaqachon ma’lum qilib bo‘lgan, hatto Ukrainaning bu besh hududini o‘z yerlari sifatida konstitutsiyasiga kiritib qo‘ygan. Butun boshli Amerika prezidentining maxsus vakili bo‘lmish Uitkoffning gapidan kelib chiqadiki, Tramp ma’muriyatidagilar butun dunyo allaqachon tushunib yetgan narsani endi-endi tushunayotgan ekan. G‘alati odamlar, oxirgi 80 yildagi eng dahshatli urushni tugata olishlariga ularning o‘zi ham ishonmasa kerak...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

15:55 / 05.05.2025
Tramp uchinchi muddat, tinchlik muzokaralari va savdo urushi oqibatlari haqida gapirdi

10:26 / 05.05.2025
Tramp "Alkatras" qamoqxonasini qayta ochishni buyurdi

08:01 / 05.05.2025
Putin Rossiyaga Ukrainada yadro qurolidan foydalanishga «zarurat bo‘lmasligi»ga umid bildirdi

20:13 / 04.05.2025