Marin Le Pen 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Shuningdek, u 100 ming yevro miqdorida jarima ham to‘laydi va 2027 yili Fransiyada o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlarida ishtirok eta olmaydi.

Foto: AP
Parij sudi Fransiyaning o‘ta o‘ng «Milliy birlashuv» (sobiq «Milliy front») partiyasi yetakchisi Marin Le Penni Yevroparlament mablag‘larini noto‘g‘ri sarflash ishi bo‘yicha aybdor deb topdi, deb xabar beradi BFMTV.
Sud hukmi bilan Le Penga to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi (ikki yil uy qamog‘ida va ikki yil shartli qamoq jazosi). Shuningdek, unga besh yil davomida hokimiyat organlariga saylanish taqiqlandi. Shunday qilib, Le Pen 2027 yilda o‘tkaziladigan prezident saylovlarida qatnasha olmaydi.
Bundan tashqari, Le Pen 100 ming yevro miqdorida jarima ham to‘lashi kerak. Siyosatchi hukm e’lon qilinishini kutmasdan sud zalini tark etgan.
«Milliy birlashuv»dan Yevroparlamentga saylangan yana sakkiz nafar deputat, shuningdek, 12 nafar parlament yordamchisi ham mazkur ish bo‘yicha aybdor deb topildi. Ish hujjatlariga ko‘ra, ayblanuvchilarning harakatlari natijasida yetkazilgan umumiy zarar 2,9 million yevroni tashkil etmoqda.
Parij jinoiy sudida Marin Le Pen boshchiligidagi «Milliy birlashuv» rahbariyatiga nisbatan sud jarayoni 30 sentabrda boshlangan edi. Le Pen va boshqa 20 dan ortiq partiya vakillari Yevropa Ittifoqi mablag‘larini o‘zlashtirganlikda va Yevroparlament deputatlarining yordamchilarini soxta yollash orqali partiyani yashirincha moliyalashtirganlikda ayblangan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, «Milliy birlashuv»dan Yevroparlament deputatlariga yordamchi sifatida yollangan odamlar aslida Yevropa Ittifoqidagi o‘z vakillari uchun emas, balki shaxsan Le Pen yoki uning partiyasi uchun ishlagan. Shunday qilib, «yordamchilari»dan biri — Terri Lege partiya asoschisi Jan-Mari Le Penning qariyb yigirma yil davomida qo‘riqchisi bo‘lgan, keyinroq Marin Le Penning tansoqchisiga aylangan.
Mavzuga oid

21:07 / 01.04.2025
O‘zbekiston vakili Fransiyaning «San’at va adabiyot» ordeni bilan taqdirlandi

18:22 / 01.04.2025
Marin Le Pen qamoqqa hukm qilindi

11:33 / 01.04.2025
Le Pen Fransiya prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yishga va’da berdi

21:00 / 31.03.2025