Jahon | 00:16 / 29.03.2025
5237
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh harbiylar uchun miya implantlari ustida ish olib bormoqda

Miyaga o‘rnatiladigan bu kabi implantlar tez orada ommalashib ketishi kutilmoqda. Nazariy jihatdan, ular askarning jangovar topshiriqni bajarishidan oldingi qo‘rquvini «o‘chirib qo‘yishi» mumkin.

Foto: U.S. Air Force

Amerikalik harbiylar 2030 yilga borib, AQSh Qurolli kuchlari turli harbiy maqsadlar yo‘lida miya implantlaridan ommaviy foydalanishni boshlashini ma’lum qildi.

Dastlab harbiylar implantlarni bionik protezlarni boshqarish maqsadida sinab ko‘rgan. Ushbu texnologiyaning rivojlanishi jarohat olgan harbiy xizmatchilar reabilitatsiyasini tezlashtirishga va hatto ularning bioprotezlar bilan safga qaytishiga yordam bergan.

Shunday tajribalardan birida harbiy gospitaldagi bemor miya implantlari orqali harbiy aviatsiya simulyatoriga ulangan. Bir nechta mashg‘ulotlardan so‘ng, u tajriba doirasida samolyotni havoga ko‘tarish va qo‘ndirishni muvaffaqiyatli amalga oshira olgan.

2013 yilda AQSh Mudofaa vazirligining istiqbolli tadqiqotlar boshqarmasi (DARPA) tomonidan «Faol xotirani tiklash» nomli dastur ishga tushirilgan. Uning maqsadi «bosh miya jarohati yoki kasallik oqibatida xotira bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan harbiy xizmatchilarda normal xotira funksiyasini tiklay oladigan to‘liq implantatsiyalanuvchi, yopiq neyron interfeysini ishlab chiqish» bo‘lgan.

2018 yilda DARPA Wake Forest Baptist Medical Center Tibbiyot markazi va Janubiy Kaliforniya universiteti olimlari bilan hamkorlikda epilepsiyadan davolanayotgan ko‘ngilli bemorlarga implantlar o‘rnatish ustida ishlayotganini e’lon qilgan. Tajriba davomida bu implantlar xotiraning tabiiy funksiyasini rag‘batlantirishi, shuningdek, bemorlarning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. O‘shanda implantlardan stress, charchoq va posttravmatik asoratlar bilan kurashishda foydalanish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Nazariy jihatdan, askarning jangovar topshiriqni bajarishidan oldingi qo‘rquvi «o‘chirib qo‘yilishi» mumkin.

2019 yilda AQSh Qurolli kuchlari Jangovar salohiyatni rivojlantirish qo‘mondonligi hisobotida miya faoliyatini yaxshilashga qaratilgan texnologiyalar, ayniqsa, implantatlar 2030 yilga borib odatiy holga aylanishi mumkinligi taxmin qilingan.

Bunday texnologiyalarni amaliyotda qo‘llashga eng yaqin kelgan soha — AQSh Harbiy-havo kuchlari hisoblanadi. Ular hozirning o‘zida uchuvchilarni tayyorlash jarayonida miya stimulyatsiyasi tizimlaridan foydalanmoqda. Ammo hozircha stimulyatsiya kursantning boshiga joylashtirilgan elektrodlar orqali amalga oshirilmoqda.

Uchuvchilardan, ayniqsa, qiruvchi samolyotlarni boshqaruvchi uchuvchilardan juda tez reaksiya talab etiladi. Neyroimplantlar esa istiqbolda, ularning reaksiyasi tezligini yanada yaxshilashga hamda bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish apparatlarini boshqarishga yordam berishi mumkin.

Mavzuga oid