Rossiya AQShdan muzlatilgan aktivlari hisobidan Boeing samolyotlarini sotishni so‘radi - Bloomberg
AQShda Rossiya aktivlarining oz qismi muzlatilgan - qariyb 5 mlrd dollar. Ushbu mablag‘larga o‘nlab Boeing-737 samolyotlarini xarid qilish mumkin.

Foto: REUTERS
Rossiya AQShdan Ukrainadagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgach, muzlatilgan davlat aktivlari hisobidan Boeing samolyotlarini xarid qilishga ruxsat berishni so‘radi. Bu haqda Bloomberg Moskvadagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Ushbu talab sulhga rozilik sharti hisoblanmaydi, ammo agentlik suhbatdoshining ta’kidlashicha, Rossiya o‘t ochish to‘xtatilmagunga qadar muzlatilgan mablag‘larini samolyotlar sotib olish uchun ishlatib bo‘lmasligini tushunadi.
Qayd etilishicha, samolyotlarni sotib olish imkonini beradigan kelishuv jangovar harakatlar to‘xtatilganida sanksiyalarni yengillashtirishning bir qismiga aylanishi mumkin.
Milliy xavfsizlik kengashi vakili Brayan Xyuzning so‘zlariga ko‘ra, AQSh «tinchlik sulhiga erishilmagunga qadar hech qanaqa iqtisodiy majburiyatlarni muhokama qilmaydi».
AQShda Rossiya aktivlarining oz qismi muzlatilgan — qariyb 5 milliard dollar. Ushbu mablag‘larga o‘nlab Boeing-737 samolyotlarini xarid qilish mumkin.
RF TIV rahbari Sergey Lavrovning ma’lum qilishicha, Rossiya AQShga «Aeroflot» aviakompaniyasidan sanksiyalarni yechishni taklif qilgan. Mazkur taklif Vashington bilan Ar-Riyodda o‘tkazilgan uchrashuvda bildirilgan. «Amerikaliklar buni qabul qildi, ammo hozircha hech qanday qadamlarni ko‘rmadik», — deydi Lavrov.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida «Rostex» davlat korporatsiyasi rahbari Sergey Chemezov yaqin yillarda Rossiya aviakompaniyalari parklarda qolgan kamida 200 ta xorijiy samolyotni hisobdan chiqarishga majbur bo‘lishini aytgandi. Sanksiyalar tufayli ular rasmiy xizmat ko‘rsatish va original ehtiyot qismlar yetkazib berilishidan uzilgan. Chemezovning qayd etishicha, bu samolyotlar 2030 yilgacha ekspluatatsiyadan chiqarilib, mahalliy muqobillar bilan almashtirilishi kerak.