Jahon | 19:11 / 13.04.2025
3315
3 daqiqa o‘qiladi

CNN Turk: Rossiya va Ukraina 15-16 aprel kunlari Anqarada muzokaralar o‘tkazadi

Turkiya Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi shtabida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Qora dengizdagi xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi.

Foto: serbestiyet.com

Rossiya va Ukraina rasmiylari 15-16 aprel kunlari Qora dengizdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Uchrashuv Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda CNN Turk.

Uchrashuvda aynan kimlar ishtirok etishi va u to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita o‘tkazilishiga aniqlik kiritilmagan. Moskva va Kiyev o‘z vakillarining mazkur uchrashuvda ishtirok etishini hozircha rasman tasdiqlamadi. Yil boshidan beri tomonlar vositachilar orqali muzokaralar o‘tkazib kelmoqda.

O‘z navbatida Turkiya Milliy mudofaa vazirligi 15–16 aprel kunlari Anqarada Qora dengizdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning harbiy vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilishini ma’lum qildi. Biroq uchrashuvda ishtirok etadigan davlatlar ro‘yxati oshkor etilmadi.

«Rossiya va Ukraina o‘rtasida ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish sharoitida Qora dengiz xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv Turkiya Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi shtabida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy davlatlarning harbiy vakillari ishtirok etadi va Qora dengizda tinchlikni saqlash bo‘yicha harbiy-dengiz rejalashtirishning turli jihatlari muhokama qilinadi», — deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

AQSh vakillari 23-25 mart kunlari Saudiya Arabistonida Rossiya va Ukriana delegatsiyalari bilan alohida-alohida muzokaralar o‘tkazgan edi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha AQSh urushayotgan tomonlar Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qilgan.

Ammo Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportchilaridan sanksiyalar olib tashlansa va «Rosselxozbank» SWIFT tizimiga ulansagina, bunga rozi bo‘lishini bildirgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunga izoh berarkan, RF vakillari «allaqachon manipulyatsiya qilishni boshlaganini» ma’lum qilgandi. AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ma’muriyati Kreml tomonidan ilgari surilayotgan shartlarni o‘rganib chiqayotganini aytgan.

Mavzuga oid