Jahon | 15:04 / 14.04.2025
17935
5 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Rossiya elchisidan Moskvadagi fuqarolari tahqirlangani yuzasidan izoh talab qildi

Foto: Qirg‘iziston TIV

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Sergey Vakunovni chaqirtirib, Moskvadagi «Bodrost» hammomida Qirg‘iziston fuqarolariga qarshi o‘tkazilgan reyd yuzasidan izoh so‘radi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya elchisiga hammomda o‘tkazilgan amaliyotning huquqiy asoslari haqida ma’lumot berish, shuningdek, qo‘lga olingan fuqarolarga nisbatan kuch ishlatish sabablarini tushuntirish so‘ralgan rasmiy nota topshirilgan. Asossiz kuch ishlatish choralari qo‘llangani tasdiqlangan taqdirda huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan chora ko‘rish talab qilingan.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va bundan buyon Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik hamda strategik sheriklik munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish so‘ralgan.

11 aprelga o‘tar kechasi Moskvadagi asosan qirg‘izistonliklar boradigan «Bodrost» hammomida reyd o‘tkazilgan, Qirg‘iziston fuqarolari ommaviy hibsga olingan va ularga nisbatan kuch ishlatilgandi.

Facebook’da Mirjan Balibayev ismli foydalanuvchi o‘zi guvoh bo‘lgan voqea haqida hikoya qilib bergan.

«Insonlar ishdan keyin dam olish uchun hammomga kelgan edi. Ammo bug‘lanish va cho‘milish o‘rniga — OMON bosqiniga duchor bo‘lishdi. Baqir-chaqir, ur kaltak-sur kaltak, hammani yuztuban yerga yotqizishdi, hayvonlardek. Ko‘pchiligining tanasida katta-katta ko‘karishlar, qora dog‘lar bor. Bu tekshiruv emas – bu qiynoq», – deb yozgan u va o‘z sahifasida hammomdagi OMON bosqini videosini ham joylashtirgan.

Xabarlarga ko‘ra, reydga go‘yoki hammom ma’muriyati mahalliy aholini cho‘milishga kiritmayotgani sabab bo‘lgan.

Ulysmedia.kz ma’lumotlariga ko‘ra, hammomda Qirg‘izistonning 60 ga yaqin fuqarosi bo‘lgan. Reyd davomida politsiyachilar yig‘ilganlarni kaltaklagan. Moskvada taksichilik bilan shug‘ullanuvchi Alixan ismli shaxs 10 aprel kuni kechqurun tog‘asi va amakivachchasi bilan hammomga borgani, taxminan yarim soatlardan so‘ng eshik buzilgani va vahima boshlanganini aytib bergan.

«Odamlar vahimaga tushib qocha boshlashdi. Biz ham qochmoqchi bo‘ldik, lekin hech kimni qo‘yib yuborishmadi. Keyin hammani kaltaklay boshlashdi. Kim urayotgani ham tushunarsiz – ko‘rib bo‘lmasdi. Bosh ko‘tarishga qo‘yishmaydi. Ularning qo‘llarida tayoq va elektroshokerlar bor edi. Hammani oshxonaga haydashdi. Kuchli erkaklarni ajratib, kuchsizroq yoki ozg‘inroq ko‘ringanlarini bir xonada qoldirishdi. Soqoli borlarni alohida olib ketishdi. Bir erkakning soqolini shu yerning o‘zida olib tashlashdi. U qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganida, yuziga urishdi. Bizni nima uchun urishayotganini tushunmasdik – hech kim hujjat so‘ramasdi. Bir kishi o‘rnidan turib, buning sababi nima, deb so‘radi, unga „Siz bizga yoqmayapsiz“ deb javob qaytarishdi», – deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, besh soatdan keyingina voqea joyiga politsiyaning katta xodimlari yetib kelgan.

Bu haqda xabar bergan Jogorku Kenesh deputati Janar Akayev Facebook ijtimoiy tarmog‘ida voqea joyida olingan video va fotolarni bo‘lishgan.

«Vatandoshlar, Moskvada qirg‘izistonlik tadbirkorning hammomiga OMON bilan birga katta guruh bostirib kirib, yurtdoshlarimizni vahshiylarcha kaltaklagani aqlga sig‘adimi?! Hokimiyat, TIV, elchixonalar reaksiyasi qani? Yaqinda ular boshqa qirg‘izistonlik tadbirkorning binosiga bostirib kirib, odamlarni jinoiy to‘dalar yoki terrorchilardan ham yomonroq kaltaklashgan edi. Biz YeOII a’zosimiz, ittifoqchilarmiz, strategik hamkorlarmiz va yuzlab vatandoshlarimizni kaltaklashga yo‘l qo‘yib, jim turamizmi?» – deb yozgan deputat.

U jamiyat ushbu ish bo‘yicha ma’lumot olishi va aybdorlar jazolanishi kerakligini qayd etgandi.

Mavzuga oid