Germaniyada O‘zbekistondan mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha memorandum imzolandi
Mamlakatning Berlindagi elchixonasida Germaniya mehnat bozoriga O‘zbekistondan mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan uch tomonlama anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA
Unda "Mikrokreditbank" Aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi Orif Bo‘tayev, International People IP GMbH and Co.KG kompaniyasi rahbari Tomas Fyorster boshchiligidagi delegatsiya, diplomatlar, shuningdek, onlayn tarzda German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkilotining O‘zbekistondagi rahbari Manfred Vangler ishtirok etdi.
Imzolangan memorandumga ko‘ra, nemis tomoni mutaxassislarni gastronomiya, oziq-ovqat logistikasi, logistika va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash sanoati sohalarida Germaniya korxonalarida ishlashga tayyorlash uchun dual kasbiy ta’lim o‘quv yurtlarida o‘qish jarayonini yengillashtirish maqsadida til kurslari taklif etadi. Shuningdek, saralangan mutaxassislarga viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish, Germaniyada kutib olish, ish va yashash joylari bilan ta’minlash va ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarida yaqindan yordam beradi.
"Toshkent shahrida kompaniyamizning International People Education GmbH til o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi. Hozirgi kunda o‘quv markazida nemis tili bilim darajasini aniqlash bo‘yicha xalqaro til sertifikatlari olish uchun mo‘ljallangan til kurslari hamda kasbga yo‘naltirilgan maxsus til kurslariga qatnashish imkoniyati mavjud", dedi o‘quv markazi rahbari Akbar Faxriyev.
Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Inklyuziv dual ta’lim markazi International People IP GmbH and Co. KG bilan hamkorlikda ochildi.
Nemis kompaniyasi delegatsiyasining joriy aprel oyida O‘zbekistonga safari, German Sparkassenstiftung for International Cooperation vakolatxonasi va "Mikrokreditbank" bilan birgalikda amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqishi kutilmoqda.
Mavzuga oid

13:39 / 11.04.2025
Yetakchi institutlar Germaniyaning iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi

21:33 / 09.04.2025
Germaniyada mamlakat fuqaroligini uch yil ichida olish imkoniyati bekor qilinadi

10:40 / 08.04.2025
Germaniyaning AQShga eksporti yangi tariflar tufayli 15 foizga qisqaradi

17:31 / 07.04.2025