Iqtisodiyot | 16:01 / 04.04.2025
4859
4 daqiqa o‘qiladi

«Yangi investitsiya va eksport kengayishi uchun yaxshi imkoniyat» – Azizbek Urunov AQSh bojlari haqida fikr bildirdi

O‘zbekiston prezidentining JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov «JST halok bo‘ldi» va «O‘zbekiston uchun eksport imkoniyatlari yopiq» degan fikrga qo‘shilmaydi. «AQSh bojlarida O‘zbekiston qiyosiy ustunlikka ega tarmoqlarning rivojlanishiga imkoniyatni ko‘rish mumkin» deya yozdi u.

Foto: EUROUZ

O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov AQSh tomonidan keng ko‘lamli bojlar joriy etilishiga nisbatan o‘z fikrlarini bildirdi.

Import bojlari 3 ta toifaga ajratilgan:

1. AQSh savdo balansida profitsitga ega mamlakatlardan (100 dan ortiq, shu jumladan O‘zbekiston ham) importga qo‘shimcha 10 foiz import boji o‘rnatilgan.

2. AQSh tashqi savdo balansida yirik defitsit mavjud mamlakatlar (57 ta mamlakat) bilan turli oshirilgan stavkalarda (10 foizdan balandroq) bojlar o‘rnatilgan.

3. AQSh iqtisodiyotida muhim deb topilgan mahsulotlar (avtomobil, uning ehtiyot qismlari, po‘lat va alyumin) importi uchun alohida oshirilgan bojlar.

Urunovning fikricha, AQSh tomonidan JST doirasida yo‘lga qo‘yilgan bojlardan balandroq bojlarni bir tomonlama kiritish ko‘p tomonlama savdo tizimi qoidalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Shu bilan birga, AQSh ushbu bojlarni JSTning ayrim a’zolari – yirik eksportyor mamlakatlarga javob chorasi sifatida kiritganini ta’kidlaydi (AQShning fikricha, ko‘pgina mamlakatlar JST qoidasiga zid ravishda turli xil notarif va subsidiya choralari orqali adolatli savdo tizimini inqirozga olib kelgan, JST doirasida islohotlar va oldinga ildamlash kun tartibida umuman kelishuv mavjud emas).

Azizbek Urunov blogerlar tomonidan aytilayotgan «JST halok bo‘ldi» va «O‘zbekiston uchun eksport imkoniyatlari yopiq» degan fikrga qo‘shilmaydi.

«Birinchidan, bugungi kunda, AQShga O‘zbekiston eksportining deyarli 1 foizi to‘g‘ri keladi. Mis eksporti misolida ko‘rsak ham, ushbu xomashyo asosan Yevrosiyo hududidagi mamlakatlarga (Turkiya, Xitoy va hakozo) yo‘naltiriladi. Agar misni qazib olish sezilarli oshgan taqdirda ham, bugungi kunda 1 dollar eksport mavjud bo‘lmagan BAAning ikkita yirik ishlab chiqaruvchisi ehtiyojining o‘zi 300 ming tonnadan oshadi. Bizning manfaatimiz misni xomashyo sifatida sotish emas, balki mamlakat ichkarisida qo‘shilgan qiymat yaratish (shu sababdan joriy yilning 14 mart kuni davlat rahbari farmoni bilan mis eksportiga 10 foiz boj kiritildi).

Ikkinchidan, AQSh kiritgan bojlarda O‘zbekiston qiyosiy ustunlikka ega tarmoqlar, xususan, to‘qimachilik va kiyim-kechak ishlab chiqarishning rivojlanishiga imkoniyat ko‘rish mumkin. Chunki asosiy global ishlab chiqaruvchilarga O‘zbekistonga nisbatan sezilarli hisobda balandroq bojlar kiritilmoqda, jumladan Xitoyga – 34 foiz, Vetnam - 46 foiz, Tailand - 36 foiz, Hindiston - 26 foiz, Bangladesh - 37 foiz, Pokiston - 29 foiz. Bu o‘z navbatida yangi investitsiya va eksport kengayishi uchun yaxshi imkoniyat.

Uchinchidan, global savdo tizimida AQShning ulushi sezilarli (8,5 foiz) bo‘lsa ham, qolgan 90 foizga ega mamlakatlar JSTga sodiq.

AQSh yondashuvi ham JSTni inqirozga olib kelish emas, balki o‘z ta’sir doirasi orqali isloh qilishga undash», — dedi u.

Azizbek Urunovning xulosa qilishicha, har bir muammo yangi imkoniyat yaratadi, shundan oqilona foydalanish asosiy vazifa.

Mavzuga oid