Sport | 12:16 / 04.04.2025
13646
3 daqiqa o‘qiladi

Mo‘ydinxo‘jayev va Xoldorov jahon kubogini chorakfinaldayoq tark etdi

Madiyar Daniyarov yarimfinalda yutqazib, bronza bilan kifoyalandi. Hozircha O‘zbekiston jamoasining to‘rt nafar vakili finalga chiqqan, yana uch bokschi yarimfinal janglarini bugun o‘tkazadi.

31 mart kuni (Toshkent vaqti bilan 1 aprel) Braziliyada boks bo‘yicha jahon kubogi start oldi. Unda To‘lqin Qilichev boshchiligidagi O‘zbekiston jamoasi 10 ta vazn toifasida ishtirok etmoqda.

Musobaqaning dastlabki kunida O‘zbekistonning uch nafar vakili – Mirazizbek Mirzaxalilov (-55 kg), Iqboljon Xoldorov (-70 kg) va Javohir Ummataliyev (-80 kg) saralash bosqichida ringga ko‘tarilishdi hamda mos ravishda Shvetsiya, Polsha va Italiya vakillarini mag‘lub etib, chorakfinalga chiqishdi.

Ikkinchi kun dasturida Madiyar Daniyarov (-60 kg), Asilbek Jalilov (-50 kg) va Akmaljon Isroilov (-85 kg) ham saralash janglarida mos ravishda Italiya Qozog‘iston va Shveytsariya vakillaridan ustun kelishdi.

2 aprel kuni Mirazizbek Mirzaxalilov turnirdagi ikkinchi jangini polshalik Nikolas Pavlikka qarshi o‘tkazib, yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozondi va yarimfinalga yo‘l oldi.

Iqboljon Xoldorov turnirdagi ikkinchi bahsida angliyalik Odel Kamaraga qarshi bahs olib borib, hakamlarning qarorlariga ko‘ra mag‘lub bo‘ldi.

Iqboljon Xoldorov

-65 kg vazn toifasi vakili, Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev turnirdagi ishtirokini chorakfinaldan boshladi, ammo ilk jangdayoq mezbonlar vakili Yuri Reysga yutqazdi.

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev

Javohir Ummataliyev esa navbatdagi raqibi, amerikalik Robbi Gonsalesdan ham ustun keldi.

3 aprel kuni O‘zbekistonning uchinchi vakili ham turnirdagi ishtirokini erta yakunladi – Madiyar Daniyarov (-60 kg) yarimfinalda braziliyalik Luiz Oliveyraga yutqazdi va bronza bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Madiyar Daniyarov

O‘z navbatida, To‘rabek Habibullayev (-90 kg) hindistonlik Vishalni, Asilbek Jalilov (-50 kg) hindistonlik Jadumani Mandengbamni, Fazliddin Erkinboyev (-75 kg) polshalik Mixal Yarlinskini, Jahongir Zokirov (+90 kg) qozog‘istonlik Daniyal Saparbayni mag‘lubiyatga uchratdi va finalga yo‘l olishdi.

4 aprel kuni yana 3 nafar o‘zbekistonlik bokschi final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi: 

-55 kg: Miraziz Mirzaxalilov —Jose Felipe (Gvatemala) 

-80 kg: Javohir Ummataliyev — Dias Moljigitov (Qozog‘iston) 

-85 kg: Akmaljon Isroilov — Yakub Strashevski (Polsha).

Mavzuga oid