Jahon | 11:13 / 11.04.2025
1910
4 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Putin ustidan tribunalni qo‘llab-quvvatladi

Buyuk Britaniya Vladimir Putin ustidan xalqaro tribunal tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash niyatida. Bu tashabbus Nyurnberg sud jarayoni namunasiga asoslangan bo‘lib, AQSh prezidenti Donald Tramp qarshiligiga qaramasdan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: landmarkscout.com

Bu haqda The Telegraph nashri o‘z manbalariga tayangan holda xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, London allaqachon may oyida Yevropa Kengashida Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi uchun harbiy-siyosiy rahbariyatini javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilmoqchi. Tashabbus Ikkinchi jahon urushidan so‘ng nemis natsist jinoyatchilarni sud qilgan Nyurnberg tribunaliga o‘xshash maxsus xalqaro sud tashkil etilishini nazarda tutadi.

Britaniyaning ushbu qo‘llab-quvvatlovi London universitet kollejidagi Xalqaro sudlar va tribunallar markazi direktori Filipp Sends tomonidan olib borilgan faol lobbistlik natijasidir. The Telegraphʼning yozishicha, u noyabr oyida AQShda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Buyuk Britaniyaning bosh prokurori Richard Hermer bilan uchrashib, shunday sud yaratish istiqbollarini muhokama qilgan.

Ushbu tashabbusni Leyboristlar partiyasidan bo‘lgan sobiq bosh vazir Gordon Braun va Konservativlar partiyasidagi qator sobiq vazirlar ham qo‘llab-quvvatlagan.

«Ukraina doimo Rossiyaning noqonuniy urushni boshlash qarori uchun javobgarlik masalasini ko‘tarib kelmoqda va Buyuk Britaniya bu chaqiriqni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab keladi. Jahon hamjamiyati agressiya akti uchun jazo ta’minlanishini istayapti. AQShning pozitsiyasi esa uning ichki ishidir», — deya keltirmoqda nashr Britaniya hukumatidagi manbalari so‘zlarini.

Amaldagi Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning do‘sti Filipp Sends agressiya jinoyatlari uchun alohida sud tashkil etish g‘oyasini ilk ilgari surganlardan biri. BMT ta’rifiga ko‘ra, agressiya — bir davlatning boshqa davlat hududiga qurolli hujumi, shu jumladan, bosqin yoki harbiy okkupatsiya kabi harakatlardir. G‘arbning qator davlatlari, jumladan Britaniya, Rossiya rahbariyatini aynan urushni boshlash siyosiy qarori uchun sud qilish kerak, deb hisoblaydi. Ular faqat harbiy jinoyatlarni tergov qilish bilan cheklanib qolishni istamaydi.

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Ukraina kontekstidagi agressiya jinoyatlarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega emas. Bu haqda avvalroq Ukraina sobiq tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bayonot bergan. Bundan tashqari, The Telegraphʼning ta’kidlashicha, XJSni Rossiya ham, Amerika Qo‘shma Shtatlari ham rasman tan olmagan.

Agressiya jinoyati bo‘yicha alohida sud yaratish g‘oyasi ilk bor 2022 yili Buyuk Britaniya tomonidan ko‘tarilgan. O‘shanda Ukraina rahbariyati va Jo Bayden ma’muriyati bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, moliyaviy yordam ajratgan va amerikalik prokurorlarni tashkilotchilik ishlariga jalb etgan edi.

Biroq Donald Tramp Oq uyga qaytgandan so‘ng AQSh bu tashabbusda ishtirokini to‘xtatdi. Mart oyida Vashington Agressiya jinoyatlarini tergov qilish xalqaro markazi (ICPA)dan chiqishini e’lon qildi. Ushbu markaz tribunal tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirib kelayotgan edi.

Mavzuga oid