Vashington Pekinga 245 foiz boj solishini va’da qilmoqda
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi yana avj oladigan ko‘rinadi: Vashington Pekinga nisbatan ayni paytda 145 foiz darajasida belgilangan bojlarni 245 foizgacha oshirishini ma’lum qildi.

Foto: www.lbcgroup.tv
Bu haqda Oq uy bayonotida aytib o‘tilgan.
Prezident Donald Tramp rahbarligidagi ma’muriyatga ko‘ra, 2 aprel — «Ozodlik kuni»da prezident barcha mamlakatlarga 10 foizlik yagona tarif joriy qilgan, savdo defitsiti eng yuqori bo‘lgan davlatlarga esa alohida yuqori bojlar kiritilgan.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, 75 dan ortiq davlat AQSh bilan yangi savdo bitimlari yuzasidan muzokaralarga qiziqish bildirgan. Ammo Xitoy bu choralarga javob qaytargan yagona davlat sifatida qolgan va shundan so‘ng Pekindan keladigan import mahsulotlariga 245 foizgacha boj joriy etilishi mumkinligi e’lon qilingan.
Tramp ma’muriyati bu bojlar «Amerika xavfsizligini himoya qilish va savdo sharoitlarini tenglashtirish» maqsadida kiritilayotganini ta’kidlagan.
Savdo urushining keyingi bosqichi qanday kechishi hozircha noma’lum, ammo Pekinning javobi uzoq kuttirmasligi aniq.